July 20

"Bugunning tadbirkor ayoli" – ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam

"Tadbirkor ayol" Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Qashqadaryo viloyati va G‘uzor tumani bo‘limlari, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati kengashi, G‘uzor tumani xalq deputatlari Kengashi hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ hamkorligida majmuada "Bugunning tadbirkor ayoli" mavzusida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda hunarmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Xotin-qizlar va gender masalalari bo‘limi boshlig‘i Dinara Osimova kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda oilaviy biznesni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir doirasida majmua hunarmand xotin-qizlari tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilib, ishtirokchilarga ularning ijodiy ishlari namoyish etildi.

"Tadbirkor ayol" Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limi rahbari Oynisa Ochilova "Bugunning tadbirkor ayoli" mavzusida ma'ruza qilib, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, hunarmandchilikni rivojlantirish va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Xalq banki Qashqadaryo viloyati mintaqaviy markazi boshliq o‘rinbosari hamda ayollar va oilaviy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatchi Xurshida Karomova bank tomonidan xotin-qizlar uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berdi.

Shuningdek, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyati kengashi Ayollar muammolarini o‘rganish va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Zulxumor Shomamatova ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning bugungi istiqbollari xususida fikr bildirdi. Xalq deputatlari G‘uzor tumani Kengashi raisi Qunduz Jo‘mayeva esa xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan davlat siyosati haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida "Ishbilarmon ayol – 2025" hududiy respublika bosqichi g‘olibi, "Sunbula" o‘quv markazi rahbari Dilafro‘z Muhammadieva ishtirokchilar uchun tadbirkorlik mahorat darsini o‘tkazib, biznesni yo‘lga qo‘yish, uni rivojlantirish va muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. "Tadbirkor ayol" ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi G‘uzor tumani bo‘limi raisi Zulxumor Jabborova esa "Ayollar tadbirkorligi – yurt farovonligi" mavzusida ma'ruza qilib, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi jamiyat taraqqiyotidagi muhim omillardan biri ekanini ta'kidladi.

Seminar yakunida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ hunarmand ayollari faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng mehmonlar majmuaning Tarix muzeyiga tashrif buyurib, korxonaning shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda bugungi ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|