“Zakovat Quiz” — yoshlarning bilim va tafakkur bellashuvi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Zakovat Quiz” intellektual bellashuvi tashkil etildi.
Mazkur bellashuvda majmuaning turli tsex, xizmat va bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislardan iborat 13 ta jamoa ishtirok etib, o‘z bilim va tafakkurlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Bellashuv davomida ishtirokchilarga turli sohalarni qamrab olgan mantiqiy hamda qiziqarli savollar taqdim etildi. Savollarga javob izlash jarayonida jamoalar o‘zlarining keng dunyoqarashi, tezkor fikrlash qobiliyati hamda jamoaviy hamkorlik madaniyatini namoyon etdilar. Har bir savol ustida kechgan muhokamalar esa musobaqaga yanada qiziqarli va murosasiz ruh bag‘ishladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib va sovrindor deb topildi:
1-o‘rin — “AKT” jamoasi,
2-o‘rin — “SPECIAL” jamoasi,
3-o‘rin — “ENERGY” jamoasi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda bestseller kitoblar bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, bunday intellektual bellashuvlarning muntazam o‘tkazib borilishi yoshlarni o‘z ustida izchil ishlashga undab, ularning tafakkurini rivojlantirish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Zakovat Quiz” intellektual bellashuvidan (Fotolavhalar)