September 3

Manzil sari ilk qadam: bir suratda muhrlangan tarix

Ushbu eski suratga boqar ekanman, qalbimni cheksiz faxr va sog‘inch tuyg‘ulari qamrab oladi. Nigohimizdagi quvonch va ko‘zlarimizdagi chaqnoq bejiz emas. Bu oddiy ish kunida olingan surat emas. Bu — yillar davomidagi uyqusiz kechalar, mashaqqatli mehnat va ulkan orzularning mevasidir.

Suratda “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ning temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati jamoasi hamda “Uzbekneftegaz” ramzi tushirilgan, suyultirilgan gaz mahsuloti ortilgan sisternalardan biri aks etgan. “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ga tegishli TEM2-1933 rusumli teplovoz ustida va uning atrofida turgan qahramonlarimiz — cho‘l bag‘rida yangi sanoat tarixini yaratgan jonkuyar insonlardir.

Biz o‘sha kuni nafaqat mahsulotni manzil sari kuzatayotgan edik, balki “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ning kelajakdagi buyuk parvoziga poydevor qo‘yayotgan edik.

Bugun majmuamiz 25 yoshga to‘ldi. Mana shu chorak asrlik yo‘lning boshlanishida turish va tarixning bir bo‘lagi bo‘lish — men uchun eng oliy baxt. Suratdagi har bir siymo, har bir chiziq bizga o‘zligimizni, mehnatning qadrini va ahil jamoaning kuchini eslatib turadi.

25 yillik bayraming muborak bo‘lsin, qadrdon majmuam!

JOVLIYEV ERGASH QURBONALIYEVICH

Temir yoʻl transporti bilan taʼminlash xizmati Xizmat boshligʻi

Tanlov g'olibni samimiy muborakbod etamiz va ijodiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaymiz!

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|