November 10

"Shurtan GKM" MCHJda turdosh korxona yoshlari uchun ekskursiya tashkil etildi

2025-yil 5–6-noyabr kunlari “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar o‘rtasida o‘zaro fikr va tajriba almashishni ta’minlash, shuningdek, yosh mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJga ekskursiya tashkil etildi.

Dastlab, mehmonlar uchun tegishli mutaxassislar tomonidan texnika xavfsizligi qoidalari hamda yo‘riqnomalar bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, yosh mutaxassislar “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Majmuadagi zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan qurilmalar va uskunalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular o‘zlariga hamrohlik qilgan mutaxassislar orqali o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

Ekskursiya davomida tadbir ishtirokchilari majmua ishchilar shaharchasida bo‘lib, xodimlar uchun yaratilgan qulay mehnat va yashash sharoitlari bilan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar majmua tarixiy muzeyi hamda majmuaga qarashli suv omborida ham bo‘lishdi.

Bunday ekskursiyalar nafaqat ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi, balki “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi yosh mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Tajriba almashish va o‘zaro fikr yuritish jarayonlari kelajak avlod uchun mustahkam poydevor bo‘lib, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bunday tashabbuslar neft-gaz sohasida yetuk kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shishi tayin.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|