July 14

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda yoshlar siyosati doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar

Joriy yilning birinchi yarim yilligida yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan 20 dan ortiq yirik tadbir va loyihalar amalga oshirildi.

Avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, fevral oyida Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, aprel oyida Sohibqiron Amir Temur tavalludi hamda boshqa muhim sanalar munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijtimoiy so‘rovnomalar va targ‘ibot ishlari tashkil etildi.

Mart oyida yoshlar o‘rtasida “Zakovat Quiz” intellektual musobaqasi o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida tashkil etilgan “Intellektual olimpiada – 2026” musobaqalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida “Zakovat”, “Breyn-ring”, “Shaxsiy o‘yin”, “Erudit kvartet” hamda “Xamsa” yo‘nalishlari bo‘yicha saralash bosqichlari tashkil etilib, majmua yoshlar terma jamoasi shakllantirildi.

Olib borilgan tizimli tayyorgarlik o‘z samarasini berib, natijada Yoshlarimiz Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Breyn-ring” musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, Buxoro shahrida tashkil etilgan “Zakovat” bilimlar bellashuvida esa faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Bugungi kunda majmua yoshlar jamoasi “Intellektual olimpiada – 2026” musobaqasining umumiy reytingida peshqadamlikni saqlab kelmoqda.
Shuningdek, 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan majmuada tashkil etilgan bayram tadbirlari doirasida ham “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilib, yoshlarning bilim va tafakkur salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2 nafar iqtidorli yosh mutaxassisimiz O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Hisobot davrida 5 nafar istiqbolli yosh xodimning lavozimi oshirildi.

Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. 7-may kuni “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etilib, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bundan tashqari, “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etilib, tajribali mutaxassislarning bilim va tajribasini yosh avlodga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ham qator tadbirlar amalga oshirildi. Mart oyida umumxalq xayriya hashari doirasida majmua hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilib, unda yoshlar faol ishtirok etdi. Axborot texnologiyalariga qiziqadigan yoshlar o‘rtasida Counter-Strike 2 yo‘nalishi bo‘yicha kibersport musobaqasi tashkil etildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy targ‘ibot ishlari muntazam olib borildi hamda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish borasida ham qator tadbirlar tashkil etildi. Xususan, majmuada ishchi-xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha sport musobaqalarida majmua yoshlari faol ishtirok etib, sog‘lom raqobat, jamoaviy hamjihatlik va sport madaniyatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdilar.

Yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik izchil davom ettirildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 282 nafar talaba uchun majmuada amaliyot darslari tashkil etildi. Amaliyot davomida talabalar zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham manzilli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 5 nafar yoshning murojaat va muammolari ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, nikoh to‘yi munosabati bilan 3 nafar yoshga, oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt mablag‘larini ish haqi hisobidan to‘lagan yana 5 nafar yoshga moddiy rag‘batlantirish ko‘rsatildi.

Kelgusida ham davlat yoshlar siyosati doirasidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Jumladan, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini muntazam tashkil etish, “Intellektual olimpiada – 2026”ning navbatdagi bosqichlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, yoshlarning kasbiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini manzilli hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|