“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosari tomonidan ta’mirlash ishlari jarayoni o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari A.Xudoyberganov boshchiligidagi ishchi guruh “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda bo‘lib, majmuada amalga oshirilayotgan rejali joriy ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish jarayonida ta’mirlash ishlariga jalb qilingan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi, ishlab chiqarish maydonlarida tashkil etilgan xavfsizlik choralarining samaradorligi, jalb etilgan maxsus texnikalarning texnik holati hamda ishlarning belgilangan grafik asosida olib borilayotganligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Boshqaruv raisi o‘rinbosari ta’mirlash jarayonlarida ishtirok etayotgan turdosh korxonalardan jalb etilgan ishchi-xodimlar bilan muloqot qilib, ularning mehnat sharoitlari, kayfiyati hamda olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Suhbat davomida ishlarni xavfsiz va sifatli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.
Majmua rahbariyati tomonidan rejali joriy ta’mirlash ishlari tasdiqlangan grafik asosida olib borilayotgani, moddiy-texnika ta’minoti va mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanish orqali amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, majmuaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, energiya samaradorligini oshirish hamda energiya resurslarini tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham o‘rganildi.
O‘rganish ishlari yakunda majmua rahbariyati va mas’ul xodimlarga mavjud ishlarni sifatli hamda belgilangan muddatlarda yakunlash, texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish va ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, tashrif doirasida majmuaning asosiy ishlab chiqarish sexlaridagi gaz kompressorlari hamda bug‘ turbinalari boshqaruv tizimlarini modernizatsiya qilish masalalari yuzasidan “Mitsubishi Heavy Industries Compressor Corporation” (MSO) kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar ham o‘tkazildi. Unda kelgusida hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan modernizatsiya va taʼmirlash ishlari hamda buning uchun zarur bo‘ladigan ehtiyot qismlarni yetkazib berish muddatlari hamda servis xizmatlari masalalari muhokama qilindi.