September 10

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda Integratsiyalashgan boshqaruv tizimining kuzatuv auditi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda xalqaro standartlar talablari asosida joriy etilgan Integratsiyalashgan boshqaruv tizimining kuzatuv auditi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Audit “Management Certification” MChJning xalqaro auditorlari tomonidan o‘tkazilib, unda korxonada ISO 9001:2015 — sifat menejmenti, ISO 14001:2015 — ekologik menejment, ISO 45001:2018 — mehnat xavfsizligi va sog‘liqni saqlash hamda ISO 50001:2018 — energiya menejmenti xalqaro standartlari talablari asosida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.

Kuzatuv auditi davomida Integratsiyalashgan boshqaruv tizimining amaldagi holati, uning samaradorligi, belgilangan talablarning bajarilishi hamda tizimni doimiy takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.

Audit natijalari korxonada xalqaro standartlar talablariga muvofiq boshqaruv tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatdi. Xususan, majmuada ishlab chiqarish jarayonlarida sifatni ta’minlash, ekologik xavfsizlikni mustahkamlash, xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Integratsiyalashgan boshqaruv tizimi korxonamiz faoliyatining muhim yo‘nalishlarini yagona tizim asosida boshqarish va xalqaro talablar asosida takomillashtirish imkonini bermoqda. Kuzatuv auditining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bu boradagi ishlarimizning muntazam davom etayotganini tasdiqlaydi, — deydi Integratsiyalashgan boshqaruv tizimi bo‘yicha rahbariyat vakili, majmua bosh direktorining axborot texnologiyalari va sifatni boshqarish bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Kuvatov.

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda Integratsiyalashgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlar talablarini amaliyotga samarali tatbiq etish va xodimlarning bu boradagi bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. Bu esa korxonaning barqaror rivojlanishi va mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun:

ISO 9001:2015 — sifat menejmenti tizimi bo‘lib, mahsulot va xizmatlar sifatini ta’minlash, iste’molchilar talablarini qondirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

ISO 14001:2015 — ekologik menejment tizimi bo‘lib, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, chiqindilarni qisqartirish va ekologik talablarning bajarilishini ta’minlashga qaratilgan.

ISO 45001:2018 — mehnat xavfsizligi va xodimlar salomatligini muhofaza qilish menejmenti tizimi bo‘lib, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi.

ISO 50001:2018 — energiya menejmenti tizimi bo‘lib, energiya resurslaridan samarali foydalanish, energiya sarfini optimallashtirish va energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|