“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ qiyoslash laboratoriyasida davriy baholash ishlari olib borilmoqda
Metrologik izchillikni ta’minlash, o‘lchov natijalarining aniqligi va ishonchliligini baholash maqsadida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM Metrologiya xizmatlarining akkreditatsiyasi bo‘limi baholovchilari tomonidan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ qiyoslash laboratoriyasida davriy baholash ishlari olib borilmoqda.
Baholash jarayonlari O‘zDSt 3444:2020 – Sinov (qiyoslash) laboratoriyalarini akkreditatsiyalashning asosiy talablari asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu standart laboratoriyaning texnik imkoniyatlari, jihozlar holati, o‘lchov natijalarining aniqligi, shuningdek, xodimlarning kasbiy malakasiga qo‘yiladigan mezonlarni belgilaydi.
Baholovchilar laboratoriya faoliyatini sinchiklab o‘rganib, undagi o‘lchov vositalarining holati, qo‘llanilayotgan qiyoslash uslubiyatlarining muhimligi va natijalarning metrologik kuzatuv tizimiga muvofiqligini tahlil qilmoqdalar.
Laboratoriya mutaxassislari baholash jarayonida O‘zDSt 8.083:2018 talablari asosida bosim o‘zgartkichlarni, MI 2653-2001 uslubiyati asosida qarshilik termometrlarini, shuningdek GOST 8.497-83 talablariga muvofiq ampermetrlarni qiyoslash ishlarini amaliy tarzda namoyish etmoqdalar.
Ushbu amaliy mashg‘ulotlar orqali laboratoriya xodimlari o‘zlarining texnik salohiyatini, o‘lchov jarayonlarini aniqlik bilan bajarish ko‘nikmasini va xalqaro metrologik standartlarga muvofiqligini amalda isbotlamoqdalar.
Baholash yakunlari bo‘yicha laboratoriyaning o‘lchov natijalarini xalqaro metrologik tizimlarga izchil bog‘liqligi, o‘lchovlarning aniqlik darajasi hamda ishlab chiqarish jarayonlarida o‘lchash ishonchliligini ta’minlash darajasi baholanadi.
Mazkur baholash ishlari “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda sifat menejmenti tizimini yanada mustahkamlash, mahsulot sifati ustidan nazoratni kuchaytirish va metrologik madaniyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.