MEHNAT FAXRIYLARI UCHUN SAMARQANDGA SAYOHAT TASHKIL ETILDI
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJning 25 yillik yubileyi munosabati bilan majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida uzoq yillar davomida korxona rivojiga munosib hissa qo‘shgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan bir guruh mehnat faxriylari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.
Tarix va ma’naviyat nafasi ufurib turgan Samarqand safari faxriylar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Ular Imom al-Buxoriy ziyoratgohini ziyorat qilib, buyuk alloma xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda, Go‘ri Amir, Bibixonim majmualari hamda Samarqandning beqiyos timsoli bo‘lgan Registon ansambli bilan yaqindan tanishdilar. Safar davomida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi ham ziyorat qilinib, xotirasi yod etildi.
Sayohat davomida faxriylar Samarqandning tarixiy obidalari va ziyoratgohlaridan bahramand bo‘lish bilan birga, o‘zaro samimiy suhbatlar qurib, mehnat yillarini yodga oldilar. Ko‘p yillar davomida majmua taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan insonlar uchun bunday e’tibor va ehtirom, shubhasiz, alohida ahamiyat kasb etadi.
Mehnat faxriylarini qadrlash, ularning fidokorona faoliyatini e’zozlash va ular bilan doimo hamnafas bo‘lish — “Shurtan gaz kimyo majmuasi”da shakllangan ezgu qadriyatlarning yorqin ifodasidir.