May 1

Shurtan gaz kimyo majmuasida 2025-yilda amalga oshirilgan ekologik tadbirlar hamda 2026-yilgi rejalar

2025-yilda Shurtan gaz kimyo majmuasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida bir qator muhim amaliy tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini o‘zgartirish hamda vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 81-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-noyabrdagi 783-sonli qarori ijrosi yuzasidan 2025-yilda majmuaning etilen ishlab chiqarish sexidagi piroliz pechidan atmosfera havosiga tashlanmalarni uzluksiz nazorat qilish uchun avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatildi.

Natijada tashlanmalarni doimiy nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Ushbu stansiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi Yagona geoma’lumotlar bazasiga onlayn tarzda integratsiya qilindi.

Bundan tashqari, oltingugurt olish qurilmasidagi katalizator almashtirilib, atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori belgilangan me’yorga nisbatan 29,88 foizga kamaytirildi.

Majmuada suv resurslarini tejash bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirildi. Xususan, past bosimli bug‘ va bug‘ kondensatini qayta ishlash orqali 25 088 m³, shuningdek, 64 685 m³ tozalangan maishiy oqova suvdan sug‘orish maqsadida foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada ishlab chiqarish jarayonida oqova suvlar miqdori belgilangan me’yorga nisbatan 42,6 foizga kamaytirildi.

2025-yilda hosil bo‘lgan sanoat chiqindilarining 92 foizi, ya’ni 1 887 tonnasi qayta ishlashga yo‘naltirildi hamda O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi orqali sotildi. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 5,2 foizga oshdi.

Majmua atrofida barpo etilgan daraxtzorlar maydoni 496 gektarni tashkil etadi. O‘tgan yilda “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida 37 877 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Shuningdek, majmua atrofidagi “yashil belbog‘” hududida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan maydon 255 gektarga yetkazildi. Ushbu ishlarning asosiy maqsadi — suv resurslaridan oqilona foydalanishdir.

2026-yilda ham ekologik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Jumladan, sanoat oqova suvlarini chuqur qayta tozalash orqali sug‘orish maqsadida foydalanishni yo‘lga qo‘yish, suv resurslarini tejash hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida turg‘un manbalarga avtomatik gaz analizatorlarini o‘rnatish ishlari davom ettiriladi.

Bundan tashqari, sanoat chiqindilaridan qayta foydalanish bo‘yicha ilg‘or usullarni ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|