Shurtan gaz kimyo majmuasida amalga oshirilgan joriy ta’mirlash ishlari o‘z yakuniga yetdi va majmua odatiy ish rejimida ishlay boshladi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda reja asosida amalga oshirilgan joriy ta’mirlash ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ta’mirlash doirasida texnologik qurilma va uskunalarda belgilangan profilaktik ta’mirlash hamda modernizatsiya ishlari bajarilib, ishlab chiqarish tizimining ishonchli va barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ayni paytda majmuaning texnologik qurilmalari bosqichma-bosqich ishga tushirilib, barcha ishlab chiqarish jarayonlari belgilangan texnologik me’yorlar asosida odatiy ish rejimida olib borilmoqda. Ta’mirlash ishlari doirasida umumiy rejalashtirilgan 1038 ta chora-tadbirlar bandi bo‘yicha:
• Etilen ishlab chiqarish sexida – 267 ta;
• Polietilen ishlab chiqarish sexida – 100 ta;
• Bug‘ gaz havo ta’minoti sexida – 123 ta;
• Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sexida – 415 ta;
• Elektr ta’minoti sexida – 93 ta;
• Tayyor mahsulotlar va xomashyo sexida – 4 ta;
• Ichki suv ta’minoti sexida – 24 ta;
• Tashqi suv ta’minoti sexida – 5 ta;
• Oqova suvlarni tozalash sexida – 6 ta;
• Metrologiya xizmatida – 1 ta pozitsiyadan iborat ishlar to‘liq yakuniga yetkazildi.
Jumladan, asosiy bajarilgan ishlar:
Etilen ishlab chiqarish sexi bo'yicha:
“BA-1103” piroliz pechi radiant trubalari to‘liq yangisiga almashtirish uchun quvurlar to‘liq demontaj qilinib, yangi trubalar montaj qilindi;
“BA-1101” va “BA-1102” pechlarida texnik ko‘rik o'tkazilib, natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilindi;
Gazlarni ajratish qurilmasidagi “FF-1801A” quritgichda (4Å) seolit hamda pirogazni tayyorlash qurilmasidagi “FF-1201B” quritgichda (3Å) seolit to‘liq tushirilib olindi va yangi seolit yuklandi;
“DA-1702” desorber kolonnasi nasadkalarini to‘liq tushirib, bosim ostida suv bilan yuvib tozalandi va qayta yuklandi.
Polietilen ishlab chiqarish sexi bo'yicha:
“EA-2105” eritma adsorberi isitgichining quvur bog‘lamalarini polimerdan tozalash ishlari olib borildi;
"FA-2123" separatorini ochib, ichki qismini polimerdan tozalash ishlari amalga oshirildi.
Bug‘ gaz havo ta’minoti sexi bo'yicha:
“BA-6101A” va “BA-6101B” yuqori bosimli bug‘ qozonlari navbati bilan ishdan to‘xtatilib, ta’mirlash ishlari olib borildi;
Azot va havo olish qurilmasida “X-3471” turbodetanderi yangisiga almashtirildi;
Majmuani to‘liq to‘xtashi bilan bog‘liq bo'lgan barcha aylanuvchi uskunalarda ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish reglamenti bo‘yicha ta’mirlash ishlari olib borildi.
Boshqa asosiy ishlar doirasida:
68 dona issiqlik almashinish apparatlarining quvur jamlanmalari yuqori bosimli suv yordamida yuvilib, tozalandi va sinash ishlari amalga oshirildi;
165 dona bosim ostida ishlovchi idishlar tashqi va ichki ko‘rikdan o‘tkazildi, shundan 64 donasida suv bilan sinash ishlari bajarildi;
179 dona klapan va berkituvchi armaturalar majmua mexanik ta’mirlash sexida to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, stend sinovlaridan o‘tkazilib, joyiga qayta o‘rnatildi;
81 dona bosimdan himoyalovchi klapan texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, sinovdan o‘tkazildi hamda joyiga o‘rnatildi;
70 dona par turbinalari, kompressor va nasos agregatlari ta’mirlandi.
Ta’mirlash ishlarini sifatli va qisqa muddatlarda bajarish maqsadida jarayonlarga 1000 nafardan ziyod mutaxassis va ishchi-xodimlar hamda 54 dona maxsus texnika jalb etildi. Barcha ishlar xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilgan holda kechayu-kunduz tashkil etildi.
Mutaxassislarning yuqori malakasi, mehnatsevarligi va barcha bo‘linmalarning o‘zaro hamjihatlikdagi harakatlari tufayli rejalashtirilgan ishlar to‘liq bajarilib, ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatda yakunlashga erishildi.
Majmua rahbariyati ta’mirlash ishlari jarayonlarida fidoyilik ko‘rsatgan barcha ishchi-xodimlarga, turdosh korxonalar xodimlariga chin dildan minnatdorchilik bildiradi. Ular tomonidan amalga oshirilgan mehnat va sa’y-harakatlar majmua faoliyatini yanada barqaror va samarali yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.