November 3

Nazariya va amaliyot uyg‘unligi: Gubkin universiteti talabalari «Shurtan gaz kimyo majmuasi»da malaka oshirmoqda

Zamonaviy neft-gaz sanoati uchun raqobatbardosh, yetuk mutaxassislar tayyorlashda ta’lim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uzviy bog‘lash va bo‘lajak muhandislarning kasbiy ko‘nikmalarini real ishlab chiqarish muhitida shakllantirish uchun I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali professor-o‘qituvchilari hamda talabalari «Shurtan gaz kimyo majmuasi» MChJga tashrif buyurdi.

​Mazkur amaliyot bo‘lajak neft-gaz sohasi mutaxassislariga oliy ta’lim muassasasida olgan nazariy bilimlarini bevosita zamonaviy korxona sharoitida mustahkamlash, texnologik jarayonlarni chuqur o‘rganish imkonini bermoqda.

​Tashrif avvalida amaliyotchi talabalar mehnat muhofazasi, sanoat xavfsizligi texnikasi va ichki tartib-qoidalar bilan atroflicha tanishtirilib, maxsus himoya kiyimlari bilan ta’minlandi. Belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilingan holda, talabalar majmuaning asosiy ishlab chiqarish maydonlariga kiritildi.

​Ayni paytda amaliyot jarayonlari reja asosida qizg‘in davom etmoqda. Talabalar, xususan, Tayyor mahsulot va xomashyo sexida smena ishlarida bevosita ishtirok etib, texnologik rejimlar hamda qurilmalarning ishlash tamoyillarini tajribali muhandis-texnik xodimlar nazorati ostida o‘rganmoqdalar. O‘tkazilayotgan muloqotlarda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha kasbiy va texnologik savollarga mutaxassislardan bevosita javob olishmoqda.

​Amaliyot jarayonlari, yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan bevosita tanishish maqsadida filial rahbariyati hamda mas’ullar ham korxonaga tashrif buyurdi. Xususan, I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori, professor Abdulla Magrupov, filialning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mirzaanvar Axmedov hamda «O‘zbekneftgaz» AJ Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – personalni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Elmirza Turdikulovlar amaliyot joylarida bo‘ldilar.

​Tashrif davomida mehmonlar majmua boshqaruv jarayonlarini raqamli monitoring qilish imkonini beruvchi Zamonaviy taqsimlangan boshqaruv tizimi (DCS) markazida bo‘lib, avtomatlashtirilgan jarayonlarni ko‘zdan kechirdilar. Shuningdek, soha uchun yetuk kadrlarni maqsadli tayyorlashga xizmat qilayotgan «Ilg‘or muhandislik maktabi» faoliyati bilan atroflicha tanishdilar.

​Shu bilan birga, talabalarning yashash va dam olish sharoitlari ko‘zdan kechirilib, yotoqxonada yoshlar uchun yaratilgan barcha zarur maishiy va qulay imkoniyatlar yuqori baholandi. Amaliyotchi talabalar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazilib, ularning taassurotlari, takliflari va o‘rganayotgan bilimlari yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.

​Mehmonlar majmuaning ko‘p yillik boy tarixi, erishgan yutuqlari va soha rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini aks ettiruvchi «Shurtan gaz kimyo majmuasi» muzeyida ham bo‘lib, boy ma’lumotlar bilan tanishdilar.

​Uchrashuv va muzokaralar yakunida mehmonlar yosh kadrlarning amaliy ko‘nikmalarini charxlashida yaratib berilgan keng imkoniyatlar, yuqori darajadagi amaliyot bazasi uchun majmua rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.

​Barcha qulayliklar bilan ta’minlangan mazkur ishlab chiqarish amaliyoti hafta yakuniga qadar davom etadi va u bo‘lajak muhandislarning kelgusidagi professional faoliyatida mustahkam amaliy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|