January 5

Shurtan gaz kimyo majmuasida “Dolzarb 100 kunlik” doirasida ustvor vazifalar belgilab olindi

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Boshqaruv apparatida majmuaning 2025-yil yakunlari bo‘yicha yillik faoliyati tahlili, ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilish holati hamda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan e’lon qilingan “Dolzarb 100 kunlik” doirasida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig‘ilishda 2025-yilda majmuaning ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-moliyaviy faoliyati bo'yicha soha mutaxassislari tomonidan tahliliy taqdimot qilindi. Shuningdek, mehnat xavfsizligi, rejali ta’mirlash, yillik xarid ko‘rsatkichlari, qurilish va ta’mirlash ishlari, kadrlar siyosati, mehnat munosabatlariga doir tahliliy-solishtirma ma’lumotlar hamda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.

Shuningdek, "O'zbekneftgaz" AJ tomonidan “Dolzarb 100 kun” doirasida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida bajarish hamda ishlab chiqarish jarayonlari uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha zaruriy kimyoviy reagentlar va materiallar xaridini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, joriy yilning may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish ustuvor vazifalar ekanligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar kengaytirilgan tartibda muhokama etilib, Bosh direktor tomonidan barcha mas’ullarga "Dolzarb 100 kun" doirasida belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash borasida quyidagi topshiriq va ko‘rsatmalar berildi:

  • 2026-yilda Majmuaning barqaror ishlashini ta’minlash va xarajatlarni optimallashtirish ustuvor vazifa etib belgilanadi;
  • Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari belgilangan topshiriq-rejaga nisbatan ortig‘i bilan bajarilishi ta’minlanadi;
  • Qisqa muddatda majmuaning maqbullashtirilgan biznes-rejasi “O‘zbekneftgaz” AJga taqdim etiladi;
  • Majmua faoliyatiga oid bo‘lmagan xarajatlar qisqartiriladi va daromad ko‘rsatkichlari oshiriladi;
  • O‘tgan davrlarda sodir bo‘lgan avariyaviy to‘xtalishlar chuqur tahlil qilinib, kelgusida bunday salbiy holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi;
  • Energotejamkorlik tadbirlari ishlab chiqilib, majmua hududi bo‘ylab energonazorat o‘rnatiladi;
  • Ishlab chiqarish maydonlarida mehnat muhofazasi talablariga to‘liq rioya etilishi, ish joylarining sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, zarur maxsus kiyim-bosh va individual himoya vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash hamda xodimlar uchun xavfsiz va qulay mehnat muhitini shakllantirish choralari kuchaytiriladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|