April 16

“Shurtan GKM” MChJda “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosarlari, maslahatchilari, majmua rahbariyati hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida majmua ishchi-xodimlari uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Mazkur tadbir jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ishchi-xodimlar bilan ochiq va samarali muloqotni kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

Sayyor qabul jarayonida ishchi-xodimlar tomonidan mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish, sog‘liqni tiklash va dam olish imkoniyatlarini oshirish, moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish hamda boshqa dolzarb yo‘nalishlarga oid murojaat, taklif va mulohazalar bildirildi.

Bildirilgan murojaatlarning bir qismi joyida ijobiy hal etilib, ayrim masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi. Chuqur o‘rganishni talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa mas’ul rahbar va mutaxassislarga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar yuklatildi.

Shuningdek, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ularning ijrosini tizimli nazoratga olish, shuningdek, ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqotni yanada mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi.

Sayyor qabul yakunida ko‘tarilgan masalalar ijrosini ta’minlash, belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muntazam axborot berib borish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|