Shurtan gaz kimyo majmuasida texnologik ishonchlilikni oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim loyiha amalga oshirilmoqda
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MChJda ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz va barqaror ishlashini ta'minlash, texnologik ishonchlilikni oshirish hamda uskunalarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday muhim loyihalardan biri majmuaning Polietilen ishlab chiqarish sexi uchun tayyorlangan FA-2123 Polimer separator idishining zavod qabul sinovlari (Factory Acceptance Test – FAT) Xitoy Xalq Respublikasining Shijiazhuang shahrida muvaffaqiyatli o'tkazildi. Sinov jarayonlarida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MChJ mutaxassislari bevosita ishtirok etib, uskunaning texnik ko'rsatkichlari va sifat talablariga muvofiqligini baholadilar.
Mazkur separator majmua ishga tushirilganidan buyon ekspluatatsiya qilinib kelayotgan mavjud uskunani yangisiga almashtirish uchun ishlab chiqarildi. Ko‘p yillik foydalanish davomida separator ichida polimer qoldiqlarining to‘planishi natijasida texnologik ajratish jarayonining samaradorligi pasayib, uskunani muntazam mexanik tozalash zarurati yuzaga kelgan. Yangi separatorning o‘rnatilishi ushbu muammolarni bartaraf etish bilan birga texnologik jarayonning barqarorligi va ishonchliligini yanada oshiradi.
Loyiha "O'zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, reja ko'rsatkichlarining barqaror bajarilishini ta'minlash hamda kutilmagan texnologik to'xtalishlarning oldini olishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Zavod qabul sinovlari davomida separatorning texnik parametrlari, geometrik o'lchamlari, ishlab chiqarishda qo'llanilgan materiallar sifati, payvand choklarining radiografik nazorati hamda gidravlik sinov natijalari loyiha hujjatlari va shartnoma talablariga muvofiq tekshirildi. Yakunda uskunaning barcha ko'rsatkichlari belgilangan texnik talablarga to'liq javob berishi tasdiqlandi.
Sinovlar yakunida buyurtmachi va ishlab chiqaruvchi korxona vakillari tomonidan FAT yakuniy dalolatnomalari imzolandi. Ayni paytda separator korroziyaga qarshi maxsus himoya qoplamasi bilan yakuniy ishlovdan chiqarilib, "Shurtan gaz kimyo majmuasi"ga jo'natish ishlari yakunlandi. Uskunaning yaqin kunlarda majmuaga yetib kelishi kutilmoqda.
Yangi FA-2123 Polimer separatorining ishga tushirilishi polietilen ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta'minlash, uskunalar ishonchliligini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish hamda sanoat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur loyiha ishlab chiqarish aktivlarini modernizatsiya qilish va korxonaning texnologik barqarorligini ta'minlash yo'lida amalga oshirilayotgan izchil ishlarning navbatdagi muhim natijasidir.