BILIMDONLAR MAYDONIDA BELLASHUVLAR O‘ZINING QIZG‘IN PALLASIGA KIRMOQDA
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishchi-xodimlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish hamda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 24-sentabr kuni Majmuaning Ishchilar shaharchasidagi Ma’naviyat markazida o‘tkazilgan “Breyin-ring” intellektual bellashuvi bo‘ldi. Unda Majmuaning turli bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan bilimga chanqoq, izlanuvchan va tashabbuskor ishchi-xodimlardan tarkib topgan to‘rtta jamoa ishtirok etdi. Jumladan, Bug‘ gaz havo ta’minoti sexining yoshlaridan iborat “YOSH ENERGY”, Majmua yoshlarini birlashtirgan “SMART”, Uy-joydan foydalanish xizmati vakillaridan tarkib topgan “SHGKM CITY” hamda yetakchi muhandis-texnologlarni birlashtirgan “TEXNOLOGLAR” jamoalari o‘zaro bilim va zukkoliklarini sinovdan o‘tkazdi.
Bellashuv davomida ishtirokchilarga mantiqiy va ilmiy asoslangan savollar berildi. Savollar ishtirokchilardan keng bilim va teran fikrlash bilan bir qatorda, qisqa vaqt ichida tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy hamjihatlikni namoyon etishni talab qildi. Har bir ochko uchun kechgan qizg‘in bahslar bellashuvga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘zining bilimdonligi, tezkor fikrlashi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etgan “TEXNOLOGLAR” jamoasi eng ko‘p ochko jamg‘arib, raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, muhandis-texnologlardan tarkib topgan jamoa intellektual turnirning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tadbir doirasida tomoshabinlar uchun ham qiziqarli savol-javoblar tashkil etildi. Zalda o‘tirgan ishchi-xodimlar o‘rtasidagi ushbu bellashuvda eng tezkor va to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar jahon va milliy adabiyot durdonalaridan iborat kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Bunday intellektual bellashuvlar ishchi-xodimlarda tezkor va mantiqiy fikrlash, keng dunyoqarash hamda jamoada samarali ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.