November 12

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari Shurtan gaz kimyo majmuasida bo‘lishdi

​Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ham bo‘lib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

​Delegatsiya a’zolari majmuaning ma’muriy binosida kutib olindi. Mehmonlarga korxonaning tashkil topgan kunidan boshlab bugungi kunga qadar bosib o‘tgan shonli yo‘li, erishilgan yutuqlar hamda rivojlanish bosqichlari aks ettirilgan maxsus videorolik namoyish etildi.

​Shundan so‘ng “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat Aslanov so‘zga chiqib, majmuaning bugungi kundagi ishlab chiqarish quvvatlari, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda mamlakatimiz neft-gaz va kimyo sanoatida tutgan strategik o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, sanoat sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

​Shundan so‘ng, tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar majmuaning texnologik hududiga taklif etilib, murakkab muhandislik yechimlari, gazni qayta ishlash texnologiyasi hamda uzluksiz ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishtirildi.

​Shuningdek, deputatlar korxonaning Markaziy laboratoriyasida ham bo‘lishdi. Bu yerda ularga majmuada ishlab chiqarilayotgan turli markadagi polietilen granulalari, mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlovchi zamonaviy sinov va tahlil jarayonlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Tashrif yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari Shurtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarish jarayonlarining yuqori darajada tashkil etilgani, ishchi-xodimlarga yaratilgan munosib shart-sharoitlar hamda mutaxassislar malakasini yuqori baholadilar.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|