April 7

Yiliga 421 000 kub metr suv iqtisodi: "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda yirik ekologik loyiha

Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi sharoitida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish har bir yirik sanoat korxonasining ustuvor vazifasiga aylangan. Ushbu yo‘nalishda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MChJ atrof-muhitni muhofaza qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim loyihani amalga oshirishni boshladi.

Shu vaqtga qadar majmuaning texnologik qurilmalaridan chiqayotgan oqova suvlar ma’lum darajada tozalanib, ulardan faqat qisman qayta foydalanib kelinar edi. Amaldagi tozalash tizimlarining texnik imkoniyatlari suvni to‘liq qayta ishlash va undan keng ko‘lamda qayta foydalanish imkonini bermas edi. Natijada, qimmatli suv resurslarining bir qismi foydalanilmasdan, tashqi tarmoqlarga yo‘naltirilishiga to‘g‘ri kelardi.

Yangi loyiha aynan shu masalani tubdan hal etishga qaratilgan. Majmuaning Oqova suvlarni tozalash tsexida boshlangan modernizatsiya ishlari natijasida oqova suvlarni chuqur qayta tozalash tizimi yo‘lga qo‘yilishi reja qilinmoqda. Bu jarayonda korxonaning ichki imkoniyatlaridan maksimal foydalanilgan holda, uzoq vaqt davomida konservatsiyada bo‘lgan texnik jihozlar va filtrlar qayta tiklanib, ishga tushiriladi.

Xususan, tozalash texnologiyasini takomillashtirish maqsadida yangi 148 m³ sig‘imli yog‘ tutgich inshootini qurish hamda "Trubchatiy aerator" tizimini yangilash ishlari amalga oshiriladi. Eng muhim qadamlardan biri sifatida suv tarkibidagi 0,5 mg/l gacha bo'lgan yog‘ va neft mahsulotlari qoldiqlarini "Demulgator" kimyoviy reagentlari va "Aktivlashtirilgan ko‘mir"li filtrlar yordamida 0,05 mg/l gacha (10 barobarga) kamaytirish belgilangan.

2026-2027-yillar davomida Oqova suvlarni tozalash tsexi texnologiyasiga kiritiladigan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimcha qurilmalar evaziga yog‘li, kimyoviy ifloslangan hamda maishiy-xo‘jalik oqova suvlari to‘liq tozalanishiga erishiladi. Kelajakda esa kuchli minerallangan oqova suvlarni ham yuqori texnologiyalar yordamida bug‘lantirib, ajratib olingan toza suvni asosiy texnologik jarayonlar uchun qayta ishlatish maqsadi ilgari surilmoqda.

Loyihadan kutilayotgan asosiy natijalar:

Ekologik barqarorlik: Oqova suvlar tarkibidagi zararli moddalardan to‘liq tozalanib, ikkilamchi suv manbaiga aylantiriladi. Bu esa atrof-muhitga bo'ladigan texnogen yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi.

Suv tejamkorligi: Loyiha ishga tushishi bilan yiliga 421 ming kub metrdan ortiq toza suv iqtisod qilinadi. Ilgari tashqi kanallardan sug'orish uchun olinadigan ushbu hajmdagi suv endilikda korxonaning ichki resurslari hisobidan qoplanadi.

"Yashil makon"ga hissa: Yuqori darajada tozalangan va zararsizlantirilgan ushbu suvlar majmua atrofidagi ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bu esa cho‘l sharoitida sun’iy ekotizimni saqlab qolish va kengaytirish imkonini beradi.

Iqtisodiy samaradorlik: Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday ko‘lamdagi loyihalar yirik sarmoya talab etishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, majmuaning ichki imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalangan holda, modernizatsiya ishlarini 2,5 milliard so‘m evaziga amalga oshirish belgilangan. Kiritilayotgan ushbu mablag‘ suv uchun to‘lanadigan to‘lovlarni kamaytirish va mavjud resurslarni optimallashtirish orqali o‘zini to‘liq oqlashi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihaning asosiy bosqichlarini 2027-yilning ikkinchi choragiga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Bu nafaqat texnologik yangilanish, balki majmuaning tabiatga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatining amaldagi isbotidir.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini qaror toptirish va kelajak avlodlar uchun tabiiy boyliklarni asrab qolish yo‘lida muhim xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|