May 6

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda metrologiya islohotlariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Qiyoslash laboratoriyasida “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Qashqadaryo filiali” mutaxassislari ishtirokida laboratoriya xodimlari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli farmoni ijrosini ta’minlash, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga farmonning mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar hamda metrologiya tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, amaldagi qiyoslash tizimidan zamonaviy kalibrlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonlari, o‘lchash vositalarini verifikatsiya qilishning yangi tartiblari, shuningdek sifatni baholash mexanizmlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan sohada joriy etilayotgan yangiliklarning amaliy ahamiyati, ishlab chiqarish jarayonlarida aniqlik va ishonchlilikni ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, seminar interaktiv ruhda tashkil etilib, unda majmua Qiyoslash laboratoriyasi xodimlari yangi joriy etilayotgan loyihalar hamda kundalik faoliyatda yuzaga kelayotgan murakkab masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Mutaxassislar tomonidan ushbu savollarga batafsil, asoslantirilgan hamda amaliy tavsiyalar bilan boyitilgan javoblar berildi.

Mazkur seminar nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki ilg‘or tajribalarni almashish uchun ham muhim platforma vazifasini o‘tadi. Bunday tadbirlar metrologiya tizimini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarida sifat va aniqlik ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|