December 2

“Shurtan GKM” MCHJda professor-o‘qituvchilar uchun amaliyot dasturi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-309-sonli “Neft va gaz sohasida ta’lim–ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Oqova suvlarni tozalash tsexida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari uchun maxsus amaliyot dasturi tashkil etildi.

Mazkur dastur doirasida joriy yilning noyabr oyi davomida universitetning 3 nafar professor-o‘qituvchisi majmuaga tashrif buyurib, Oqova suvlarni tozalash tsexi texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Ular suvni tozalashning zamonaviy usullari, ekologik xavfsizlik talablari, mavjud monitoring tizimlari hamda ishlab chiqarish jarayonini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar bilan fikr va tajriba almashdilar.

Ilmiy xodimlar amaliyot yakunida o‘z ilmiy izlanishlari uchun muhim bo‘lgan qimmatli eksperimental ma’lumotlar to‘plaganliklarini, shuningdek, ishlab chiqarishdagi amaliy yondashuvlar ularning ta’lim jarayoniga ham katta foyda keltirishini ta’kidladilar.

Tashrif davomida tomonlar o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, yog‘li oqova suvlarni tozalash jarayonida hosil bo‘ladigan va tarkibida organik moddalar bo‘lgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash yoki ularni xavfsiz tarzda zararsizlantirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish masalasida kelishib oldilar.

Professor-o‘qituvchilar, bundan tashqari, majmuada tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati, uning o‘quv laboratoriyalari, tajriba maydonchalari va innovatsion loyihalari bilan yaqindan tanishdilar.

Bu kabi amaliyot dasturlari ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kengaytirish, ilmiy yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|