Oilaviy qadriyatlar — jamiyat taraqqiyotining muhim omili
15-may — “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “Oilaviy qadriyatlar va oila mustahkamligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir jamiyatda oila institutining o‘rni va ahamiyatini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib etish hamda ishchi-xodimlarning bu boradagi bilim va tajribalarini yanada boyitishga qaratildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari — Xudoyorova Gulshana Berdinazarovna hamda Xayitov Xushvaqt Saparbayevich, shuningdek "O'zbekneftgaz" AJ Ma'naviyat-ma'rifat, davlat tili va xotin-qizlar masalalari bo'limi mas’ul xodimlari ishtirok etib, oilaviy qadriyatlar, jamiyatda ayolning o‘rni va oila mustahkamligi mavzularida ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Xususan, G.Xudoyorova bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi izchil ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash hamda oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
X. Xayitov esa yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholi turmush darajasini oshirish hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtaldi. U o‘z nutqida oila mustahkamligi jamiyat barqarorligining muhim omili ekanini alohida qayd etdi.
Davra suhbati davomida oila institutini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida oilaviy qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan mavzuga oid taklif va mulohazalar bildirildi.
Mazkur davra suhbati ishtirokchilarga oilaviy qadriyatlar mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkonini berib, ular uchun foydali va mazmunli muloqot maydoniga aylandi.