October 8

KUZ-QISH MAVSUMINI BARQAROR O‘TKAZISHGA TAYYORGARLIK

Kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish jarayonlarining barqaror ishlashi va muhandislik tizimlarining ishonchli faoliyat yuritishi muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining 2026-yil 18-maydagi 150-sonli buyrug‘i asosida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini barqaror va xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha 14 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, undagi vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Rejada texnologik qurilmalar, elektr, issiqlik, gaz va suv ta’minoti tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Tadbirlarni amalga oshirishda korxonaning mavjud moddiy-texnik bazasi, ehtiyot qismlari va ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mavjud resurslaridan oqilona foydalanildi. Asosiy ishlarning ichki imkoniyatlar hisobidan bajarilishi resurslardan samarali foydalanish bilan birga, xarajatlarni maqbullashtirish va mablag‘larni tejash imkonini berdi.

Xususan, markaziy qozonxonadagi 2 ta yuqori bosimli bug‘ qozoni hamda ishchilar shaharchasidagi 5 ta suv isitish qozoni — jami 7 ta qozon profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida aniqlangan nosozliklar bartaraf etilib, tegishli joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Qozonlar yakuniy sinovlardan o‘tkazilib, kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, 5 ta bug‘ kondensatini saqlash baki tozalanib, joriy ta’mirlandi.

Elektr ta’minoti tizimlarining ishonchliligini oshirish maqsadida jami 8 ta transformatorning texnik holati tekshirildi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha zarur ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, transformatorlar tegishli sinovlardan o‘tkazildi va mavsum davomida ishonchli foydalanishga tayyorlandi. Shuningdek, 2 ta dizel elektr stansiyasi, 2 ta uzluksiz elektr ta’minoti manbai hamda 5 ta zaxirani avtomatik ulash qurilmasi joriy ta’mirdan o‘tkazildi.

Issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish ham tayyorgarlik ishlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Jumladan, bug‘, isitish va issiq suv tarmoqlaridagi jami 169 metr izolyatsiya qoplamasi bo‘yicha ta’mirlash va yangilash ishlari olib borildi. Shundan 60 metr izolyatsiya qoplamasi korxonaning mexanik ta’mirlash sexida ichki imkoniyatlardan foydalangan holda ta’mirlanib, qayta o‘rnatildi. Bu, o‘z navbatida, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish bilan birga, mavjud resurslardan samarali foydalanish va xarajatlarni maqbullashtirish imkonini berdi.

Suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida "Suvni qayta haydash" nasos stansiyasidagi 4 ta suv saqlash rezervuari tozalanib, ularning texnik holati tekshirildi. Shu bilan birga, gaz kondensatini saqlash rezervuari hamda 130 ta konteyner-sisterna tozalanib, kuz-qish mavsumida foydalanishga tayyorlandi.

Amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish jarayonlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, mavjud imkoniyatlarni samarali foydalanish hamda xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|