SHGKM Barkamol ayollar forumi–2026: Ustozlar tajribasi va yoshlar shijoati bir maydonda
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning fidokorona mehnati va ijtimoiy faolligini e’tirof etishga bag‘ishlangan bir qator tadbir va loyihalar muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda. “Yangi O‘zbekiston ayoli — sog‘lom jamiyat timsoli” shiori ostida tashkil etilgan “SHGKM Barkamol ayollar forumi” ham ana shunday loyihalardan biri bo‘ldi. Mazkur forum uch avlod vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirga aylandi.
Forumda majmuada samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan bir qatorda, uzoq yillar davomida korxona ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan ustoz va faxriy ayollar ham ishtirok etdilar. Bu esa tadbirga o‘ziga xos samimiylik, ustoz-shogird an’analari va avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlik ruhini bag‘ishladi.
Ushbu forum doirasida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari, intellektual bellashuvlar hamda ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Xususan, shaxmat, shashka, stol tennisi va darts musobaqalari ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi. “Quvnoq voleybol” va "Quvnoq startlar" sport o‘yinlari esa forum qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, ularning jamoaviy hamjihatligini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, “Uch avlod — bir maqsad!” mavzusidagi “Zakovat” intellektual bellashuvi forumning eng qiziqarli va murosasiz bahslariga aylandi. Unda ishtirokchilar o‘z bilim va tafakkurlarini namoyon etib, jamoaviy hamjihatlik va faollik namunalarini ko‘rsatdilar. Sahna chiqishlari, madaniy-ko‘ngilochar dasturlar hamda sho‘x kuy-qo‘shiqlar esa forum ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Forumning eng mazmunli lahzalaridan biri “Uch avlod uchrashuvi" bo‘ldi. Unda soha faxriylari, bugungi faol xodimlar va yosh avlod vakillari bir davrada jam bo‘lib, mehnat faoliyati davomida orttirilgan tajribalar, bugungi islohotlar va kelajak rejalari haqida samimiy suhbat qurishdi. Mazkur uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, kasbga sadoqat va ustozlar tajribasining naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, forum doirasida Miraki turizm hududiga sayohat hamda “Oltin meros: uch avlod ohangi” shou-konsert dasturi tashkil etilib, ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Mazkur forum xotin-qizlarning jamiyat va ishlab chiqarishdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlash, shuningdek, ustoz avlodning boy hayotiy tajribasini yoshlar ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Forum davomida namoyon bo‘lgan samimiyat, e’tibor va yuksak kayfiyat xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Forum yakunida intellektual bellashuvlar va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga majmua ma’muriyati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.