October 15

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda 2026-yilning 9 oylik faoliyati tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ boshqaruv apparatida 2026-yilning 9 oylik faoliyati yakunlari, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi topshiriqlari ijrosi, ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi, kuz-qish mavsumida texnologik qurilmalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda kelgusi yil uchun belgilangan vazifalarga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, majmuaning joriy yil 9 oyi davomida amalga oshirgan ishlari tahlil qilinib, ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy faoliyat natijalari muhokama qilindi. Yil yakuniga qadar belgilangan reja ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish, ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini saqlash hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bunda rahbar xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish va topshiriqlar ijrosini doimiy nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi. Majmua faoliyatiga oid dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal etish, topshiriqlarning belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi muhim masalalardan biri 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida majmua obyektlari va texnologik qurilmalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘ldi. Mavsumga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarining holati, zarur moddiy-texnik resurslar zaxirasini shakllantirish hamda kelgusi yil may oyida rejalashtirilgan joriy ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ishlab chiqarish obyektlarida foydalanilayotgan uskuna va qurilmalarning texnik holatini o‘rganish, xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan qismlarni qayta xatlovdan o‘tkazish, zarur hollarda ularni almashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifalari belgilandi. Texnologik jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni oldindan aniqlash va bartaraf etish, sanoat xavfsizligi hamda mehnat muhofazasi talablariga rioya qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Kun tartibida moliyaviy-iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish va 2027-yil uchun biznes-rejani shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kelgusi yil ishlab chiqarish ehtiyojlarini, moddiy-texnik resurslarga bo‘lgan talabni va xarajatlarni puxta rejalashtirish, debitor-kreditor qarzdorliklarni kamaytirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni realizatsiya qilish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida majmuaning 2026-yil to‘rtinchi choragi va yil yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish, ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini saqlash, kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish hamda kelgusi yilgi faoliyatga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|