December 1

"Shurtan GKM" MCHJda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotning barcha jabhalariga chuqur kirib bormoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga yangi-yangi imkoniyatlar, qulayliklar yaratgani kabi, ayrim hollarda yangi turdagi tahdidlarni ham yuzaga keltirmoqda. Xususan, xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlik — kiberhujumlar, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, onlayn tahdid va kamsitish kabi salbiy holatlar jamiyatda dolzarb masalaga aylangan. Ushbu muammo bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish, profilaktika choralarini kuchaytirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Shu maqsadda, 28-noyabr kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ faollar zalida “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir BMTning “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” kampaniyasi doirasida tashkil etildi. Unda Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari, O‘zLiDep Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G.Xudoyorova, G‘uzor tumani IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori mayor M.Toshniyozova, majmua rahbariyati, mutaxassislar hamda majmua xotin-qizlari ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy asoslar, raqamli makonda uchrayotgan zo‘ravonlik holatlari, ularning ko‘rinishlari va oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarga kiberxavfsizlik qoidalari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish usullari hamda raqamli huquqbuzarliklarga qarshi murojaat mexanizmlari yoritib berildi.

Shuningdek, ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan suhbat davomida real misollar asosida muhokamalar olib borildi. Xotin-qizlar duch kelishi mumkin bo‘lgan internet tahdidlari, ularni vaqtida aniqlash va oldini olish bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi.

Tadbir yakunida xotin-qizlar uchun yanada xavfsiz ijtimoiy va raqamli muhit yaratish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, huquqiy ong va madaniyatni oshirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Jumladan:

  • raqamli savodxonlik bo‘yicha o‘quv-seminarlarni ko‘paytirish;
  • kiberzo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan axborot-tushuntirish ishlarini tizimli davom ettirish;
  • xotin-qizlarning huquqiy himoyasi bo‘yicha mavjud resurslar va xizmatlar imkoniyatlaridan keng foydalanishni targ‘ib qilish.

Ushbu davra suhbati raqamli makonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muhim qadam bo‘lib, jamiyatda gender tengligini ta’minlashga xizmat qiladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|