"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori, senator Shuhrat Aslanovning "8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi
Muhtaram onaxonlar, qadrli opa-singillar, go‘zal qizlar!
Barchangizni bahoriy ayyom – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan o‘zim hamda Shurtan gaz kimyo majmuasi jamoasi nomidan samimiy muborakbod etaman!
Ushbu maftunkor bahor kunlarida muhtarama onaxonlarimizga, nurli xonadonlarimiz bekalariga, jondek aziz opa-singiljonlarimiz va jajjigina nabira-qizaloqlarimizga hamda hamkasabalarimizga samimiy tilaklarimiz va muhabbatimizni izhor etishdan mamnunmiz.
Sizning betakror go‘zalligingiz, nafosatingiz va mehri daryo qalbingiz, xonadonlarimizni doimo charog‘on etadi. Biz erkaklar butun qalbimiz bilan sizning hayotingizni oilaga va farzandlar tarbiyasiga baxshida etish va shu bilan birga jamiyatning turli sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishishdek matonatingizga doimo tahsin aytamiz.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning siyosiy faolligi yil sayin oshib bormoqda. Bugun ular barcha sohalarda o‘z salohiyatini ko‘rsatib, bilim va mahoratini davlat va jamiyat rivojlanishiga, barkamol avlod tarbiyasiga baxshida etib, yuritimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, majmuamizda ham ayollarimiz eng murakkab jabhalarda o‘zini namoyon qilib, zimmasiga yuklatilgan ishga mas'uliyat bilan yondashishadi. Bugun majmuada 700 nafardan ziyod ayollarimiz mehnat qilishadi va intellektual salohiyati, tirishqoqligi, mahorati bilan ulkan yutuqlarga erishishmoqda.
Majmua oldiga qo‘yilgan ustuvor maqsadlardan biri ham xotin-qizlarimiz salohiyatlarini yuzaga chiqarishdir. Biz bu xayrli ishlarni, xotin-qizlarimiz ezgu maqsadlarini hayotga tatbiq etish, shu jumladan, gender tengligi masalalariga chuqurroq yondashib, ayollar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishda davom etamiz.
Aziz ayollar! Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman. Qalbingiz doim bugungi bahordek yashnab tursin!