“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “Dolzarb 100 kunlik” doirasida belgilangan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Boshqaruv apparatida “Dolzarb 100 kunlik” doirasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda majmuaning joriy faoliyatiga doir ustuvor masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish kun tartibida majmuaning ishlab chiqarish, iqtisodiy-moliyaviy hamda tashkiliy faoliyatiga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Avvalo, 2026-yilning birinchi choragi uchun belgilangan ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarini bajarilishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ishlab chiqarish jarayonlarini barqaror tashkil etish, texnologik jarayonlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda mavjud quvvatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026-yil may oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan texnologik ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi. Bunda texnologik qurilmalar va uskunalarning texnik holatini tahlil qilish, zarur ehtiyot qismlar va materiallarni oldindan zaxiralash hamda ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilish davomida xarajatlarni qisqartirish va shtatlar optimizatsiyasi jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ortiqcha xarajatlarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish hamda boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ishchi-xizmatchilar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarish hududlarida mehnat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida bosh direktor tomonidan tegishli mas’ullarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.