December 30, 2025

Shurtan gaz kimyo majmuasida yil sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 30-dekabr kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan an’anaviy “Yil sarhisobi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir majmuaning 2025-yildagi ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy faoliyati sarhisobini aks ettiruvchi video-hisobot roligi namoyishi bilan boshlandi.

Videorolikda o‘tib borayotgan yil davomida majmuada amalga oshirilgan muhim loyihalar, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, jamoa va xodimlar tomonidan erishilgan yuksak yutuqlar, shuningdek, ijtimoiy sohada qo‘lga kiritilgan natijalar atroflicha yoritildi.

Videorolik namoyishidan so‘ng majmua Bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Shuxrat Aslanov so‘z olib, majmua ishchi-xodimlarini kirib kelayotgan 2026-yil bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, 2025-yilda majmua tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, 2026-yil uchun majmua oldiga qo‘yilgan maqsad va rejalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

So‘zim avvalida uch yarim ming kishilik mehnat jamoamizga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining samimiy tabrigini va minnatdorchiligini yetkazib qo‘ymoqchiman. 2025-yil biz uchun sinovlar bilan birga katta yutuqlar yili bo‘ldi. Jamoamizning fidoyi va mashaqqatli mehnati evaziga muhim marralarni zabt etdik. Yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shilayotgan munosib hissamiz natijasida majmuamiz xodimlari davlatimiz rahbari tomonidan munosib e’tirof etildi. Jumladan, yosh va istiqbolli kadrimiz Jalilov Abdukarimbek «Kelajak bunyodkori» medali, fidoyi mehnati bilan ajralib turgan xodimamiz Yo‘ldosheva Mahliyo esa «Shuhrat» medali bilan taqdirlangani barchamiz uchun faxr manbaidir. — dedi Shurtan gaz kimyo majmuasi Bosh direktori Sh.Aslanov.

Shundan so‘ng majmuada ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida o‘zining fidokorona mehnati, tashabbuskorligi, kasbiga va ishiga fidoyiligi, o‘z kasbining mohir ustasi hamda hamkasblari hurmatiga sazovor ustoz ekanligi, mehnatsevarligi, intizomliligi va shu bilan birga o‘ziga hamda boshqalarga talabchanligi bilan jamoa mehrini qozongan, majmua rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar “Shurtan gaz kimyo majmuasi mehnat faoli” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga, neft va gaz sanoati yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar Shurtan gaz kimyo majmuasining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandilar.

Shu bilan bir qatorda, joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxona va tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Intellektual olimpiada – 2025” musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritgan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” yoshlari hamda xotin-qizlar jamoasi a’zolari sahnaga taklif etildi. Tadbir davomida ushbu jamoalarning bilimga bo‘lgan chanqoqligi, yuqori intellektual salohiyati, matonati va jamoaviy birdamligi alohida e’tirof etilib, ularning yutug‘i majmua jamoasi uchun faxr va ibratli namuna ekani ta’kidlandi.


Bundan tashqari, o‘z hayotini sanoat taraqqiyotiga bag‘ishlagan, mas’uliyat va sadoqat bilan faoliyat olib borgan, boy tajribasi va ibratli mehnat yo‘li orqali jamoa orasida katta hurmat qozongan Beknazarov Avloyor Pulatovichni nafaqaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Avloyor Pulatovichning mehnat faoliyatidagi fidokorona xizmatlari, korxona rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda inson sifatidagi yuksak fazilatlari haqida samimiy fikrlar bildirildi. Ustozning sadoqatli, halol va vijdonli mehnati barchaga namuna sifatida e’tirof etildi.

Tadbir yakunida majmuada an’anaga aylangan “Eng intizomli mehnat jamoasi”, “Eng samarador mehnat jamoasi”, “Eng faol mehnat jamoasi” hamda “Yil xodimi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nominatsiyalar g‘oliblari haqida keyingi xabarlarimizda batafsil ma’lumot beriladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|