August 18

Bolajonlarga unutilmas yozgi ta’til tuhfa etildi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning 25 yillik yubileyi munosabati bilan majmuada tashkil etilayotgan 25 ta ijtimoiy loyiha doirasida G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun mazmunli yozgi dam olish dasturi tashkil etildi.

Mazkur ezgu tashabbus “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan G‘uzor tumani hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Dastur doirasida 25 nafar bolajon “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 12 kun davomida maroqli hordiq chiqardi. Ular uchun sog‘lomlashtirish tadbirlari bilan bir qatorda turli fan va ijodiy to‘garaklar, sport musobaqalari, jamoaviy o‘yinlar hamda ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.

Oromgohdagi har bir kun bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, yangi do‘stlar orttirishi, o‘z qiziqish va qobiliyatlarini namoyon etishi uchun o‘ziga xos imkoniyat bo‘ldi. Ayniqsa, sport va ijodiy mashg‘ulotlar bolajonlarning faol ishtirokini ta’minlab, ularning yozgi ta’tilini yanada zavqli va esda qolarli o‘tkazishiga xizmat qildi.

Bunday ezgu tashabbuslar, avvalo, bolalarga quvonch ulashish, ularning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish va jamiyatda mehr-oqibat hamda o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|