Bibi Robiya. Kakku ovozi (hikoya)
– Qizlar, bo‘ldi, tura qolaylik. To‘qqizdan keyin yotoqxonaga kiritishmaydi.
– Rostdan ham, ketdik. Umidaniyam ko‘rdik. To‘yiga kelganimizdan xursand bo‘ldi. Qani, omin qilaylik.
– Hanifa, siz duo qila qoling. Hammamizdan kattaroqsiz… hajm jihatdan, – qizlar davrasida ko‘tarilgan gurros kulgu boshqa stoldagilarning e’tiborini tortdi.
– Hazilni ko‘targaningiz uchun hazillashamiz-da. Yana xafa bo‘lmang.
Dugonalariga nisbatan to‘laroq Hanifa bunday gaplarga ko‘nikib qolgan edi. U mayingina tabassum qildi-da, qo‘lini duoga ochdi:
– Omin, dugonamiz o‘zi istagan go‘zal baxtga erishsin… – hayajonli bir xo‘rsinish olib, asta pichirladi: – Xudo bizni ham shunaqa kunlarga tezroq yetkazsin.
Qizlarning “O‘-o‘-o‘” deb qiyqirishganidan sergaklangan Hanifa ichimda aytdim deb o‘ylaganini eshitib qolishganidan duvva qizardi.
Qizlar dugona-kelin va uning onasi bilan xayr-xo‘shlashgach, to‘yxonadan chiqishdi. Yo‘lovchi chorlab chiroq lipillatayotgan turnaqator mashinalardan biri, nihoyat, ular aytgan narxga ko‘ndi. Mashina ichi to‘yxona, to‘y, kelinning ko‘ylagi, stollarning to‘kinligi, to‘y egalarining kiyimlari, kuyov va kuyov jo‘ralar haqida g‘iybat aralash suhbatga to‘lib, birozginasi ochiq derazadan chiqib, to‘yxonaga qaytib ham ketdi. Qizlar ilmoqli gaplar tashlab haydovchi yigitni ham gurungga tortishga urinishdi. Yigit ularning savollariga ko‘zini yo‘ldan uzmay qisqa-qisqa javob berdi.
Orqa o‘rindiqda o‘z xayollari bilan o‘tirgan Hanifaning nigohi bexosdan mashina old peshtoqidagi oynadan haydovchi yigitga tushdi. Nigohi ko‘zgudagi aksni ko‘rdi-yu, ortga qaytishni unutdi, bir necha daqiqa undan uzilmadi. “Yusuf payg‘ambarning o‘g‘li, yo‘g‘-e avlodi emasmikan”. Xayoliga shu fikr kelgan ham ediki, ko‘zguda haydovchining nigohi ham Hanifaning nigohiga qadaldi. Jinoyat ustida qo‘lga tushgan o‘g‘riday Hanifa o‘zini qo‘yarga joy topolmay, tashqariga qaradi. Bu qilig‘i uchun o‘zini behayolikda aybladi. Imkoni bo‘lsa-yu, mashinadan tushib qolsa. Yigitning nigohidan tushib qolgan bir parcha cho‘g‘ uni borgan sari yondira boshladi. “Uh… Ey Xudo! Hanifa, tinchlan. Sening aybing yo‘q. Shunchaki tasodifan bo‘ldi. Yonimdagi gulday ochilib o‘tirgan dugonalarim qayerda-yu, men qayerda”. Cho‘g‘ tafti bunday ovutishlardan so‘ng biroz pasaygandek bo‘ldi. Manzilga yetib borguncha o‘sha shafqatsiz ko‘zguga boshqa qaramadi.
Qizlar pulni uzatisharkan, o‘pkalagan ko‘yi:
– Yaxshi yigit bo‘lsangiz ham, yaxshi hamroh emas ekansiz, – deb haydovchi bilan xayrlashgan bo‘lishdi. Hanifa chekiga tushgan pulni berdi-yu, birinchilardan bo‘lib tashqariga otildi. Orqadan kelayotgan “Matiz” chiyillagancha burilib o‘tdi. Hanifaning hushi uchdi.
– Hoy, ehtiyot bo‘ling, singlim. Yaxshiyamki, hech narsa qilmadi, Xudoning o‘zi asradi, – yigitning xavotir bilan aytgan bu so‘zlari uni battar karaxt ahvolga solib qo‘ydi. U keyin qanday qilib yo‘ldan o‘tganiyu yotoqxonaga kirib borganini ham sezmadi. Uxlashga yotarkan, nigohlari to‘qnashgan o‘sha lahzani xayolida qayta-qayta gavdalantirdi. Yigitning aytgan gaplarini ming bir bo‘lakka bo‘lib tahlil qildi. “Nega o‘shanda menga qaradiykin-a? Axir, tabiiy-ku, kimdir tikilib turganini his qilsang, sen ham unga qaraysan. Unda ham shunday bo‘lgan-da. Lekin tabassum ham qilganday bo‘ldimi? Yo‘g‘-e, menga-ya? Ko‘p o‘ylayverganimdan shunday tuyulyapti. Ammo… meni qayg‘urib aytgan gaplari-chi… Indamasligi ham mumkin edi-ku? Axir, unga nima edi? Meni mashina urib ketadimi-yo‘qmi… “Ehtiyot bo‘ling, singlim”, dedi. Qanday mehribon! Uf… bo‘ldi, tentak bo‘lma, Hanifa. O‘rningda boshqa qiz bo‘lganda ham unga shunday degan bo‘lardi. Lekin… ”
Hanifa ertasiga ham o‘sha afsunli xayollar og‘ushida yurdi. Beto‘xtov nimalarnidir o‘ylar, qandaydir to‘xtamlarga kelar, keyin ularni rad qilib, yana boshqa fikrlar ketidan ergashar, ulardan yana qaytardi. “Eh, yana bir qarashim kerak edi. Nega cho‘chidim-a? Balki keyin u yo‘l bo‘yi menga tikilib, mening ham nigohimni kutgandir. Nimalar deyapman?.. Uh, nega ajinadan qochganday tezda tushib ketdim-a? Menga aytadigan gapi bo‘lgandir. Oxirrog‘ida tushganimda yana biror narsa dermidi. Tentak bo‘lyapman, yigit-qiz bir marta bir-biriga qarasa, darrov ko‘nglidagini aytadimi? Lekin “Yaxshiyamki, Xudoning o‘zi asradi”, dedi-ku. Demak, menga hali keraksiz, demoqchi bo‘lgan!.. Agar meni o‘sha mashina urib ketganida qanday ahvolga tushardi? Qaniydi, shunday bo‘lib qolganida. U nima qilardi? Tavba de, nimalar deb aljirayapsan? Ehtimol, ko‘zgudan umuman qaramagandir menga. Lekin…” Oradan bir necha kun o‘tgachgina, imkonsiz bir tuyg‘uga, sarobga berilib ketayotganini anglab yetdi. Keyinchalik esa bu dard ustini chang qopladi….
– Qizlar, bir iltimos, domla kelsa, uzrimni aytib qo‘yinglar. Uchinchi paraga kirolmayman-da. Bugun qishloqdosh dugonamning tug‘ilgan kuni. Bolasi kasal ekan, yordamga ertaroq chaqirgan edi, shunga. Mayli, yaxshi qolinglar, – deb Hanifa shosha-pisha auditoriyadan chiqib ketar ekan, orqasidan aytilgan: “Tavba, kimning u bilan necha pullik ishi bor”, degan pisandani eshitmadi.
Hanifa dugonasi Rohilanikida uyni tozalashga, pishir-kuydirga yordamlashdi. O‘sha kuni hamma ishlar tugagach, quyosh botmasdan ketishga shaylandi. Shu payt telefoniga xabar kelganini bildiruvchi kakku ovozi yangradi. Odatdagiday uyali aloqa kompaniyasidan reklamalar yoki FVVdan xabar, degan o‘y bilan bee’tiborgina telefoniga nazar tashladi. Yo‘q, noma’lum raqam. “Salom, Hanifa. Yaxshimisiz? Men sizni anchadan beri kuzatib yuribman. Lekin siz meni tanimaysiz, balki ko‘rgandirsiz. Hozir qayerdaligingizni ham bilaman. Yo‘q demasangiz, sizni pastda kutib turaman. Ishlaringiz tugagach, javob yozing, iltimos”. Avvaliga Hanifa hayratdan entikib ketdi, so‘ng miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi: “Qanday yaxshi, kimdir adashib bo‘lsa-da, shunday SMS yozib tursa. Yo‘q, to‘xta. “Hanifa” degan-ku. Ham “ishlaringiz tugasa” degan. Ichki bir hayajon bilan yana qayta o‘qidi. Rohila tamaddi qilmasidan uni qo‘yvormasligini aytib, xayollarini to‘zg‘itib yubordi. Ovqatdan totingan bo‘lib o‘rnidan turdi. “Ketib qolmasin-da”, degan o‘y Hanifaning o‘ziga ham sezdirmasdan uni shoshirar, tezroq ko‘chaga chorlardi. U qo‘liga telefonini oldi: “Kimligingizni bilmadim-u, lekin iltimos qilganingiz uchun yozyapman. Ishlarimni tugatdim, tushyapman”. Kim bo‘lsa ham, ko‘chada turgan bu yigitning shuncha yildan beri kutayotgan shahzodasi ekaniga negadir qattiq ishonardi shu tobda. Dugonasi bilan shosha-pisha xayrlashdi. Zinalardan go‘yo uchib tushayotganda dugonasinikiga turnaqator chiqib kelayotgan mehmonlarga duch keldi. Oralaridagi gul ko‘targan ikkita qishloqdosh qizni tanidi, salomlashdi. Erkak larning chehralari lip-lip o‘tdi. “Yaxshimisiz?”. Savolni kim bergani-yu, o‘zining nima deb javob qilgani esida ham qolmadi. Qandaydir qo‘rquv ostida tashqariga asta qadam qo‘ydi. Yengil shabada unga dalda bergandek boshini silab o‘tdi. Farzandlarini o‘ynatib yurgan yosh juvonlardan, o‘rindiqlarda suhbatlashib o‘tirgan uch-to‘rt keksa ayoldan boshqaga ko‘zi tushmadi. Hanifa atrofga xavotir bilan qaradi. Yana bir-ikki qadam tashladi. Kutilgan odam yo‘q. Oqshom tushayotgani haqida xabar tarqatib gala-gala uchib o‘tayogan qushlar chug‘urlab, go‘yo kelayotgan tunga yo‘l bo‘shatishardi Hanifa bekatga qarab qadamlarini tezlatdi. Bekatda o‘tirgan yoshi elliklarga borgan ayol bilan erkakning yoniga ohista cho‘kdi. Keyin kimnidir ko‘rmay qolishidan yoki kimdir uni ko‘rmay qolishidan cho‘chib darrov o‘rnidan turdi. Ehtiyotkorlik bilan goh o‘ng, goh chap, goh orqa tomonga nigohini qidiruvga yubora boshladi. Bir oz o‘tgach, yonidagilarning suhbatidan ularning er-xotin ekanligini angladi. Ular katta qizlarini davolatish, operatsiya haqida asabiylashib suhbatlashishar, goh talashib tortishishar, ora-orada ayolning yig‘lamsiragan tovushi eshitilib qolardi. Uzoqdan avtobusning qorasi ko‘ringan ham ediki, er-xotin o‘rnidan siljidi.
– Sen avtobusda ketaver, men orqangdan yetib olaman. Bugun juda charchading, – dedi-da, erkak norozinamo qarayotgan ayolini avtobusga chiqarib yubordi. So‘ng avtobus ortidan shaxdam qadamlar bilan yurib ketdi.
Hanifa ko‘zida endigina yongan, so‘nishni istamayotgan umid uchqunlarini o‘tib-qaytayotganlarga ulashishdan charchamasdi. “Shu vaqtgacha e’tibor bermagan ekanman. Nega odamlar robotga o‘xshaydi. Nigohlari qotib qolgan. Ular ham bir paytlar sevgan yoki menday sevilganmikan? Yuzlarida biror tuyg‘u alomati sezilmaydi. Go‘yoki yurib ketayotgan haykallar. Axir, hayot go‘zal-ku! U bilan men bir umr zavqlanib yashaymiz, yuzimizda doimo quvonch, shodlik balqib turadi. Hammaning bizga havasi keladi…”. Hanifa ilk bora atrofdagilarga baho berayotgan, kelajagi haqida maftunkor xayollarga berilayotgan edi.
O‘tayotgan har bir lahza “U hozir yoningga keladi” degan umidni Hanifaga saxiylik bilan taqdim qilar, tobora quyuqlashayotgan qorong‘ilik esa u kutayotgan, yonida turgandek his qilayotgan siymoni asta-sekinlik bilan undan nariga olib ketardi. Nihoyat vaqt allamahal bo‘lganda navbatdagi to‘xtagan avtobus uni bag‘riga oldi. Chiqib, deraza tomondagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Ammo nigohi kimgadir ilinib qolish ilinjida manzilga yetguncha tashqarida qoldi. Hanifaning ko‘zidan yosh tomchilari o‘ziga ham sezdirmay dumalab tushdi.
Xonasiga kirgach, ancha vaqtgacha davom etgan uyqusizligiga “Aytuvdim-ku, xabar adashib kelgan” degan xulosa chek qo‘ydi…
– Bergan vazifam bo‘yicha faqatgina Hanifaning, Mahliyoning, Doniyor va Suxrobning javobi qoniqtirdi. Qolganlarning tayyorgarligi yaxshimas. Mayli, hammaga ruxsat, – deb ikkinchi soatga kirgan professor chiqib ketdi. Shu payt Hanifa eshik qiyasidan kimdir imlayotganini sezib qoldi. Qarasa, kursdoshi Mahliyoning singlisi Gulhayo. U pastki kursda o‘qiydi.
– Salom, yaxshimisiz, Gulhayo? Opangiz pastga ovqatlangani tushib ketdi-yov. Yo u-bu fandan yordam kerakmi, tortinmay aytavering…
Gulhayo u yoqdan-bu yoqqa jovdirayotgan ko‘zlarini Hanifaning ko‘zlariga tikdi-da, xijolatli jilmayib, orqasida yashirib turgan bir dasta atirgulni olib tutqazdi.
– Hanifa opa, bu gulni sizga bir yigit berib qo‘yishimni tayinladi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Lekin uni tanimayman.
Hanifa guldan-da battar qizardi. Kechagi ilinju umidsizliklardan hamon parokanda xayollar gulga talpingan kapalaklarday yana qaytib keldi. Qalbida uyg‘ongan quvonch tuyg‘usi unga bir quchoq atirgulning zavqini bergandek bo‘ldi. Gulhayo ketgach, Hanifa malikalardek yashnab turgan atirgullarga qayta-qayta termular, qayta-qayta hidlab iforiga to‘ymasdi. So‘ng uni qo‘lida avaylab va balandroq ko‘targancha auditoriyaga qaytib kirdi.
– Chiroyli ekan. Qayerdan uzdingiz? – dedi orqa partada o‘tirgan qiz. Hanifa “Menga gulni kimdir berishi mumkinligi bularning xayoliga ham kelmaydi”, degan o‘ydan ma’yuslanib turgan ham ediki, shoshilib kirib kelgan Mahliyo gulni ko‘rib:
– O‘, chatoqsiz, Hanifa. Kim berdi? – dedi.
Bu savoldan ruhi tog‘dek ko‘tarilib ketdi. Mahliyoni quchoqlab olgisi keldi. Shu payt professor kirib qolgani bois Hanifa Mahliyoga javob tariqasida jilmayib qo‘ya qoldi. Dars davomida Hanifaning o‘sha afsungar xayollari uni uzoq-uzoqlarga olib ketdi. Ammo qisqa yangragan kakku ovozi uni yana o‘z joyiga qaytardi. Shosha-pisha sumkasidan telefonini oldi. Ha, o‘sha raqam. “Salom, Hanifa. Meni kechiring, o‘sha kuni sizga ko‘rinishga o‘zimda kuch topa olmadim. Bu gulni esa uzrim belgisi sifatida qabul qilishingizdan umidvorman”. Xona derazasidan mo‘ralab turgan qish Hanifaning qalbida yashnayotgan bahordan hayratlandi. “Ey, Xudoyim… u kim bo‘lishi mumkin? Kim ekan-a? Endi nima deb javob yozaman?.. Xo‘sh, “Gul uchun rahmat. Lekin siz kimsiz?”. Yo‘q, bo‘lmadi. Juda qo‘pol chiqdi. Qizbolalik latofatim har bir so‘zimda bilinib turishi kerak. Uf, barmoqlarim namuncha titramasa. Ha, topdim. “Gul uchun tashakkur! Ammo kimligingizni bilolmayapman”. Bor tavakkal – “jo‘natish”. Orqa qatordagi qizlarning qiqir-qiqir kulgusiga hamohang qo‘ng‘iroq ham yangradi. Hanifa hammadan so‘ng auditoriyadan chiqdi. Zinadan asta tushar ekan, ro‘parasidan chiqib qolayotgan yigitlarga ko‘z qirini tashlab-tashlab qo‘yardi. Hech kimning u bilan ishi yo‘q, uning bor-yo‘qligini bilishmaydi ham. Shaharga kelgandan beri sehrli qalpoqcha kiygan ko‘zga ko‘rinmas odam edi u. Har holda, o‘zini shunday hisoblardi. Endi hammasi boshqacha bo‘lishini, kimningdir e’tiboriga tushgan inson ekanligini o‘ylab quvondi. Bu dunyoga kelganidan, qaysidir yurakda o‘zining ham qiyofasi borligini tuyganidan, mana bu o‘tib qaytayotgan odamlarning, dugonalarining borligidan, ana shu zinalar va oppoq devorlarning go‘zalligidan, tashqarida quyosh nur sochib turganiyu daraxtlar va osmon mavjudligidan u ilk bora masrur, sarxush edi. Ana, orqasidan qadam tovushlari eshitilyapti. Hanifaning yuragi otilib ketish darajasida guppillay boshladi. “O‘sha yigit bo‘lsa-ya” degan xayol oyoqlaridan majolini oldi. Ortiq yurolmadi, joyida tek qotdi. Qadamlar juda yaqin keldi. Yonidan sumkasini titkilagancha bir qiz bee’tiborgina o‘tib ketdi. Hanifa havosi chiqib ketgan pufakday bo‘shashib qoldi: “Uh, xayriyat-ey”. U yotoqxonaga ketar ekan, yo‘l bo‘yi SMS egasini sergak nigoh bilan izlardi. Xonasiga ming o‘y bilan kirgan ham ediki, yana kakku ovozi eshitildi. Hayajon-la telefonini olib qaradi. Yana o‘sha raqam: “Hanifa! Sizni ko‘rgach, kimligimni, nima uchun yashayotganimni unutdim. Men sizga ro‘baro‘ bo‘lishga botinolmay, o‘z yog‘iga qovrilib yurgan oshig‘ingizman. Shuning uchun mendan ranjimang”. Hanifa kutilmagan bu so‘zlarni o‘qir ekan, negadir javon eshigiga o‘rnatilgan bo‘y baravar oynaga nigoh tashladi. Tekis taralib, oddiy turmaklangan sochlaridan tortib, siyrak qoshlari, nari-beri nimpushti bo‘yoq surilgan lablari, kulchaday istarali yuzi va ammo to‘ladan kelgan qomatiga qarab, qahqah otib kulib yubordi: “Oshig‘im. Meni-ya? Men hecham birov ko‘rib unutib yuboradigan darajadagi qiz emasligimni o‘zim ham bilaman. Anchadan beri bunaqa kulmagandim. Demak, aniq anglashilmovchilik bo‘lyapti. Bu bechora boshqa Hanifaning raqamini kimdandir so‘ragan, u odam adashib menikini berib yuborgan. Buni hozir yanada oydinlashtiramiz. “Siz meni boshqa qiz bilan adashtirib yuborgansiz, shekilli” degan so‘zlarni terdi-yu, biroz o‘ylangach, yana o‘chirib tashladi. Keyin yana shu gapni yozdi va yoniga qo‘shimcha qildi: “Agar unday bo‘lmasa, ayting-chi, men bugun qanday rangdagi kiyimda edim?”. Endigi keladigan javob Hanifaning orzulari yo o‘lishiga, yo tirik qolishiga sabab bo‘lishini o‘zi ham bilardi. U telefonini yostig‘ining tagiga qo‘ydi-da, pastki qavatga tushib ketdi. Nima uchun bunday qilayotganiga aqli yetmasdi. Dahlizda u yoqdan-bu yoqqa borib keldi, ochiq deraza tomonga o‘tib ko‘kka uzoq tikildi. Oppoq bulutlar asta yoyilib, osmonga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Hanifa yo‘qolib borayotgan bu bulutlarni o‘z shahzodasi haqidagi orzulariga mengzadi. So‘ng yurak yutib, yana o‘z qavatiga, o‘z xonasiga chiqdi va asta yostig‘ini ko‘tarib telefonini oldi. Xabar kelgandi: “Oshiqlarning yuragi hech qachon adashmaydi. Menga shunchalik ishonmabsiz-da. Bugun qora yubka, jigarrang koftada edingiz. Darslaringiz 308-xonada bo‘ldi. Meni hali ko‘rmagansiz, holatingizni to‘g‘ri tushunaman. Faqat menga vaqt bering”. Hanifa o‘zini karavotga tashlab, yuzini yostiqqa bosgancha ho‘ngrab yig‘lab yubordi…
– O‘, dushanbadan o‘zgarishlar katta-ku. Gulday ochilib ketibsizmi?
– Eh-he, Hanifaxon, siz o‘shamu?
– Bugun y-by tanishingizning to‘yi bormi? Oxirgi darsga yana kirmaysiz-ov.
Auditoriyaga etagi burama, belida yaltiroq tasmasi bor pushti kuylakda kirib kelgan Hanifa kulgu aralash berilayotgan savollarga qizarinqiragan holda iymanibgina qisqa javob berib, joyiga tezroq o‘tirishga shoshildi. Bunday kiyinib kelgani uchun o‘ziga ta’na toshlari yog‘dirdi. Dars ham boshlandi. Ammo Hanifaning xayoli qo‘lida u yoqdan-bu yoqqa aylanayotgan telefoni bilan birga aylanardi. Mana, nihoyat kakku ovozi, kutilgan raqamdan SMS ham keldi: “Salom, xayrli kun, Hanifa! Bugun gulday ochilib ketibsiz. Sizni ko‘ngil bog‘imni yashnatguvchi gulim deb atashga izn bering. Ammo shuni unutmangki, men sizni har qanday holatingizda ham…”. Hanifa gulxan o‘rtasiga tushib qolib, o‘zini yonayotganday his qildi. Yuzi ko‘ylagining rangi bilan bir xil bo‘ldi-qo‘ydi. Beixtiyor chehrasiga tabassum yugurdi.
– Dilqulova, ahvolingiz yaxshimi? Betob bo‘lsangiz, ayting, ruxsat beraman.
– Yo‘q, yo‘q. Hammasi joyida, yaxshiman, domla. Uzr.
E’tiborni tortmaslik uchun o‘zini tutib olishga harakat qildi. Ustozga qarab o‘tirgandek bo‘lsa ham, ko‘zlari parta ostidagi telefonida bo‘ldi. Endi Hanifa bor diqqatini jamlab, nima deb javob yozishni o‘ylardi. Unga boshqa dugonalari kabi ardoqlanish, qizlik latofatini namoyish qilish imkonini berayotgan xayoliy shahzodasini yo‘qotishni istamasdi. Chunki Hanifa shuncha yillar davomida muhabbat tuyg‘usiga muhabbat qo‘ygan esa-da, lekin hali unga muhabbat qo‘yishmagandi. U yozgan javobini ko‘p marotaba o‘chirib tashlar, jumlalarni qayta-qayta tuzardi. “Salom. Rahmat, yaxshi. O‘zingiz yaxshimisiz? Bugun ham meni ko‘ribsiz-da. Demak, shu yerda tahsil olsangiz kerak-a?”
– Shohista, nimaga kulyapsizlar? Mahliyo, sizga nima bo‘ldi? Kulgili mavzu ekanmi?
Hanifa o‘qituvchining kursdoshlariga bergan dakkisidan xayollari jilovini bir zumga torta oldi. Yana kakku ovozi… “Hanifa, sizni har kuni kuzataman. Bir kun ko‘rmasam, hayot men uchun tugagandek bo‘ladi. Bu yerda o‘qimayman, o‘tgan yili bitirganman. Menga ko‘zingiz tushgan, ammo e’tibor bermagansiz. Ko‘rishganimizda o‘zim haqimda batafsil aytib beraman. Hozircha meni kechiring”. Bu xabarni o‘qigach, Hanifa yozgan javobiga afsuslandi. “Uf, o‘zimni ko‘rishishga o‘lib turgan yengiltak qizlarday tutdim-da. Uf… darvoqe, meni ko‘rgansiz, dedimi? Shu vaqtgacha ko‘pchilik yigitlarga shunchaki ko‘zim tushgan-ku… – ammo miyasiga chaqmoqday urilgan fikrdan seskanib ketdi. – Nahotki… nahotki, bu o‘sha bo‘lsa?! Faqat u bilangina nigohlarimiz to‘qnashgan. Bu SMSlar mashina urib ketay deganda aytgan so‘zlariga o‘xshab ketadi… Shunday yigit-a? Meni-ya?.. Yo‘g‘-e, balki boshqadir. Ammo kim bo‘lishi mumkin? Ey Xudoyim! Nimadir yozishim kerak, nimadir. “Mayli, qo‘yavering. Sizni tushundim, ko‘p ham xijolat bo‘lmang”. “Xijolat”dagi “x” qattiqmidi, yumshoqmidi? Muncha dovdiramasam”. Hanifa boshini asta orqasidagi partaga burdi-da, Charosdan “x”ning qandayligini so‘radi. To‘g‘ri yozgan ekan.
Bugungi darslar tugagach, odatdagiday yotoqxonaga qarab yo‘l oldi. Daraxtlar Hanifaning yurishidagi, o‘zini tutishidagi o‘zgarishni ko‘rib hayratlarini shamol bilan shivirlashardi. Hanifa avvallari befarq o‘tkazadigan har bir kunni endi ilhaq bo‘lib kutar, o‘zi ham bilmaydigan yana qandaydir mo‘jizalar sodir bo‘lishiga ishonardi…
– Hanifa opa, shoshmang. Salom, yaxshimisiz? O‘, o‘zgarishlar katta-ku. Sochingizni tashlab olganingiz yarashibdi. Mana, buni yana o‘sha yigit berib yubordi.
– Mengami?! To‘xta, Gulhayo. Haligi… o‘sha yigitning ko‘rinishi qanaqa? Hali uni ko‘rmaganman, kim o‘zi? Bu gap faqat oramizda qolsin, xo‘p?
Gulhayo orqasiga bir qarab qo‘ydi-da:
– Menga ishonavering. Ochig‘ini aytsam, chiroyli yigit ekan, – deb jilmaydi. So‘ng xavotirli ohangda: – Mayli, men ketdim, domlamiz kechikkanlarni darsga kirgazmaydi, – degancha yugurgilab ketdi.
Hanifa qo‘lidagi shokolad qutisiga zavq bilan qaradi. Auditoriyaga kirar ekan, uni sumkasiga solishni istamadi. Dars hali boshlanmagan. Kursdosh yigitlar gap tashlashdi:
– Hanifaxon, oy ekansiz, shokoladga boy ekansiz.
– Shirin bo‘lsa kerak, a?
Hanifa odatdagiday uyatdan qizardi:
– Yo‘q, tug‘ilgan kunim emas. Shunchaki, berishdi, – dedi va qutini ochib, mayl bildirganlarga shokoladdan tarqatdi. Hanifa shu payt kimlardir unga havas bilan tikilib turganini his qilib, g‘ururlanib qo‘ydi. Biroz fursat o‘tgach, xonaga professor bilan birga fakultet dekani, uning yordamchisi kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng talabalarga shartnoma muddati tugayotganini, vaqtida to‘lamaganlar darsga kiritilmasligini eslatib qo‘yishdi. Hanifa bu borada bosh og‘ritmasa ham bo‘ladi, ota-onasining xabari bor. Hozir “ko‘rinmas odam”ga qanday minnatdorlik bildirish kerakligini o‘ylashi zarur. “Salom. Xayrli kun. Shirinlik uchun katta rahmat!”. Darhol kakku ovozi yangradi, javob keldi: “Salom, gulim. Arzimagan narsa uchun rahmat deyishning hojati yo‘q. Hayotimga kirib kelganingiz uchun sizga rahmat!”.
– Dilqulova, doskaga marhamat. Daftaringizni ham olib chiqing.
– Menmi? Ustoz, uzr, bugun darsga tayyor emasman. Kecha… kecha mazam bo‘lmagandi, – birinchi marta yolg‘on gapirgani uchun Hanifa quloqlarigacha qizarib ketdi.
– Shundaymi, mayli, sizga ishonaman. Lekin keyingi dars albatta tayyor bo‘ling.
U birinchi marta yolg‘onning shirin mazasini tuydi. Tanaffusda yoniga Mahliyo kelib o‘tirganini sezmay ham qolibdi.
– Bunaqa vaziyatlar bo‘lib turadi. Hayotda o‘qishdan ham muhim narsalar bor axir, to‘g‘rimi, – muloyim jilmaydi Mahliyo. – Endi qachon “pochcha” bilan tanishtirasiz? Uyalmang, axir kursdoshmiz-ku.
Hanifa bu gapdan allanechuk g‘alati bo‘lib ketdi. Yana lo‘ppi yuzlari bir zumda qizardi. Ammo hali o‘zi ko‘rmagan yigit bilan qanday tanishtirishni o‘ylab, javob berishga og‘iz juftlagan ham ediki, telefoni jiringlab suhbatga aralashdi. Hanifa yuragi taka-puka bo‘lib raqamga qaradi. Qo‘ng‘iroq qishloqdan ekan. Mahliyoga uzr aytib, javob bergani xonadan chiqdi. Otasi bilan endi salom-alik qilayotgan paytda ikkinchi yo‘nalishdan o‘sha tanish raqam chiqib qoldi. Garchi Hanifa hayratda qolgan bo‘lsa-da, otasi bilan suhbatni bo‘lishga qurbi yetmadi. Otasining qishloqdoshlar hol-ahvoli haqidagi, shartnoma uchun jo‘natayotgan pullari uch kundan so‘ng yetib borishi to‘g‘risidagi gaplari Hanifaning qulog‘iga kirmay qo‘ydi. Suhbat tugagach, telefoni qo‘llari orasidan tushib ketishiga bir bahya qoldi. Shu paytgacha u qo‘ng‘iroq qilishi ham mumkinligini xayoliga keltirmagandi. Nima qilishini bilmay bir nuqtaga qadalib qoldi. Oxiri e’tiborga e’tibor bilan javob berish kerak, degan qarorga keldi va qo‘ng‘iroq qilish tugmasini bosdi. Mana, bir marta chaqirdi, ikkinchisi, uchinchisi… Yo‘q, ko‘tarmadi. Ko‘zlariga yosh qalqdi. “Boshqa bilan gaplashayotganimni bilib, noto‘g‘ri xayolga borgan. Yaxshisi, SMS yozaman: “Uzr, sizga javob bera olmadim. Otam bilan gaplashayotgan edim. Yana boshqa xayollarga bormang”. Professor kelayotganini ko‘rgach, xonaga kirishga majbur bo‘ldi. Joyiga o‘tirgan ham ediki, kakku ovozi yangradi. Darrov qaradi: “Hanifa, sizga o‘zimdan ham ortiq ishonaman. Noto‘g‘ri xayolga umuman borganim yo‘q. Faqat qaytib qo‘ng‘iroq qilganingizda ovozingizni eshitishga hali tayyor emasligimni his etdim. Bu odobsizligim uchun meni kechiring”. Yelkasini bosib turgan tog‘ qulab tushganday yengil tortdi.
Hanifaning umr mazmuni telefonidagi kakku ovoziga ilhaqlikdan iborat bo‘lib qoldi. U goh shirin orzular ketidan quvar, goh bu orzulari jilovini “Nega ko‘rinmayapti?” degan o‘y tortib qo‘yardi. “Balki uni men bilan ko‘rib qolishlaridan cho‘chirmikan? Men bilan yonma-yon turishdan or qilsa-chi?.. Yo‘g‘-e, unday bo‘lganida shu vaqtgacha menga bunchalik hissiyotli so‘zlarni jo‘nata olmasdi-ku. Yoki… O‘zining biror nuqsoni bormikan… oqsoqmikan yo? O‘zi asrasin. Balki ilk uchrashuvimiz uchun maxsus qaysidir kunni belgilayotgandir…”. Yozishmalarga, o‘y-xayollarga guvoh kunlar esa asta o‘tib borardi…
Bugun darsdan qaytishda Mahliyo unga hamroh bo‘ldi.
– Siz ham yotoqxonagami? Kecha yo‘q edim, dekan kelib majlis qilibdi-a? Yo‘qlarga indamadimi? – deb so‘radi u.
– Davomat qilmadi, umumiy yig‘ilish bo‘ldi. Keyingi haftada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida gapirdi.
– Unda yaxshi. Darvoqe, Hanifa, bayramni “pochcha” bilan nishonlasangiz kerak-a?!
Hanifa bunday gaplarga ko‘nikib qolgan bo‘lsa-da, qizarish hali ham unga begona emasdi:
– Qo‘ying, bunaqa gaplarni.
– Bilaman sizni. Balki, “pochcha” katta sovg‘a bilan kelar, deyman-da.
O‘z qavatlariga chiqqach, xonalariga tarqalishdi. Bugun ovqat qilish Hanifaning navbati bo‘lgani uchun kiyimlarini almashtirib oshxonaga bordi. Hali xonadoshi kelmagan ham ekan. “O‘sha kuni u menga nima der ekan? Bayramda uchrashuvga taklif qilib qolsa, nima qilaman? Qaysi ko‘ylagimni kiyib chiqaman? Har ehtimolga qarshi, kimdandir qarz olib turay. Kuyib ketgan piyozning hidi surayotgan shirin xayollarining ta’mini buzib yubordi. Nima ovqat qilayotganini bir zum esladi-da, qozonga suv solib, xonasida qolib ketgan telefonini olgani yugurdi. Kutganiday orzubaxsh raqamdan xabar kelgan: “Yaxshimisiz, qalbim zulmatini yoritgan Hanifam? Charchamayapsizmi? Afsuski, sizga o‘zim uchun noxush bo‘lgan xabarni yetkazmoqchiman. Xorijga magistratura uchun hujjat topshirgandim. Boyagina ertaga ertalab Angliyaga uchib ketishim haqida xabar qilishdi. Oldingizda judayam xijolatdaman. Na siz bilan ko‘risha oldim, na bayramni nishonlash nasib qildi. O‘sha kunni intizorlik bilan kutayotgandim. Faqat mendan ranjimang”. Hanifa ruhi chiqib ketgan jonsiz tanaga aylanib qoldi. Joyidan jilishga madori yetmadi. Ko‘zini derazadan ko‘rinib turgan moviy osmonga qaratdi. Shu darajada tip-tiniqki, go‘yoki ko‘m-ko‘k ummon samoga aylanib qolgandek. Hanifaga asta-sekin rang kirdi, yana o‘sha quvnoqroq holatiga qaytdi va javob yozishga kirishdi: “Rahmat, yaxshi. Tabriklayman, eshitib xursand bo‘ldim! Bemalol econ-omon borib kelavering. Aslo xijolat bo‘lmang”. Kakku ovozi kuttirib o‘tirmadi: “Tushunganingiz uchun rahmat, Hanifa. Mart oxirlarida qaytsam kerak. Siz bilan u yerdan bog‘lanishga harakat qilaman. O‘zingizni ehtiyot qiling, gulim. Mayli, yaxshi qoling”. Hanifa noma’lum shahzodasi nafaqat uni sevishini, balki xorijda ham o‘qishini eshitib, unga qanchalik havas qilishlarini o‘ylab yuragidagi g‘ashlikni haydashga urindi.
Kecha otasi shartnoma pulini kirakash-taksichidan berib yuborayotganini aytdi. Birozdan so‘ng Hanifa kelishilgan manzilga borishi kerak. Ustozidan ruxsat olib, shoshilgancha zinalardan tushib ketayotgan edi, kimningdir “Hanifa” degan chorlovi uni taqqa to‘xtatdi. Gurs-gurs urayotgan yuragini hovuchladi, ammo orqasiga qarashga o‘zida kuch topolmadi. Yana yigitning o‘sha chaqiruvidan so‘ng asta burildi. Qarasa, dekanatda ishlaydigan, o‘ttiz yoshlardagi, bo‘yi pastakkina, G‘anisher aka qo‘lida qog‘oz bilan turardi. – Yaxshimisiz, Hanifa? Sizni izlab chiqqandim. Shoshyapsiz, shekilli. Ko‘p vaqtingiz ketmaydi. Mana bu anketani to‘ldirib bering. Faqat sizniki qolgan.
Hanifa chuqur xo‘rsindi-da, qog‘ozni shosha-pisha to‘ldirishga kirishdi.
– Mana bu yeriga ism-familiyangiz, keyin tug‘ilgan joy, sana, yilingiz, bu tomoniga ota-onangizning ism-shariflari va telefonlari, bu yoqqa doimiy va hozirgi yashash manzilingiz, oxiriga o‘zingizning telefon raqamingiz. Mabodo, ayrim kursdoshlaringizga o‘xshab bir nechta raqamingiz bo‘lsa, o‘shalarni ham yozing.
Hanifa hammasini to‘ldirib, qog‘ozni uzatar ekan, bexosdan ko‘zi tanish raqamlarga tushib qoldi. Bu raqamlar har safar kakku ovozidan so‘ng yuragini hapriqtirib paydo bo‘ladigan, noma’lum sohibining umidbaxsh mujdalari bilan oromini o‘g‘irlagan, tunu kunga aylangan xayollaridan go‘zal ertaklar to‘qigan va uni dunyoda sevilish degan baxt borligiga ishontirgan o‘sha sirli raqamlar edi. Hanifa xatosini tuzatish bahonasida qog‘ozni qaytarib oldi. Avvaliga, shunchalik bog‘lanib qolganim uchun ko‘zimga ko‘rindi, deb o‘ziga ishonmadi. So‘ng butun vujudi ko‘zga aylandi. Bu sonlar kimningdir ikkinchi telefon raqami sifatida yozilgandi. Adashmaslik uchun Hanifa titrayotgan ko‘rsatkich barmog‘ini asta yurgizib, o‘sha qatordagi ism-familiyaga olib bordi… Yo‘q, adashdi, shekilli. Ich-ichidan bir tuyg‘u adashgan bo‘lishini Xudodan yolvorib so‘rardi. U ism-familiyaga qayta-qayta ko‘z yugurtirar, lekin raqam sohibi o‘zgarmasdi. Sumkasidan darrov telefonini chiqardi-da, raqamlarni bittama-bitta solishtirdi…
Ertaga xotin-qizlar intizorlik bilan kutadigan sana – 8-mart. Ayrim qizlar bugundanoq bayramni nishonlashni boshlab yuborishgan. Shunday bo‘lsa-da, qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargan domlaning darsiga o‘n besh daqiqa oldin hamma yig‘ilgan. Mana, eshik asta ochilib, sochini o‘zgacha turmaklagan, pardoz-andozi o‘ziga yarashgan, egnida yangi ko‘ylak, bir qo‘lida dasta atirgullar, yana bir quchog‘ida katta oppoq ayiqni qo‘ltiqlagancha Hanifa kirib keldi. Sukunat o‘tirganlarni o‘ziga o‘xshab gung va soqovga aylantirdi. Birov vaqtni to‘xtatib qo‘ygandek bir zumga hech kim qimirlay olmadi. Hanifa asta yurib qo‘lidagilarni bo‘sh turgan orqa partaga qo‘ydi-da, joyiga kelib o‘tirdi. Ayniqsa, uning yuziga yaqinda chizilgan kibrli tabassumning siyohi hali qurimagandi. Shundan so‘ng atrof yana harakatga keldi. Hamma yaproq kemirayotgan bir uy pilla qurtiga o‘xshab pichirlashga tushib ketdi. Faqatgina Mahliyo hali-hanuz qimir etmasdi.
Darslar tugagach, Hanifa bilan birga yotoqxonaga ketuvchi qizlar safi kengaydi. Yo‘l bo‘yi goh unisi, goh bunisi uning qo‘lidagilarni ko‘tarishib yuborishga ruxsat so‘rar, atirgullarni esa hidlayverib bezor qilishgandi. Yotoqxona yoniga yetganda Hanifa taqqa to‘xtadi:
– Darvoqe, qizlar, malol kelmasa, bularni xonamga kiritib qo‘ya olasizlarmi? Hozir ketishim kerak, meni kutishyapti.
Qizlar havas bilan tabassum qilgancha, “albatta” deb chug‘urlashdi. Shu paytgacha bir chetda lom-mim demay kelayotgan Mahliyo birdan jonlandi:
– Siz ham chatoqsiz… – Mahliyo niqobsiz gapirayotganiga birdan aqli yetdi. – Bayramni “pochcha”miz bilan nishonlasangiz kerak, deb to‘g‘ri topgan ekanman-da. Men uchun muhimi, baxtli bo‘lsangiz bas.
– Ha, “pochcha”ngiz holi-jonimga qo‘ymayapi, kerakmas, desam ham. Hozir ham kutib turibdilar. Mayli, men kechikmay… – dedi-yu, mashina to‘xtatib, turfa niyatli nigohlar kuzatuvi ostida jo‘nadi.
Kursdoshlar o‘z hayratlarini o‘rtoqlashib, yo‘l bo‘yi bu qiz kitobdan boshini ko‘tarmaydigan, birovlar ustidan kulsa-da jilmayib qo‘yadigan, o‘ziga yarashmaydigan kiyimlar kiyadigan, ularning nazdidagi “laqqi” Hanifa ekanligiga o‘zlarini ishontirib borishdi. Hamma o‘z xonasiga tarqalib ketgandan so‘ng ham bu mavzu ular bilan birga ancha vaqtgacha xonalarda aylanib yurdi. Faqat Mahliyo qo‘li hech ishga bormay xonasida o‘tirib qoldi. Bu hodisaga aslo aqli yetmas, o‘ziga tinmay savollar yog‘dirar edi. Eshikning shahd bilan ochilishidangina o‘ziga keldi. Dugonasi Shohista hovliqqancha kirib yoniga cho‘kdi-da, uning xayollarini o‘qib turganday gap boshladi:
– Nima bo‘lyapti o‘zi, Mahliyo? Axir, qanaqasiga?.. U faqat siz jo‘natgan SMSlarga javob yozardi, telefonda ham gaplashsa uydagilari bilan gaplashardi-ku.
– Bilmadim, mening ham boshim qotgan. Umuman aqlim yetmayapti. Hanifaga anovi atirgulni, shokoladni singlingiz orqali biz bergan bo‘lsak… Chet elga ketish haqidagi SMSni o‘tgan kuni yozgan bo‘lsam. Qisqa fursat ichida birortani topgan bo‘lishi mumkinmi? Bunaqa qimmat sovg‘alarni kim berishi mumkin?
– To‘satdan o‘ziga o‘xshagan semiz baxt qushi qo‘ndi desak, birov yoqtirib qoladigan ahvolda ham emas. Kiyinishi, pardozi uchun yonida hemiri bo‘lmasa. Uydagilarimdan pul so‘ramay deb kun bo‘yi och yurgan paytlarini ham bilaman… Nimasi borki, birov yoqtirib qolsa… To‘g‘ri, boshlagan o‘yinimizdan so‘ng sal o‘zgarganday bo‘luvdi. Lekin bugun umuman boshqa qizga aylanib qolibdi.
– Uf, hozir jinni bo‘lib qolaman. Unda kim Hanifaga bunchalik xushtor bo‘lishi mumkin? Kim?
– Mayli qo‘yavering. Hali keladi-ku, shunda aniqlashtirib olamiz. Darvoqe, “Majnun”ingiz bayramga nimadir berdimi?
– O‘qishdan so‘ng yotoqxona oldiga boraman, degandi. Ishqilib, o‘tgan safargiday kitob ko‘tarib kelmasin-da. O‘zingizniki-chi?
– Menikiyam siznikidan qolishmaydi, shekilli. Avvaliga boyroqday tuyulgandi-da. Bo‘lmaydiganga o‘xshaydi bu… – deb ikki dugona ancha vaqtgacha hasratlashib o‘tirdi. Shohista ketishga chog‘lanib, deraza tomonga yaqinlashdi:
– O‘, nihoyat bizning qurbaqadan malikaga aylangan dugonamiz kelyapti. Qo‘lida yana allanima.
Mahliyo deraza yoniga yugurdi. Darhaqiqat, Hanifa qo‘lida kattaroq quti bilan ichkariga kirib ketdi. Ikki dugonaning ko‘zlari ancha vaqtgacha bir-birlariga so‘zsiz qadalib qoldi. Oradan choy qaynar vaqt o‘tgach, xonadagi sukunatni Hanifaning quvnoq ovozi buzdi:
– Yaxshimisiz, qizlar? Ie, tinchlikmi, xomush ko‘rinasizlar? Shirinlik bilan choyga chaqirayotgan edim, yuringlar. Kayfiyatingiz ham ko‘tariladi. Yana uch-to‘rt qizni aytdim.
Kutilmagan taklifdan kalovlanib qolgan dugonalar qiziqsinib uning ortidan ergashdilar. Stol ustida ayrim talabalarning faqatgina tushlariga kirib chiqadigan, mevalar bilan bezatilgan katta tort savlat to‘kib turardi. Qolganlar ham kelishdi. Hanifa tortni bamaylixotir bo‘laklab, ketma-ket uzatdi. Qizlar boyadan beri ichlarida toshib ketish arafasida turgan savollarini yog‘dira boshladilar. Hanifa sirli tabassum bilan ularni tinglardi.
– Xullas, kelishilgan joyimizda uchrashdik. Borsam, kafedagi stol va stul usti atirgullar bilan to‘ldirilgan. Shunday go‘zal ediki! Keyin men otini bilmayman, allaqanday ovqatlar, shirinliklar buyurdilar. Tamaddi qildik, suhbatlashdik. Mana bu tortni dugonalaringizga olib boring, deb berib yubordilar.
Hanifa qisqagina qilib, xotirjam ohangda shularni aytib berdi. O‘zini bunday tutishi unga yanada sirlilik baxsh etardi. Keyin gap goh domlalarga, goh kursdoshlarga, goh darslarga ko‘char, ammo har zamonda Hanifaning mavzusiga qaytib kelardi. Kechga yaqin dugonalar unga minnatdorlik bildirishgancha o‘z xonalariga tarqalishdi. Bu safar uyqusizlik Mahliyonikida tunashga qaror qildi.
Hanifadagi bu o‘zgarishlar, noma’lum yigitning unga oshiq bo‘lib qolgani ko‘pchilikning og‘zida chaynalar, kursdoshlari orasidagi mavqei ham ancha ko‘tarilgandi. Hanifa borgan sari o‘zini sovuq tutar, shunga qaramay atrofidagi ”parvona”lar soni oshib borardi. Har kuni goh darsxonaga, goh yotoqxonaga ko‘zni quvontiradigan tortlar, televizordan reklamasi tushmaydigan qimmatbaho shirinliklar olib kelar va, albatta, ularni kursdoshlari, ayniqsa, Mahliyo bilan baham ko‘rardi. Mahliyo o‘ylayverib, eti suyagi bilan bir bo‘lay deganda taqdirga tan berdi va u ham girdikapalak bo‘luvchilar safidan joy oldi. Ammo hammadan o‘zini ustun biluvchi Mahliyo Hanifaning tabassumli yuzini, noma’lum yigitdan olayotgan sovg‘alarini ko‘rganda, ichini nimadir qattiq tirnab qo‘yardi. Chunki u hali-hanuz Hanifani yuksak e’tiborga, muhabbat tuyg‘usiga noloyiq deb hisoblardi.
Kunlar o‘zaro quvalashib Hanifaning tug‘ilgan kuni ham yetib keldi. Bugun kursdosh qizlarni o‘zlari beradigan sovg‘adan ham ko‘ra Hanifaning nima ko‘tarib kelishi ko‘proq qiziqtirardi. Hattoki, bu borada o‘z taxminlarini aytib, garov ham bog‘lashgan. Vaqt o‘tgan sari yotoqxona derazasidan mo‘ralab turgan talabalar sonining ortib borishi xuddi asalari inini eslatardi. Mana, shom yuziga qizg‘ish pardasini yopgan bo‘lsa-da, kutilayotgan insondan darak yo‘q. Odatda Hanifa hech qachon bunchalik kech qolmasdi.
– Ana, ana, kelyapti, – qichqirdi kimdir. Bir-birlariga tiqilishib boshlarini derazadan chiqarishdi. Go‘yoki ular kimsasiz orolda chorasiz qolishgan-u, qutqargani xaloskor paydo bo‘lgandek edi. Ko‘tarilgan chug‘ur-chug‘urdan qushlar ham hayratda jim bo‘lib qoldi. Hammaning ko‘zi Hanifaning qo‘lidagi narsaga qaratilgan.
O‘ziga oro bergan Hanifa o‘sha sirli tabassum bilan qo‘lida chiroyli bezatilgan katta savatni ko‘targancha yotoqxonaga yaqinlashdi. Ikki yigit darrov tushib, yordamga shoshildi va Hanifaning xonasiga avaylab olib chiqib berishdi. Shu zahotiyoq qizlar u yerga guvva yopirildilar. Butun dahlizni gullarning yoqimli ifori tutdi. Savatda bir quchoq qip-qizil atirgullar bir davra go‘zal qizlardek yastanib o‘tirishardi. Ayrimlar gullarni hidlashga tushib ketgan bo‘lsa, yana ayrimlar ularni sanashni boshlab yubordi. Shu payt kimdir hayrat bilan qichqirib yubordi:
– Dahshat, qizlar, kinodagiday uch yuzta atirgul ekan.
– Yo‘q, uch yuz bitta, – birinchisining xatosini tuzatdi kimdir.
– Adashyapsizlar, menda uch yuz beshta chiqdi.
– Qanday baxtli qizsiz-a? Hanifa, o‘zingiz ayta qoling, nechta atirgul bor?
– Bilmadim, lekin “Dilimdagilarni izhor qilishga bu uch yuz bitta atirgul kamlik qiladi” degandek bo‘luvdilar, – dedi sokin, ammo tabassum bilan.
– Voy, qaranglar, o‘rtadagi atirgulning ustida qizil quticha ham bor ekan. Ochsak maylimi?
Hanifa jilmaygancha bosh irg‘adi, uning nigohi qutichadan ko‘z uzolmayotgan Mahliyoda edi…
Quticha ham ochildi. Yotoqxonaning butun binosini 5-qavatda ko‘tarilgan qiyqirishlar, chalingan qarsaklar ovozi tutdi. Bunga qutichadan chiqqan bejirim ishlangan tilla uzuk sabab bo‘lgandi. Ko‘tarilgan shovqindan o‘pkasini qo‘ltiqlagancha yotoqxona nazoratchisi yugurib chiqdi va yig‘ilganlarni o‘z xonalariga tarqatib yubordi…
* * *
– Dilqulova, dekan o‘rinbosarining xonasiga kirar ekansiz.
Hanifa yuragini xavotir bilan g‘ijimlagan ko‘yi Jumayevning ro‘parasiga kelib to‘xtadi. Ochiq qoldirilgan eshik g‘iyqillagancha yo‘lakdagi talabalar shovqiniga va yana nimalargadir intiho yasagandek sharq etib yopildi. Dekan o‘rinbosari siyrak sochlari taram-taram qilib taralgan boshini hadeganda stoldan ko‘tarmadi.
– Chaqirgan ekansiz?
O‘rinbosar hamon boshini ko‘tarmasdi, uning hech narsa o‘qimayotganligi, noxush bir gapni aytishga tayyorgarlik ko‘rayotganligi shundoq ko‘rinib turardi. O‘rtaga asrga tatigulik jimlik cho‘kdi. Nogahon nomsiz bir sezim Hanifaning yuragidagi g‘ijimlarni yoya boshladi va uni xotirjamlik rangiga bo‘yadi. Qiz o‘z-o‘zi bilan kurashar, vaqtinchalik alamli tantanalar nihoyasiga yetganini anglatuvchi nuqta hozir qo‘yilajagini, yo‘q, yo‘q, qo‘yilib bo‘lganini his qildi. Birdan dunyo bo‘shab qoldi: na raqib bor, na do‘st bor. Mana bu auditoriyalar, kursdoshlar ham, olisdagi qishlog‘i ham, ertangi kun ham ma’nisizlik qa’riga g‘arq bo‘ldi.
– Hanifa, – dedi o‘ylayverganidan chuvakkina yuzi bo‘g‘riqib ketgan o‘rinbosar, – muhlat berdik, muhlat berdik. Ammo to‘lamadingiz. Dekan bilan rektoratga chiqib keldik. Ammo iloji yo‘q, qoida hammaga bir xil, haydaladi, dedi.
Hanifaning umid chirog‘i osilib turgan nozik rishta uzilib ketganday, atrofini zulmat qoplaganday bo‘ldi.
– Ammo sizning a’lochi talabalarimizdan ekaningizni, shart-sharoitingizni tushuntirdik. Rektor oxirgi imkoniyat, dedi. Manavi hujjatga tanishdim, deb qo‘l qo‘yishingiz kerak ekan. Uch kunda to‘lamasangiz, unda keyin boshqa choramiz qolmaydi…
Hanifa qizlar kelib qolishidan xavotir ila kiyimlarini shosha-pisha katta sumkaga joylardi. Mana bu muhabbatga aldanish ko‘ylagi, mana bu intizorlik va alam ko‘ylagi, mana bunisi iztirob kofta-yubkasi, bunisi tomoqlarini bo‘g‘gan, tashqariga otilib chiqolmagan xo‘rlik sharfi, mana bu so‘nggi intiqom – qutichadagi mo‘jaz tilla uzuk… Otasi yuborgan kontrakt pulining dard va g‘amga evrilgan parchalari. U birov quvib kelayotgandek yugurgilaganicha katta yo‘lga chiqdi. Bir zum ikkilanib qoldi – qayoqqa? Savolga javob ham, javobga fursat ham yo‘q edi. Tezroq. U nimadan qochayotganini o‘zi ham bilmasdi. Halloslab borar ekan, ko‘ksidan yaralangan jonzotning o‘kirigiga o‘xshash bir faryod bo‘linib-bo‘linib, nafasi bilan birga otilib chiqar, bu na yig‘i, na dod edi. Ammo ko‘zida yosh yo‘q, yurak izhorining so‘nggi bulog‘i ham qurigandek edi.
Hanifa juda uzoq yurdi. Oyoqlariga suykalib, tap-tap urilib, uni shoshmaslikka, orqaga qaytishga undab kelayotgan sumkasi nihoyat uning qo‘lidagi, yo‘q, yo‘q, butun vujudidagi quvvatni so‘rib oldi-da, bor og‘irligini tashlab, uni to‘xtashga majbur qildi. Hanifa sumkasining ustiga majolsiz cho‘kdi. U yo‘lning hayot qo‘shig‘i – avtolar va odamlar shovqinini eshitmas, nigohlari noma’lum nuqtaga qadalgancha qotib qolgan, miyasining qaysidir qatida boshlangan og‘riq boshini yorib chiqish payida edi.
Shu payt uning ongi-shuuriga nimadir kirmoqchi bo‘lib urinayotganini his qildi. Diqqatini jamlab buning ovoz ekanini, telefonidan taralayotgan kakku ovozi ekanini zo‘rg‘a angladi. Kakku ovozi! Jonini birov burovga olganday ingrab yubordi. Kakku ovozi yana yangradi. Daf’atan miyasida bir fikr chirillab aylana boshladi, telefonni otib yuborib, o‘zini mashina tagiga tashlasa-chi? Hammasidan qutuladi. Nogahon darvoza oldida judolikni ko‘tarolmay yiqilib yotgan onasi, Toshkentdan tobutini olib ketayotgan bir burdagina otasining qiyofasi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Xo‘rligi keldi. Yana kakku ovozi. U nima qilayotganini o‘zi ham anglamagan, ixtiyorsiz holda yarim ochiq hamyonidan telefonini qo‘lga oldi. Qator SMSlar. Hammasi bitta telefondan. “Hanifa, darsdan chiqib biznikiga kel. Muhim gap bor. Rohila”. Ichidan kinoyaga o‘xshash bir narsa chizilib o‘tdi: dunyoda muhim narsayam bormi? Kakku ovozi yana bir necha bor yangradi. O‘sha xabar. Hanifa uzoq o‘tirdi. Kirakashlar mashinani bibillatib to‘xtatib, “Qayoqqa?” deb so‘rayverib joniga tegdi. Nihoyat, u o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yotoqqa yo‘l yo‘q, qishloqqa yo‘l yo‘q…
Eshikni ochgan Rohila xursandligidan terisiga sig‘may ketdi.
– Xayriyat-ey, keldingmi, dugonajon? SMSga javob ham yozmaysan?
– Yozib o‘tiramanmi, bir kirib o‘tay dedim.
– Eh-he, katta sumka ko‘tarib olibsan?
– Uyga ketmoqchi edim.
– Erta-indin ketarsan. Qani, ichkariga kir.
Qand-qurs, choy-non qo‘yilganidan chehrasi ochilgan dasturxon ikki qishloqdosh dugonani yoniga chorladi, dugonalar ro‘baro‘ o‘tirishdi. Rohila choyni qaytararkan, gapni nimadan boshlashni o‘ylab kayfiyatsiz o‘tirgan Hanifaga zehn soldi.
– Ranging bir ahvol, mazang yo‘qmi?
– Yo‘q, yaxshiman. Shu… sessiyadagi imtihonlar charchatdi, shekilli.
– Parvo qilma. Uydagilarni bir ko‘rsang charchog‘ing chiqib ketadi. Qani ol, dasturxonga qarab o‘tir. Endi… Men hozir, ovqatning tagini pasaytirib kelay.
Ovqat olovinimi, ichidagi hayajon olovinimi pasaytirib kelgan Rohila gap boshladi:
– Hanifa, shu… kimdir nimagadir sabab bo‘ladi. Shu… biz bolalikdan dugonamiz… To‘xta, avval so‘rab olay, faqat to‘g‘risini ayt… birorta yigiting bormi?
Hanifa birov boshiga tosh bilan urganday karaxt bo‘lib qoldi. “Yotoqdagi gaplarni bu qayerdan eshitgan? Qishloqqayam yetib borgandir?..”
– Qo‘ysang-chi shunaqa gaplarni.
– Menga qara, baribir shu savdo bugun bo‘lmasa, ertaga boshingga keladi. Avval eshit. Tug‘ilgan kunimda kelganing esingdami? Bu gap o‘sha kundan keyin boshlangan.
Hanifa endi dong qotib qoldi. “Demak, menga kelgan SMSni o‘qigan. Qanday qilib? Telefon qo‘limda edi-ku…”
– Nima gap boshlanadi?
– Menga qara, mehmonlarni ko‘ruvdingmi? Ularni birortasini tanirmiding?
– Nima deyapsiz? Hech kim kelgani yo‘q edi-ku…
– Gapni bo‘lmay tur. Zinadan tushib ketayotganingda mehmonlar chiqib kelayotgan ekan, shundaymi? O‘shalarning ichida men bilan birga ishlaydigan Gulnora bilan akasi ham bor edi.
Hanifa keraksiz bo‘lib qolgan buyumlarni tashlab yuborishdan oldin yana bir bor titkilagandek xotirasini titkilay boshladi. Zinadan ko‘pchilik chiqib kelayotgandi. Ikki qishloqdosh qiz bilan salomlashdi. O‘sha payt dardu dunyosi o‘ziga yetib ortardi. Kimdir “Yaxshimisiz?” dedi. Javob berdimi-yo‘qmi, tashqariga otildi. Tamom.
– O‘sha Gulnoraning akasi seni bilar ekan…
– Nima? Bilar ekan? Rohila, yotoqxona shunaqa g‘iybatlarga to‘lib yotibdi, jonimga tekkan…
– Yotoqxonangdagi g‘iybatlar boshqa. Hozir gap sen haqingda ketyapti. Birpas sabr qil, iltimos. Bilar ekan degani uchrashib yurgan ekan, degani emas-ku, bir marta ko‘rgan ekan.
Hanifa bu yog‘iga Rohilaning gaplarini oxirigacha eshitishga mahkum ekanligini anglab, bo‘shliqqa qaraganday dugonasiga tikilib o‘tirishdan boshqa chora topmadi. Bunday paytlarda qizlar qiziqib, “Qachon, qayerda ko‘rgan ekan?” deb beradigan savollar ham bo‘lmaganidan Rohila yigitning ta’rifiga tushdi:
– Gulnoraning aytishicha, akasiga har qanaqa qizlar yoqavermaskan. Bir-ikkitasini ko‘rsatishgan ekan, bo‘lmaydi, debdi. Yana topib qistayverishgan ekan, meni tinch qo‘yinglar, kerak payti o‘zim topaman, debdi. Kelib-kelib, kutilmaganda zinada seni ko‘rib qolibdi. Bu qizni ilgari ko‘rganman, studentliginiyam bilaman, lekin otiniyam, qayerda o‘qishiniyam bilmasdim, surishtirib hech bo‘lmasa telefonini olib ber, debdi singlisiga. Sen haqingda nima debdi degin: ko‘p qizlarning ko‘zida ta’ma bor, men chiroyliman, men senga yoqdimmi yoki puling ko‘pmi, qayerda ishlaysan, shunga qarab muomala qilaman, degan yozuv yozilgan turarmish. U sening ko‘zingda bunaqa g‘ubordan asar ham ko‘rmabdi. Qara, qanday diqqatli yigit ekan, bir marta ko‘rganda shuncha narsani ilg‘ab olibdi. Keyin seni rosa izlagan ekan… – Rohila yana nimalarnidir aytsammi, aytmasammi deb biroz o‘ylanib turdi. – Xullas, o‘sha kundan beri Gulnora “Gaplashdingizmi?” deb holimga qo‘ymaydi. Ismingni aytdim, o‘zingdan so‘ramasdan institutingni, telefoningni aytmadim. Shu paytgacha o‘yladim, balki yigiti bordir, dedim, Hanifaga yoqmasa-chi dedim, qishloqda Rohila Hanifaga er izlabdi, degan gap chiqsa-chi, dedim. Kecha Gulnoraning bir-ikita achchiq gapi jonimdan o‘tib ketdi. “Akamni past ko‘ryapsanmi yoki bizning biror yomonligimiz bormi?” dedi. Uxlamay chiqdim… Nima deysan, telefoningni beraymi, yo bir uchrashib ko‘rasanmi?
Rohila dugonasidan sado kutib uzoq o‘tirdi. Javobsiz jimlik joniga tegdi.
– Bir narsa desang-chi! Yo ko‘nglimda birov bor deb ayt…
– Rohila, meniyam, o‘zingni ham qiynama. Hozir menda ko‘ngil ham yo‘q, ichida birov ham yo‘q. Birov bilan uchrashish xohishi ham yo‘q. Juda charchaganman.
– O‘qish adoyi tamom qilibdi seni, – Rohila havosi chiqarilgan pufakday bo‘shashib qoldi, kayfiyati tushib ketdi. – Mayli, damingni ol, o‘zingga kel. Keyin gaplashamiz bu gaplarni.
Ertalab Hanifa uyqudan turganda Rohilaning eri ishga ketib bo‘lgan, bolasi bog‘chaga qo‘yib kelingan edi. Ikki dugona choy ichishga o‘tirishdi. Rohila kechagi gapni qo‘zg‘amadi, ammo odatdagidan sermulozamatroq tuyuldi. Uni ol, buni ol, deb qistar, bolasining qiliqlarini aytib kulardi. Lekin nimadandir bezovta edi.
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Rohila otilib turib eshikka yugurdi.
– Assalom-aleykum, kelinglar-kelinglar. Voy, nima qilib yuribsiz ovora bo‘lib. Qani, ichkariga. Dugonam kelib qolgan edi. Bu xonaga, qani, marhamat…
Xonaga bo‘yi pastroq, sochlarini orqasiga turmaklab olgan, istarasi issiqqina qiz jilmaygancha kirib keldi. Orqasida bir yigit turardi.
Rohila mehmonlarni Hanifaga tanishtirdi:
– Bu Gulnora, birga ishlaymiz. Bu kishi akalari…
– Yusuf akam, – dedi kulib Gulnora.
Tanishtiruv shunchalik tez yuz berdiki, mehmonlar hurmati uchun tik turgan Hanifa nima bo‘layotganini anglashga ham ulgurmadi. U avval qizga, so‘ng yigitga qaradi va… turgan joyida qotib qoldi.
Mashinaning old oynasidan bir lahza tikilgan o‘sha nigohlar, uyqusiz tunlardagi xayollar, sarobga aylangan orzular, kakku ovozi har yangraganda ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladigan siymoga aylanib qarshisida turardi.
– Yaxshimisiz? – dedi yigit. – O‘sha kuni uyga yaxshi yetib bordingizmi?
“Hoy, ehtiyot bo‘ling, singlim. Yaxshiyamki, sizga hech narsa qilmadi, Xudoning o‘zi asradi” – bir paytlar takrorlanaverganidan qo‘shiqday yod bo‘lib ketgan o‘sha so‘zlarning sohibi!
Hanifaning javob qilishga tili aylanmas, ko‘zlarida yosh jilolanib turardi.
«Yoshlik» jurnali, 2016 yil, 6-son