Alfons Dode. Arlyalik qiz (hikoya)
Tegirmonimdan qishloqqa tushish uchun yo‘l bo‘yida joylashgan katta xo‘jalik etagidagi serdaraxt hovli yonidan o‘tish lozim. Bu oddiy qishloq uyi: old tomondan qaraganda qizil cherepitsiya, tom ustiga qadalgan flyuger, pichan ortadigan chig‘ir shundoqqina ko‘zga tashlanadi. Tom orasidan ildizi qoraygan pichan bog‘lamlarining xiyla qismi tashqariga chiqib qolgan. Negadir bu uyning ko‘rinishi meni ajablantirdi, yopiq darvozasi yuragimni siqdi. Bilmayman. O‘sha tomondan esadigan yel ham menga sovuq tuyuldi. Atrofda tiq etgan tovush eshitilmaydi. O‘tgan-ketganga hurishni kanda qilmaydigan itlar ham jimib qolgan. Tovuqlar ivirsib yurishadi. Hatto xachir ham bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqni jiringlatishni istamayotgandek. Derazalardagi pardalar, mo‘ridan chiqayotgan tutun hisobga olinmasa, bu hovlida odam yashashi bilinmaydi.
Kecha qoq tush mahali qishloqdan qaytayotgan edim. Jaziramada yurmaslik uchun daraxtlar soyasi tushib turgan devor tagiga o‘tib oldim… Uyning oldida ishchilar aravaga pichan ortishardi… Darvozalar ochiq edi. O‘tib ketayotib, hovliga ko‘z tashladim va kalta kamzulli, yirtiq ishtondagi baland bo‘yli, qordek oppoq soqolli cholni ko‘rdim; u qo‘lini boshiga tiragancha katta tosh stolda o‘tirardi. Men to‘xtab qoldim. Ishchilardan biri menga pichirlab gapirdi:
– Tss! Xo‘jayin… U o‘g‘li halokatga uchragandan beri shunday bo‘lib qolgan.
Shu payt oltin suvi yugurtirilgan katta va naqshinkor ibodat kitobini ko‘targan ayol bilan bola yonginamizdan o‘tib ketishdi-yu, fermaga kirib ko‘zdan uzoqlashdi.
– Beka va kenjatoy cherkovdan ibodat qilib qaytishyapti. Ular to‘ng‘ich o‘g‘illari Jan o‘z joniga qasd qilganidan beri u yerga qatnashadi… Oh, janob! Qanday baxtsizlik!.. Otasi hali ham marhumning kiyimini kiyib yuribdi. Undan sira ayrilgisi kelmaydi…
Men hikoyani oxirigacha bilgim keldi va aravaga chiqib, pichanga o‘tirgancha, bu hayajonli voqea tafsilotini tingladim…
Uni Jan deb atashardi: kamtar, arslondek baquvvat, yigirma yoshlarni qoralagan ko‘ngilchan dehqon yigiti. Qizlar undan ko‘z uzisholmasdi. Ammo uning xayolini Arlya amfiteatrida tasodifan uchratib qolgan qiz, duxoba va mayin ipak to‘rga burkangan arlyalik jonon egallashga ulgurgan edi. Janning munosabatlariga, avvalo, uning oilasi xayrixohlik bildirishmadi. Qizning otasi bu yerlik emas, aksiga olib qiz ham yengil tabiatli degan nom olishga ulgurgandi. Biroq, Jan butun borlig‘i bilan arlyalik tomon talpinardi.
U shunday derdi:
– Unga uylanmasam — o‘laman.
Nima ham qila olishardi. To‘y yig‘im-terimdan so‘ng o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Shunday qilib, yakshanba oqshomida butun oila dasturxon atrofida edi. Ovqatlanish deyarli to‘y ziyofatiga aylandi. Albatta, u yerda kelin yo‘q, shunday bo‘lsa-da, uning sog‘lig‘i uchun bir necha bor qadah ko‘tarildi… Shu payt eshik oldida bir yigit paydo bo‘ldi va qaltiroq ovozda uy xojasi Estev bilan gaplashmoqchiligini aytdi. Estev ko‘chaga chiqdi.
– Xo‘jayin, – dedi yigit, – siz o‘g‘lingizni yaramas qizga uylantirmoqchimisiz?! Ikki yildan beri qiz bilan oshiq-ma’shuqman. Men buni sizga aytyapmanmi, demak, isbotlay ham olaman. Mana sizga xatlar!.. Ota-onasi ham hammasini bilishadi va uni menga uzatishga va’da berishgandi; biroq unga o‘g‘lingizni unashtirganingizdan beri na ular, na nozaninning o‘zi meni bir chaqaga olishadi… Ammo menimcha, bu gaplardan so‘ng u boshqa odamning xotini bo‘la olmaydi.
– Xo‘p, mayli! – dedi Estev xatlarni ko‘zdan kechirayotib, – kiring, bir stakan muskat iching.
– Rahmat! Meni chanqoq emas, dard qiynayapti.
U ketdi.
Ota hech narsa bo‘lmagandek ortiga qaytdi. Stulga o‘tirdi va avvalgidek quvnoq holda ovqatlandi…
Shu kecha Estev tog‘a dalaga o‘g‘li bilan ketdi. Ular uyga uzoq vaqt qaytishmadi; qaytib kelishganda esa ona ularni kutib o‘tirardi.
– Xotin, – dedi xo‘jayin o‘g‘lini uning oldiga olib kelib, – unga taskin ber, u g‘amga botgan…
Jan bo‘lib o‘tgan gaplardan xabar topishiga qaramay, qizga munosabatini o‘zgartirmadi. Uni kuchliroq sevib borardi. Faqat Jan sho‘rlik o‘zini mag‘rur va bosiq tutishga urinar, ana shu holati unga azob bera boshlagan edi. Ba’zida u burchak-burchaklarga biqinib olardi. Ba’zan esa o‘zini ishga urar, alam ustida bir o‘zi o‘nlab odamlarning ishini bajarardi… Kechalari shafaq nurlariga uyg‘unlashgan shahar qo‘ng‘iroqlari aniq ko‘rinmaguncha Arlya yo‘llarini kezib yurardi. Shundan so‘ng ortga qaytardi.
Uni doimo bunday g‘amgin va yolg‘iz holda ko‘rgan ota-ona nima qilishni bilishmasdi. Biror halokat yuz berishidan yurak hovuchlashardi. Bir safar ona ovqat ustida yosh to‘la nigohi bilan qarab dedi:
– Jan, o‘g‘lim, agar sen uni chindan ham sevsang, usiz hayotingni tasavvur qila olmasang, u bilan baxtli bo‘lishingga ishonsang, biz seni unga uylantirishga rozimiz.
Otaning boshi beixtiyor egildi.
Jan ma’noli bosh chayqadi va tashqariga chiqdi.
Shu kundan boshlab u o‘z hayot tarzini o‘zgartirdi, ota-onasini tinchlantirish uchun quvnoq bo‘lib ko‘rinishga harakat qildi. Raqs kechalarida, qovoqxonalarda, bayramlarda yana paydo bo‘la boshladi.
Ota “U sog‘ayib qoldi…” deb o‘ylardi. Lekin onaning ko‘nglidagi g‘ashlik tarqamagan, o‘g‘lini avvalgidan ham ko‘proq kuzata boshlagan edi. Jan ukasi bilan ipak qurti boqiladigan uy yonida uxlardi; bechora ona esa ularning yotog‘iga yaqin joyga karavotini qo‘ydi. Ipak qurtlaridan xabar olish — onaning o‘g‘lidan boxabar bo‘lib turishi uchun o‘ylab topilgan bahona edi.
Nihoyat, fermerlar homiysi Muqaddas Eligiya kuni ham keldi.
Fermada bayram baxtsizlik bilan boshlandi…
Barchaga shatonef uzatildi, oddiy vino esa serob edi. Keyin mushakbozlik boshlandi, barcha daraxtlarga rangli fonarlar ilindi.
Muqaddas Eligiyaga sharaflar bo‘lsin!
Hatto Jan ham xursanddek ko‘rindi: u onasini raqsga taklif qilarkan, bechora ayol sevinganidan yig‘lab yubordi.
Yarim tundagina uxlashga yotishdi. Barcha dam olishga mushtoq edi. Lekin Jan uxlamadi. Keyinchalik ukasining aytishicha, u kechasi bilan yig‘lab chiqibdi. hali tong yorishmay, onaning qulog‘iga kimningdir yotoqxonadan yugurib o‘tgani eshitildi. Uning yuragi bezovta bo‘layotgan edi.
– Jan, senmisan?
Javob bo‘lmadi; u allaqachon zinapoyada edi.
Ona bir sapchib tushdi:
– Jan, qayoqqa?
Jan cherdakka ko‘tarildi; ona uning ortidan chiqdi:
– Bolajonim, Xudo xayringni bersin!
Jan eshikni yopdi va zulfinni tushirdi.
– Jan, bolaginam, Jan, javob ber! Nima qilmoqchisan?
Ona qaltiroq, serajin qo‘llari bilan zulfinni paypaslab axtarardi. Oyna ochilib, hovliga yotqizilgan plita ustidan gursillagan ovoz eshitildi. Hammasi bir zumda tugadi.
“Men uni haddan tashqari kuchli sevaman… Yaxshisi, men ketaman”. Bu Janning so‘nggi qarori edi. Eh, biz odamlar naqadar ojizmiz!
Shu tongda odamlar Estevlar hovlisi tomondan kelayotgan alamli yig‘i tovushi kimnikiligini bilolmay dong qotishdi.
Hovlidagi tosh stol ortida tonggi shabnam va qondan hamma yog‘i ho‘l bo‘lgan ona o‘g‘lining ustida hasrat bilan ko‘z yosh to‘kardi…
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi