Kamilo Xose Sela. Echkilardan kechaylik (hikoya)
Muzofotning ko‘hna markazidagi ko‘p yillik ilmiy-adabiy kengash soat beshlarda jamuljam bo‘ldi. Adabiyot nazariyasi professori, o‘zining ta’biricha, Nunes de Arse va don Ramon Kampoamorning yaqin do‘sti Don Servando jussasining to‘rtdan uch qismini astagina kresloning suyanchig‘iga qo‘ydi, Tronkoso notarial idorasining shirinsuhan kotibi don Manuel esa zim-ziyo tunning qora po‘stini haqidagi har kech takrorlaydigan jimjimador gapini tamomladi.
Jamoat – mana qancha yildirki – majlisni ochiq, eshiklarni yopiq deb e’lon qilish uchun ana shu so‘nggi ishoralarni kutardi. Kengash a’zolari, ehtiyotkor va eskilik tarafdori bo‘lishsa-da, yaxshi anglab yetilgan taraqqiyotni xush ko‘ruvchi, xulq-atvor va odatlariga kun sayin sayqal beruvchi janoblar tamaki tutatib, “La Tarde”ni varaqlab, undagi ta’ziyalarga ko‘z yugurtirishga va bir finjon qahva ichishga ulgurishdi. Hamma yig‘ilguncha hech kim so‘zga chiqmadi. Yillar davomida urfga aylangan bu sukutni buzishga hech kim jazm etmasdi.
Odatda majlisda mamlakatdagi jiddiy siyosiy va iqtisodiy masalalar muhokama qilinar va ba’zi-ba’zida Alfons II ning ma’shuqalari yoki torrero Matstsantining aql bovar qilmas epchilligi haqida hangomalashishga izn berilardi.
Har doimgidek boshlovchilik majlisga hamisha kechikib keluvchi don Servandoning zimmasiga tushdi. Ammo o‘sha kuni professor vaysashni boshlamoqchi bo‘lib turganda, sochi hurpaygan don Daniel qo‘l ishorasi bilan uni jimlikka chorlab, gap boshladi:
– Senorlar, men o‘zimga tinchlik bermagan savol ustida ko‘p yillar bosh qotirdim. Kecha kechqurun nihoyat masalaning mohiyatiga yetdim, ta’bir joiz bo‘lsa, jumboqning kalitini topdim. Ijozatingiz bilan…
Don Daniel qartaygan sersoqol vrach, federalchi-respublikachi edi. Aytishlaricha, u yoshligida qasrda ancha obro‘yi bor bir gertsoginya bilan oshiq-ma’shuqlik qilgan, gertsoginya badiga urgach xonimga ochig‘ini aytib qo‘yaqolgan, oqibatda o‘sha gertsoginya alamidan Don Danielning yuziga otgan shisha vrachning bo‘yni-yu, iyagida vahimali chandiq qoldirgan ekan. Bu mish-mish rostmi-yolg‘onmi, bilib bo‘lmaydi, chunki Don Danielning soqol bosgan yuzi va iyagini tekshirishning imkoni yo‘q edi. Jamoat a’zolari unga ishora qilib, gapirishga ruxsat berishgach, Don Daniel hayajondan ovozi bo‘g‘ilib fikrlarini bayon eta boshladi:
– Senorlar, mamlakatimiz iqtisodi jar yoqasiga kelib qolgan. Anchadan beri ahvol shu, demak, noliyvermay, muammoning chorasini qidirish vaqti keldi. Men gapni cho‘zmay, biz hukumatdan talab qiladigan yagona chorani sizlarga ikki og‘iz so‘z bilan tushuntiraman: do‘stlarim, Ispaniyada sira kechiktirmay hamma echkilarni qirish kerak. Ha, xotirjam yashashimiz uchun echkilarni qirish shart. Senorlar, Ispaniyada turmush darajasi past, chunki bizda sanoat yo‘q. Chegara ortiga e’tibor qaratsak, sanoati gurkiragan Angliya, Prussiya va Frantsiya fuqarolari yashash sharoitlarini aql bovar qilmas darajaga ko‘tarishganini ko‘ramiz. Xo‘sh, sizga savol, senorlar, Ispaniyada nega sanoat yo‘q? Javob o‘z-o‘zidan ma’lum: Ispaniyada sanoat yo‘qligiga sabab, ispanlar ishlashga o‘rganmagan. Xo‘sh, ular erinchoqmi yoki ishlashga rag‘bati so‘nganmi? Kamina bu haqda ko‘p o‘yladim va hammadan avval sizlarga o‘zimning hali uncha tartib berilmagan qarashlarimni bayon qilaman. Ispan kishisining ishlagisi yo‘q, negaki, ochig‘ini aytaylik, xalq xonavayron bo‘lgan. Qo‘rqmanglar, fikrimni asoslay olaman. Bizning ulug‘ va qadimiy xalqimiz nega xonavayron? Chunki biz go‘sht yemaymiz-da. Ispan xalqining go‘sht yemasligiga sabab esa, aziz do‘stlar, Ispaniya har xil gap-so‘zlarga qaramay baribir chorvadorlar mamlakati emas. Negaligini bilasizmi? Sababi juda oddiy. Ispaniya chorvadorlik mamlakati emasligiga sabab bu yerda yaylovlar yo‘q. Shimoliy qirg‘oqdagi ayrim hududlarni hisobga olmaganda Ispaniyada yaylovlar yo kuydirib yuborilgan, yo butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Bu kulfatdan najot bormi? Menimcha, bor. Sababini axtaraylik: o‘lkamizda yaylov yo‘qligining boisi − yomg‘ir yog‘maydi. Nega yomg‘ir yog‘maydi? Zaminimizga xudo yarlaqagan yomg‘ir atalmish ne’matning yog‘ilmasligida biz ispanlarning nima aybimiz bor, deb kaminadan so‘rashlari mumkin. Javobi juda oddiy: yaylovlarimizga yomg‘ir yog‘masligining sababi bizda o‘rmon yo‘q. Hukumatning jadal aralashuvisiz bu muammoning yechimi topilmaydi. Ispaniyada o‘rmon yo‘qligining sababi daraxtning novdasi oftobdan bahra olish uchun zamindan boshini ko‘targan zahoti echki keladi-yu, kirtillatib yeb qo‘yadi. Agar gullab-yashnashni, olg‘a intilishni istasak, echkilarni yo‘qotaylik! Boshqa yo‘l yo‘q.
Don Daniel horg‘in qiyofada boshini egdi. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnat sarhisobi edi bu! O‘sha oqshom do‘stlari unga ayricha bir mehr bilan boqishdi…