October 19

Andijonda ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi

Sharqiy harbiy okrug Andijon garnizonidagi harbiy qismda okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari uchun okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, Farg‘ona harbiy prokurori, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida sayyor va ommaviy qabullar o‘tkazildi.

Harbiy xizmatchilarning oilaviy sharoitini yanada yaxshilanishi, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mazkur sayyor va ommaviy qabullarning asosiy maqsadi etib belgilangan.

Murojaatlarning 20 dan ortig‘i okrug qo‘shinlari qo‘mondoniga va 30 ga yaqin murojaatlar Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi mas’ullariga kelib tushdi.

Kun davomida okrug qo‘mondonligi, harbiy prokuratura, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya fondi, “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik” boshqarmasi, maktab va maktabgacha ta’lim viloyat boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, bank mutaxassislari, viloyat “Oila va xotin-qizlar” bo‘limi, “Ishga marhamat” monomarkazi mas’ullari tomonidan 300 ga yaqin murojaatlar o‘rganib chiqildi.

Mazkur murojaatlarning 130 dan ortig‘i shu joyning o‘zidayoq ijobiy hal etildi. Yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar esa mutasaddilarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabul davomida har bir murojaati bor fuqarolar va harbiy xizmatchilar bilan yakka tartibda suhbatlar olib borildi. Suhbat davomida tibbiy xizmat, nafaqadagi harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, xizmat joyini ko‘chirish hamda uy-joy masalalari ko‘rib chiqildi.


Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati