July 1, 2025

Yoshlar – Yangi O‘zbekiston tafakkuri va ishonchi

Prezidentimiz bilan uchrashuvdan qalbda qolgan satrlar
Bugun tarix menga bir sahifa yozish imkonini berdi. Bu sahifaning eng boshida esa — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv turadi. Har qanday yosh uchun Prezidentimiz bilan muloqotda bo‘lish, uning fikr va ishonchini bevosita eshitish — bu nafaqat orzu, balki ichki mas’uliyatning uyg‘onishidir.
Men — yosh o‘qituvchiman. Ona tili va adabiyot fani orqali nafaqat bilim, balki milliy ruh, qadriyat va tafakkurni yosh avlod qalbiga joylab kelayotgan oddiy ustozman. Shu bilan birga, qalam tutgan, satrlar bilan yurak gaplarini yozadigan shoiraman. Yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, siyosiy jarayonlarga faol kirib borayotgan, kelajakni yuragi bilan ko‘ra oladigan yoshlardan biriman.
Uchrashuv davomida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan so‘zlar — aynan bizga qaratilgan murojaat, bizning orzularimiz va tashvishlarimizni eshitishga bo‘lgan tayyorgarlik edi. Ayniqsa, "Yoshlar – kelajak egasi, bugunning hal qiluvchi kuchidir!" degan so‘zlar qalbimga urildi. Bu oddiy shior emas — bu hayotiy shart. Chunki endi har bir yosh — faqat tomoshabin emas, balki sahnaga chiqqan bosh qahramon.
Men bu uchrashuvda Prezident ko‘zida ishonchni ko‘rdim. Bu ishonch — biz yoshlar uchun qanot. Bu ishonch — men uchun satr, so‘z, ilhom. Har bir o‘quvchimga bergan bilimim, yozgan she’rim, aytgan har bir fikrim endi oddiy so‘z emas — bu kelajak poydevoriga qo‘yilayotgan g‘ishtdir.
O‘qituvchilik – yurakdan yurakka ko‘chadigan nur. Adabiyot esa — millatning qalbi. Shoirlik esa — so‘z bilan jamiyatga ko‘z tutish. Bugungi uchrashuv menga shuni anglatdiki, endi bu nur, bu so‘z, bu qalb yurt taraqqiyotiga, davlat siyosatiga faol xizmat qilishi kerak. Biz yoshlarga nafaqat ijod qilish, balki tashabbus ko‘rsatish, muammo ko‘tarish, taklif kiritish, eng asosiysi — mas’uliyatni bo‘lishish vaqti keldi.
Prezidentimiz takror va takror aytganidek, biz — Uchinchi Renessans bunyodkorlarimiz. Endi esa navbat bizda:
kitob bilan, tafakkur bilan, o‘z so‘zimiz bilan bu ishonchni oqlash navbati.
Men ishonaman: har bir darsim — millat tafakkuriga xizmat,
har bir she’rim — yurakdagi haqiqat,
har bir qat’iyatim — Yangi O‘zbekiston uchun qadamdir.
Mahbuba Shodiyeva
Romitan tumani 30-umumiy o'rta ta'lim maktabi
Ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti Faollar jamoasi a’zosi