"HUQUQIY AXBOROT KUNI" o'tkazildi
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-son Farmoniga 1-ilova bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish KONSEPSIYASIga asosan va Adliya vazirligiga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha kompleks tashkiliy CHORA-TADBIRLAR rejasining 1-bandiga muvofiq, 2024-yilning 15-fevral kunidan boshlab Yuqori Chirchiq tuman adliya bo'limi tomonidan tuman hududida joylashgan umumta'lim maktablarida "Huquqiy axborot kuni" loyihasi doirasida mavzulashtirilgan huquqiy interaktiv dars mashg'ulotlari o'tkazilmoqda.
"Huquqiy axborot kuni" loyihasi bu safar tuman hududida joylashgan 34-umumiy o'rta ta'lim maktabida o'tkazildi. Loyiha doirasida o'tkazilgan dars mashg'uloti ekologiya sohasiga bag'islangan bo'lib, "Yer - bizning umumiy uyimiz" mavzusida tashkillashtirildi.
Dastlab, 34-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori Sh.Shoimova o'quvchilarga Yuqori Chirchiq tuman adliya bo'limi masul xodimini tanishtirdi. Shundan so'ng, Yuqori Chirchiq tuman adliya bo'limi Bosh maslahatchisi Sh.Jo'rayev darsni boshlab, o'quvchilardan huquq va qonun tushunchalari bo'yicha fikrini so'rab, ularning huquqiy savodxonlik darajasini aniqlashtirdi. Shundan so'ng, "Ekologiya nima? Qanday ekologik muammolarni bilasiz? Sayyoramizni ekologik muammolardan qanday himoya qilsak bo'ladi?" kabi bir nechta savollar berilib, o'quvchilarning ekologiya to'g'risidagi umumiy va huquqiy bilimlari sinab ko'rildi
Darsning nazariy qismida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo'yilgan huquqlarimiz va burchlarimiz haqida ma'lumot berildi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida belgilab qo'yilgan "Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur" ekanligi haqidagi konstitutsion norma tushuntirilib, bu bo'yicha o'quvchilarning fikri tinglandi. Bundan tashqari, dars davomida "Eko-odatlarga aylanishi mumkin bo'lgan 10 ta oddiy maslahat" berib o'tildi.
Darsning ikkinchi qismida interaktiv mashg'ulot o'tkazilib, unga ko'ra o'quvchilar o'zlari yoqtirgan fasllarga ko'ra jamoalarga bo'lindilar va "Insoniyat va tabiat" deb nomlangan sud jarayoni tashkil etildi. Tabiat tominadan vakil sifatida qatnashgan da'vogarlar: suv, havo, iqlim, hayvonlar va o'simlik; insoniyat tomonidan javobgar sifatida qatnashgan: insoniyat sivilizatsiyasi, sanoat, fan, texnologiya, ixtirolar hamda tabiat vakillarining insoniyatga qarshi kiritgan "Hayvonot dunyosi, qushlar, o'simliklar insoniyatsiz yashay oladi, lekin insoniyat tabiatsiz yashay olmaydi. Shunday ekan, nega insonlar tabiatga ko'p talofatlar yetkazmoqda" nomli da'vo haqidagi sud jarayoni qiziqarli bahs-munozaralar bilan o'tdi.
Darsning yakunida o'quvchilarning o'zini qiziqtirgan huquqiy savollariga og'zaki tushuntirishlar berildi va har bir o'quvchi kelajakda muayyan kasb egasi bo'lib, atrof-muhitni yaxshilashda ijobiy ishlar qilishi aytib o'tildi. Dars davomida 9-10 sinflardan iborat 38 ta o'quvchi qatnashdi.