October 7, 2020

Fyodor Dostoyevskiy Ma’suma (hikoya) 3-qism MA’SUMANING G’ALAYONI

Oramizdagi nizo bunday boshlandi: hech kutilmaganda u pulni o‘z
xohishiga ko‘ra beradigan, buyumlarni me’yoridan ortiq baholaydigan
bo‘ldi, bu ham yetmagandek, men bilan ikki marta bahslashdi. Yon
bosmadim. Shu paytda oyog‘imiz ostidan kapitanning bevasi chiqib qoldi.
Beva kampir medalonni, ya’ni marhum erining sovg‘asi, demak, qadrli
yodgorlikni olib keldi. O‘ttiz so‘m berdim. Ming‘irlab, arz-dod qilib,
buyumni asrashimizni iltimos qildi – asramay nima qilardik. Xullas, besh
kundan keyin yana paydo bo‘lib, sakkiz so‘mga ham arzimaydigan
bilakuzukka almashtirib berishni so‘radi. Men shubhasiz, rad etdim.
O‘shanda bu ayyor kampir xotinimning ko‘zida mehr ko‘rganmi, harholda
men yo‘g‘imda kelib, muddaosiga yetdi – u medalonni bilakuzukka
almashtirib beribdi.
Bundan xabar topishim bilan qisqa, ammo qat’iy, jo‘yali gapimni aytdim. U
to‘shak ustida yerga tikilgancha o‘tirar, o‘ng oyog‘ining uchini likillatib,
gilamchani urib-urib qo‘yardi (bu uning ma’nodor ishorasi) lablarida
istehzo qotgan edi. Shunda men, ovozimni mutlaqo ko‘tarmasdan, pul
meniki ekanini, hayotga o‘z ko‘zlarim bilan boqishga haqqim borligini, uni
uyga taklif qilganimda, hech narsani yashirmaganimni xotirjam bir alfozda
eslatdim.

U esa birdan sapchib turdi, a’zoyi badani titradi, keyin – nima deb
o‘ylaysiz – depsina boshladi: shu turishi vahshiylikning o‘zi edi, tutqanoq
edi, tutqanog‘i tutgan vahshiy edi. Men hayratdan muz qotdim: bu qiliqni
sira kutmagandim. Ammo o‘zimni yo‘qotmadim, hatto qimirlamadim,
o‘sha xotirjam ovozda bundan buyon yumushlarimga aralashish huquqidan mahrum etajagimni ma’lum qildim. U basharamga qarab turib
xaxoladi-da, uydan chiqib ketdi.
Gap shundaki, mensiz uydan chiqishga uning haqi yo‘q edi. To‘ydan
oldinoq shunga kelishgan edik. Kun bo‘yi qaylardadir sanqib, kechqurun
qaytdi – churq etmadim.
Ertasiga ertalabdan yana g‘oyib bo‘ldi, indiniga ham. Kassani berkitib,
xolalarinikiga bordim. To‘ydan keyin ular bilan bordi-keldini yig‘ishtirib
qo‘ygan edim. Ostonalarini hatlashga majbur bo‘ldim: bu yerga qadam
bosmabdi. Xolalari gaplarimni diqqat bilan eshitib, «Sizga hali bu ham
kam», deb mazax qilishdan toyishmadi. Kulgi bo‘lishimni bilardim. O‘sha
zahoti kichik xolasiga – qariqizga yuz so‘m va’da qilib, og‘dirib oldim,
yigirma beshini naqd sanab berdim. Ikki kundan keyin u uyimga xunuk
xabar bilan keldi: «Poruchik Yefimovich degan odam, siz bilan bir polkda
xizmat qilgan ofitser suvni loyqalatib yuribdi». Hayratda qoldim. Bu
Yefimovich deganlari polkda menga nisbatan razillik qilgani yetmaganday,
bir oy muqaddam garovga narsa qo‘yish bahonasida ketma-ket ikki marta
uyimga behayolarcha kelib, xotinimga shilqimlik qilgan edi. O‘shanda unga
yaqinlashib, munosabatlarimizni unutmay, uyimga qadam bosishga jur’at
etmasligini aytgandim: ish bu darajaga borib yetishi xayolimga ham
kelmagandi, shunchaki sulloh deb o‘ylovdim. Mana endi xolasi
xotinimning o‘sha sulloh bilan uchrashuv tayin qilganini, bu ish ularning
eski tanishlari, polkovnikning bevasi Yuliya Semenovna rahnamoligida
amalga oshganini ma’lum qilib turibdi: «Xotiningiz o‘shanikiga
qatnayapti».
Bu tafsilotlarni qisqartiraman. Bu ish oxir-oqibatda menga uch yuz so‘mga
tushdi. Ammo ikki kun ichida maqsadga erishdim: qo‘shni xonada turib,
qiya ochiq eshikdan xotinimning Yefimovich bilan birinchi render – Vous*
guvoh bo‘lish, gaplarni eshitish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Bu voqeaga
tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimda, bir kun avval, juda qisqa davom etgan,
ammo men uchun nihoyatda muhim hodisa yuz berdi. Kechqurun u yoqdan-bu yoqqa yurdi, to‘shakka o‘tirdi, menga tikilib,
masxaralab tirjaydi, oyoq uchlarini qimirlatib gilamchaga tap-tap urdi.
Unga qarab turib, daf’atan kallamga bir fikr urildi: o‘tgan oy davomida,
to‘g‘rirog‘i o‘tgan ikki hafta mobaynida fe’l-atvori juda o‘zgarib ketdi:
qandaydir asovlik, hujumkorlik behayo deya olmayman, ammo betartiblik,
iztirobga moyillik paydo bo‘ldi. Bularni sirtiga chiqarmaslikka yuvoshligi
sabab edi. Iztiroblari chegaradan chiqqan bo‘lsa-da, o‘zini zo‘rlab ushlab
turgani, bu uchun o‘zidan-o‘zi hazar qilayotganini sezmasligim mumkin
emasdi. Bunaqalar bir quturmasin, qutursa jilovlab bo‘lmaydi. Shunaqa
paytda ular aytadigan, quyushqondan chiqib ketadigan gaplarni eshitib,
quloqlaringga ishonmaysan. Qalban buzuqlikka odatlanganlar esa,
aksincha yumshatadilar, qabihliklarini ham batartib, iltifot bilan yuzaga
chiqaradilar, ana shu razilliklarida ustunlik qilish da’vosi bo‘ladi.
O‘sha kuni u asovlik bilan arqonni uzdi:
- Duelga chiqishga qo‘rqqaningiz tufayli polkdan haydab yuborganlari
rostmi? - deb so‘radi u kutilmaganda, ko‘zlarida esa o‘t chaqnadi.
- Rost, ofitserlarning qarori bilan polkni tashlab ketishimni so‘rashdi, unga
qadar o‘zim iste’foga chiqaman deb ariza bergan edim.
- Qo‘rqoq sifatida haydashganmi?
- Ha, ular shunday ayb qo‘yishdi menga. Lekin dueldan bosh tortishimga
sabab qo‘rqoqlik emas. Mening shaxsimni haqorat qilishmagan holda
duelga chaqirsam bema’nilik bo‘lardi. Men ularning mustabidona
qarorlariga bo‘ysunmadim.

Bilib qo‘ying, shu yerga kelganda o‘zimni tutolmadim, o‘z hatti-harakati
bilan bunday mustabidlikka, oqibatlarini bila turib qarshi borish, har
qancha duelga chiqishdan ko‘proq jasorat, mardlik talab qiladi.
Men o‘zimni tuta olmadim, shu gaplarim bilan go‘yo o‘zimni oqlashga
urindim: unga esa xuddi shu - yanada tiz cho‘kib, xo‘rlanishim kerak edi. U
g‘azab bilan kuldi.
- Uch yil Peterburgda daydilarga o‘xshab tilamchilik qilib, billiard
stollarining tagida yotib qolganlaringiz, rostmi?
- Men Sennada, Vizemskiyning uyida ham yotib qolardim. Polkdan keyin
juda ko‘p haqoratli tushkun onlar bo‘ldi, ammo ruhan cho‘kmadim, chunki
qilg‘ilig‘imni o‘shanda birinchi bo‘lib o‘zim ayblagan edim. Tushkunligim
boisi, o‘shandagi ahvolimdan umidsizlikka berilish oqibatida aqlim va
irodamning ojizlanib qolganidan edi. Bularning bari ortda qoldi...
- O, siz endilikda ko‘zga ko‘ringan odamsiz - puldorsiz!
Ya’ni, bu garov kassasiga qilingan istehzoli ishora edi. Men o‘zimni qo‘lga
olishga ulgurdim. Uning meni yanada haqoratlashga olib boruvchi
tushuntirishlarimga chanqoq ekanini sezdim - bunga erishishiga yo‘l
bermadim. Chorlovchining qo‘ng‘irog‘i ayni muddao bo‘lib, zalga chiqdim.
Oradan bir soat o‘tgach, u to‘satdan kiyindi-da, uydan chiqayotib
ro‘paramda to‘xtab, shunday dedi:
- Har holda siz bular haqida to‘ydan oldin og‘iz ochmagan edingiz?
Men javob bermadim. U chiqib ketdi.
Xullas, ertasiga cho‘ntagimda to‘pponcha bilan qiya ochiq eshik ortida
turib taqdirimning qanday hal etilayotganiga diqqat bilan quloq tutib
turardim. U yasan-tusanda o‘tirardi, Yefimovich esa uning ro‘parasida
qiyshanglardi. Xo‘sh, nima bo‘ldi, o‘zim sezmagan holda, nimani o‘ylagan
bo‘lsam (nomusim haqqi gapiraman buni), nimani ko‘nglim sezgan bo‘lsa,

kutgan bo‘lsam o‘sha yuz berdi. Bilmadim, tushunarli qilib
so‘zlayapmanmi?
Bo‘lgan voqea mana bunday: eshik ortida turib, ularning suhbatiga bir
soat quloq tutdim, bir soat mobaynida olijanob yuksak his-tuyg‘u egasi
bo‘lgan ayolning oqsuyak mazhabidan chiqqan buzuq, qalbi nopok,
berahm hayvon bilan olishuviga guvoh bo‘ldim. Bu ma’suma, bu kamgap,
bu sodda juvon shuncha gapni qayerdan biladi, deb hayratga tushdim.
Oqsuyaklarning sevimli komediyalarini to‘quvchi zukko muallif ham buzuq
ishlarga himmat kamarini bog‘lovchilarga nisbatan oliy nafrat va do‘lvor
kulgu uyg‘otuvchi bunday masxarali sahnani o‘ylab topolmagan bo‘lardi.
Uning gaplarida, so‘zlarida qanchalar shukuh, tezkor javoblarida
qanchalar o‘tkirlik, mulohazalarida qanchalar haqiqat, ayni choqda
qizlarga xos soddalik bor edi! Mal’un Yefimovchining sevgi izhoriga,
qiliqlariga, gaplariga javoban ko‘zlariga qarab mazax qilib kulardi.
Muddaoga osonlik bilan, bir xurujdayoq erishish niyatida kelgan
Yefimovich uning qarshilik qilishini kutmagan ekan, darrov cho‘kdi. Men
dastlab uning hatti-harakatini “Buzuq, ammo oqila mavjudotning narxini
oshirish maqsadidagi noz-firog‘i”, deb oddiy noz-karashmaga yo‘yishim
mumkin edi. O, yo‘q, haqiqat quyosh yanglig‘ porlab, shubhalarga o‘rin
bermadi. Menga nisbatan bo‘lgan g‘ayritabiiy va shiddatli nafrati tufayli,
tajribasiz bu juvon mana shunday uchrashuvga jur’at qilishi mumkin edi,
ammo erkakning pinhona muddaosi suv yuzasiga qalqib chiqqach, uning
ko‘zi ochildi. Bu mavjudot qanday qilib bo‘lmasin meni haqoratlash
qasdida betoqat to‘lg‘onib, hatto bu balchiqdan ham hazar qilmadi,
ammo betartiblikka chidam berolmadi. Aynan uni, ko‘krak sutiday pokiza,
bokira, oliy maqsadi bor juvonni Yefimovich yoki unga o‘xshash biror
boshqa oqsuyak maxluq yo‘ldan ozdira olarmidi? Aksincha, u faqat
masxara bo‘ldi. Xotinimning qalbida bor haqiqat uyg‘ondi va g‘azab
yuragidagi achchiq istehzoni yuzaga chiqardi. Qaytaraman, bu
masxaraboz oxir-oqibat butunlay cho‘kdi, tumtayib oldi, savollarga ham
behush javob qaytara boshladi, hatto tubanlik bilan o‘ch olish qasdida
xotinimni haqorat qilib qo‘ymasin, degan qo‘rquv badanimga tarqadi.

Yana takrorlayman, bu sahnani qariyb hayratsiz tingladim. Men go‘yo
tanish voqeaga duch kelganday edim. Men go‘yo u bilan uchrashish
niyatida yo‘lga chiqqandim. To‘pponcha olvolganimga qaramay, men hech
nimaga ishonmay, hatto aybnomalarga parvo qilmay keldim - bu ayni
haqiqat. Shunday ekan, men uni boshqacha tasavvur etishim
mumkinmidi? Xo‘sh, men nima uchun sevdim, nima uchun e’zozladim,
nima uchun uylandim unga? O, menga nisbatan nafratining naqadar
ulug‘ligiga, ayni paytda, o‘zining qanchalar bokiraligiga o‘sha onda amin
bo‘ldim. Shartta eshikni ochib, bu masxarabozlikka chek qo‘ydim.
Yefimovich sapchib tushdi. Xotinimning qo‘lidan olib, men bilan yurishni
so‘radim. Yefimovich darhol o‘ziga keldi, jaranglab, yayrab kuldi.
- O, ilohiy er-xotinlik huquqiga monelik qilolmayman, olib keting, olib
keting! Ammo bilib qo‘ying, - dedi u izimdan, - olijanob odamlarning siz
bilan olishuvi bema’nilik bo‘lsa ham, ayolingiz haqqi hurmati xizmatingizga
tayyorman... Agar jur’at qilolsangiz albatta...
- Eshityapsizmi, - dedim unga, ostonada bir nafas to‘xtatib.
Uyga yetguncha, yo‘l bo‘yi churq etilmadi. Men uni qo‘ltiqlab olgan edim,
bunga qarshilik bildirmadi. Aksincha, u behad hayratda edi, ammo hayrat
pardasi uyga yetgach ko‘tarildi. Uyga kirib stulga o‘tirdi-yu, menga
baqrayib tikildi. Uning rangida-rang qolmagan edi: lablari shu damda
istehzoga moyillik bilan chimirilsa-da, ko‘zlarida olishuvga da’vat etuvchi
qat’iylik, ulug‘vorlik bor edi: nazarimda dastlabki daqiqalarda
to‘pponchadan otib o‘ldirishimga qattiq ishongan edi. Ammo men
indamay to‘pponchani cho‘ntakdan chiqarib, stol ustiga qo‘ydim. U bir
menga, bir to‘pponchaga qarab qo‘ydi (To‘pponchaning unga tanish
ekaniga diqqatingizni tortaman. Shu do‘konni ochganimdan beri o‘qlog‘lik
turadi. Kassani ochar chog‘imda katta itlarni ham, Mozerga o‘xshab
baquvvat malaylarni ham ushlamaslikka qaror qildim. Mijozlarimga
eshikni oshpaz xotin ochadi. Biroq bu hunar bilan shug‘ullanuvchi odam
har ehtimolga qarshi himoya choralarini o‘ylab qo‘ymasa bo‘lmaydi. Shu

sabab to‘pponcham hamisha o‘qlog‘liq turadi. U uyimga kelgan dastlabki
kunlardayoq, to‘pponchaga qiziqib qoldi, so‘rab-surishtirdi, men hatto
to‘pponchaning tuzilishiyu qurilishini tushuntirib berdim, hatto o‘zi ham
otib ko‘rib, mo‘ljalni bexato urishiga ishondi. Buni unutmang). Uning
qarashidagi qo‘rquvga e’tibor bermay, yarim yechingan holda to‘shakka
cho‘zildim. Soat o‘n birdan oshgan. Men o‘larday holdan toygan edim. U
joyida yana bir soatcha qimirlamay o‘tirdi, keyin shamni o‘chirib,
kiyimlarini yechmay devor tomondagi divanga yotdi. Birinchi marta
boshqa yotdi – buni ham eslab qoling.

MUDHISH XOTIRA
Endi bu mudhish bir xotira…
Barvaqt uyg‘ondim, harholda xona yorug‘, chamamda soat sakkizlar bor
edi. Fikrim tiniqlashib, birdan uyg‘ondimu ko‘zlarimni katta ochdim. U stol
yonida to‘pponcha ushlagan holda turardi. Uyg‘onib, qarab yotganimni u
sezmadi. Bir mahal to‘pponchaning og‘zini menga to‘g‘riladi. Ko‘zimni
yumib, o‘zimni uxlaganga soldim.
U to‘shagimga yaqinlashib, tepamda turib oldi. Men hamma narsani
eshitib, sezib yotardim: xonada o‘lik sukunat hukmron, men sukunatni
ham eshitardim. Shu payt titroq bir harakat sezildi -o‘zimni tutolmay
ko‘zlarimni ochdim. U to‘g‘ri menga, ko‘zlarimga tikilib turar, to‘pponcha
esa qariyb chakkamga tiralgandi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Nigohlar
to‘qnashuvi bir nafasdan oshmadi. O‘zimni majburlab ko‘zimni yumdim,
endi nima bo‘lsa ham, qimir etmayman, deb bor quvvatim bilan o‘zimni
majburladim. Umuman ba’zan shunaqa bo‘lib turadi, qattiq uxlagan odam birdan ko‘zini
ochadi, yostiqdan boshini ko‘taradi, atrofga alanglaydi-da, bir soniya
o‘tmay hushidan ketganday boshini yostiqqa tashlab, yana qattiq uyquga
ketadi, uyg‘ongandan keyin so‘rasangiz, hech nimani eslamaydi.
Nigohlarimiz to‘qnashib, chakkamdagi to‘pponchani his qilib, birdan
ko‘zimni chirt yumib, qattiq uyqudagi odamday qimir etmay qolganimda u
uxlayotganimga, hech nimani ko‘rmayotganimga aniq ishonishi mumkin
edi, chunki uyg‘oq odamning men ko‘rganni ko‘rib, bu daqiqada yana
xotirjam ko‘zlarini yumib yotishiga aql bovar qilmasdi.
Ha, aql bovar qilmasdi. Ammo u haqiqatni bilishi ham mumkin edi – bu
fikr xayolimga o‘sha zahoti urildi. O, inson ongining samoviy qudratiga
ming-ming ofarin – yarim lahzada boshimni qancha xayollar, qancha hislar
to‘lqini kezib chiqdi. Demak, bu holda, haqiqatni bilib, ayyorona ko‘z
yumib yotganimni bilgan bo‘lsa (buni sezardim), unda men o‘limga tayyor
ekanim bilan uni yengib tashladim, endi qo‘li qaltirashi turgan gap. Avvalgi
qat’iyligi endigi taassuroti bilan to‘qnashib parchalanishi tayin.
Cho‘qqidagilarni qandaydir kuch pastga, tubsiz jarga tortib turadi,
deydilar. Nazarimda to‘pponchani qo‘lga olishga ulgurish – juda ko‘p
qotilliklar yoki o‘z-o‘zining joniga qasd qilishlarga sabab bo‘ladi. Bu ham
tubsiz jarlik, qiyaligi qirq besh gradus, sirg‘anmaslik mumkin emas,
nimadir sizni muqarrar tepkini bosishga undaydi. Ammo hamma narsani
ko‘rganim, uning qo‘lidan o‘lim topishga rizo ekanimni bilish uni bu
qiyalikda tutib qola olardi…
Sukunat davom etardi, birdan chakkamga, sochlarimga sovuq temir tegdi.
“Jon saqlashingga imoning komil edimi?” - deb so‘rashingiz mumkin. Xudo
oldida javob berganday sizga ham to‘g‘risini aytay: hech qanday umidim
yo‘q edi, yuzdan bir imkoniyat bilan tirik qolishimnigina bilardim. Unda
o‘limga nima uchun shay eding, deysizmi? U holda siz ham bir so‘rog‘imga
javob bering: suyukli mahbubam chakkamga to‘pponcha tiragandan keyin
menga yashashning nima qizig‘i qolar edi? Bundan tashqari men butun

vujudim bilan bir narsani aniq his qilib yotardim: ayni choqda oramizda,
kechagi qo‘rqoq bilan, qo‘rqoqligi uchun o‘rtoqlari tomonidan haydalgan
o‘sha qo‘rqoq bilan uning orasida kurash, hayot-mamot jangi borardi.
Men buni bilardim, agar uxlamayotganimni fahmlagan bo‘lsa, u ham
bilardi.
Balki bunday bo‘lmagandir, balki o‘sha onda bularni o‘ylamagandirman,
ammo bular fikrdan o‘tmasa ham yuz berishi lozim edi, chunki shundan
keyin hayotimning har bir soati shu xayollar bilan band bo‘ldi.
Endi siz «nima uchun uni yovuzlikdan asrab qolmading?»- degan savolni
berishingiz mumkin. O, keyinchalik men bu lahzani har eslaganimda, etim
muzlab, bu savolni o‘zimga-o‘zim ming martalab berganman. Unda qalbim
mavhum bir umidsizlik chohida edi: o‘zim jon taslim qilardim, shu ahvolda
kimni qutqara olardim? Qolaversa, birovni qutqarish istagi bo‘lganmi
yo‘qmi, siz qayerdan bilasiz? Nimalarni his qilganimni kim bilib o‘tiribdi.
Sezgilarimning jizg‘anagi chiqardi... lahzalar o‘tdi, sukunat o‘likligicha
qoldi: u esa tepamda hamon tik turibdi – birdan yalt etgan umiddan
seskandim! Shoshib ko‘zimni ochdim. U xonada yo‘q edi. O‘rnimdan
turdim: men g‘alaba qozondim – u umrbod mag‘lub bo‘ldi!
Samovarning oldiga bordim. Qaynoq samovar odatda birinchi xonaga
keltirilib, choyni har safar u quyib berardi. Men joyimga jimgina o‘tirib, u
uzatgan choyni oldim. Besh daqiqalardan so‘ng unga qaradim. U ham
menga tikilib turar, rangi kechagidan beshbattar oqarib ketgan edi. Birdan
qarashimni ilg‘ab, rangsiz lablarida rangsiz istehzo, ko‘zlarida jur’atsiz
savol nazari paydo bo‘ldi. «Aftidan, biladimi yo bilmaydimi, qo‘rqdimi yo
qo‘rqmadimi deb hali ham ikkilanyapti». Men xotirjamlik bilan undan
nigohimni oldim. Choydan so‘ng kassani berkitib bozorga tushdim-da,
temir karavot bilan parda sotib oldim. Uyga qaytgach, karavotni zalga
qo‘yib, parda bilan to‘sib qo‘yishni buyurdim. Bu karavot unga atalgan edi,

ammo o‘ziga bu haqda og‘iz ochmadim. Shu karavotni ko‘riboq
«hammasini ko‘rganimni, hammasini bilishimni» so‘zsiz anglaganiga
shubham yo‘q. Tunda to‘pponchani odatdagiday yana stol ustida
qoldirdim. U o‘zining yangi to‘shagiga yotdi: nikoh buzildi, u «mag‘lub
etilgan, ammo kechirilmagan edi». Tunda alahsiray boshladi, ertalab esa
isitmasi ko‘tarildi. U olti hafta o‘rnidan turmay yotdi.

MAG’RURLIK UYQUSI
Lukerya uyimda bo‘lak yashamasligini, boyvuchchani dafn etgach, chiqib
ketajagini hozirgina ma’lum qildi. Tiz cho‘kib, bir soat ibodat qilmoqchi
edim, besh daqiqadan nariga o‘tolmadim, o‘ylab o‘yimga yetolmayman,
fikrlarim xasta, boshim xasta – tavbaning nima foydasi bor, ibodat qilding
nima – qilmading nima, baribir gunohkor bandasan! Yana ajablanarlisi
shuki, sira uyqum kelmayapti, holbuki, og‘ir, behad og‘ir g‘am-sitamlardan
so‘ng, dastlabki ruhiy portlashlardan keyin odamning uyqusi keladi.
Aytishlaricha, o‘limga mahkum etilganlar so‘nggi tunda qattiq uxlar
ekanlar. Tabiatan shunday bo‘lishi kerak, yo‘qsa odamning irodasi dosh
berolmay sinishi mumkin. Divanga yotdim, baribir uxlolmadim.
Men, Lukerya, kasalxonadan yollaganim hamshira – uch kishi bo‘lib olti
hafta mobaynida tunu kun kasalini boqdik. Pulni ayamadim, aksincha
unga sarf qilgim kelaverdi. Doktor Shrederni chaqirib, har kelishiga o‘n
so‘mdan to‘ladim. U hushiga kelgach, ko‘ziga kamroq ko‘rinishga intildim.
Bularni bayon etishimning nima hojati bor! U oyoqqa turgach, xonamdagi
alohida stol yoniga ohistagina yaqinlashib, jimgina o‘tirdi. Bu stolni kasal
yotganida unga maxsus sotib olgan edim. Chindan ham ikkovimiz sukut
saqladik. To‘g‘ri, keyinroq gaplasha boshladik, lekin oddiy mavzudan
chetlashmadik. Men, albatta atayin ezmalikdan, yoyilib gaplashishdan
qochardim, uning ortiqcha gap aytib yubormayotganimdan xursand

ekanini ham sezib turardim. Bu qilig‘i menga tabiiydek tuyulardi. «Uzil￾kesil mag‘lub bo‘lganidan benihoya iztirobda, - deb o‘yladim, - demak,
o‘tganlarni unutish, ko‘nikish uchun imkon berish zarur». Shu asnoda
sukut saqlardik, ammo men har daqiqa o‘zimni kelajakka tayyorlardim.
Nazarimda u ham shaylanardi, o‘zi haqida endi nimalarni o‘ylayotganini
bilish meni g‘oyat qiziqtira boshladi.
Yana bir gapni aytmasam, yuragim toshib ketadi: kasal yotganida uning
tepasida turib qancha fig‘on chekkanimni, qancha azoblarga toqat
qilganimni birov bilmaydi. Fig‘onlarim faqat o‘zimga ma’lum, hatto
Lukeryaning nolalarini ham qalbimga yashirganman. Men uning hech
narsani bilmay o‘lib ketishi mumkinligini taxmin qilish u yoqda tursin,
tasavvur ham etolmasdim. Aniq yodimda, ahvoli bir oz yaxshilanib, xavf
chekinib, sihati tiklana boshlagach, tez va qat’iy xotirjam bo‘ldim. Ustiga￾ustak kelajagimizni qo‘ya turishga, ma’lum muddat orqaga surishga,
hozirgi ahvol haqida qayg‘urishga ahd qildim. Ha, o‘shanda g‘alati, ajib bir
holga tushdim, buni o‘zgacha ifoda etishim mushkul: men g‘alaba
nashidasini surayotgan edim, shu haqda o‘ylashimning o‘ziyoq, meni
noma’lum hislarga chirmab tashlardi. Qish shu zaylda o‘tdi. O, men behad
xursand edim, umrimda hech vaqt ko‘nglim bu qishdagi kabi xush
bo‘lmagan.
Bilasizmi, o‘sha voqeaga qadar, ya’ni xotinim bilan oramizda halokat yuz
bergungacha har kun, har soat meni ezib kelgan hayotimning
obro‘sizlanishim va polkdan ketishimga bog‘liq mudhish bir tashqi jihati
mavjud edi. Ikki og‘iz so‘z bilan aytsam: menga nisbatan mustabidlarcha
nohaqlik qilingan. To‘g‘ri, o‘rtoqlarim og‘ir, balki, kulgili fe’limni hazm
qilisholmasdi, meni yomon ko‘rishardi, holbuki, ko‘p hollarda siz uchun
buyuk, sizga ilohiy tuyulgan, siz sig‘inadigan narsa ayni chog‘da
atrofingizdagi o‘rtoqlaringiz to‘dasini kuldiradi. O, meni hech qachon,
hatto maktabda ham yaxshi ko‘rishmagan. Meni hammavaqt, har joyda

yomon ko‘rishgan. Meni Lukerya ham yoqtirmaydi. Polkdagi voqea, garchi
meni yaxshi ko‘rmasliklarining oqibati esa-da, tasodifan sodir bo‘lgan edi.
Bularni eslashimga sabab: yoningdan bulut kabi suzib o‘tib ketishi mumkin
bo‘lgan turli sabablarning bema’ni yiriklashuvi, yuz bermasligi mumkin
bo‘lgan tasodif tufayli o‘lib ketishdan battarroq ranj-alam yo‘qdir. Har
holda ziyoli odam uchun bundan o‘tadigan xo‘rlik mavjud emas.
Voqeaning mag‘zi mana bu:
Teatrda, tanaffus paytida yemakxonaga chiqdim. Gusar A-v ikki gusar
orasida, ovozini baralla qo‘yib – bu yerda ofitserlar ham ko‘p edi –
polkimiz kapitani Bezumsev dahlizda janjal ko‘targanini gapira boshladi.
Gap orasida «aftidan kapitan g‘irt mast edi”, deb qistirib o‘tdi. Ularning bu
mavzudagi gaplari uzoqqa cho‘zilmadi, chunki Bezumsevning mastligi
yolg‘on, dahlizdagi «janjal» janjal deyishga arzimas ham edi. Gusarlar
boshqa gaplarga o‘tib, tinchishdi, ammo bu latifa ertasigayoq polkimizga
yetib borib, shivir-shivir boshlandi. Ya’nikim, gusar A-v, kapitan Bezumsev
nomini bulg‘ayotganda yemakxonada polkimizdan faqat men bor
ekanman, men unga tanbeh berib to‘xtatmabman. Xo‘sh, nima uchun
men tanbeh berishim kerak? Bezumsevda alami bo‘lsa – bu ularning
shaxsiy ishlari, men aralashib nima qildim? Ofitserlar esa bu shaxsiy
masala emas, polkka bevosita aloqador edi, deb topishdi. Nima emish,
yemakxonada polkimiz ofitserlaridan birgina men bo‘lganim uchun ham
yemakxonadagi jamoaga, jumladan, barcha ofitserlarga polkimiz sha’niga
va o‘z g‘ururimga dog‘ tegishidan uncha g‘ashim kelmasligini
isbotlaganmishman. Bu xulosa bilan kelishishim mumkin emasdi. Shunga
qaramay, vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, hali kech emasligiga, xatoimni
to‘g‘rilashga, A-v bilan munosabatimni oydinlashtirib olishimga imkoniyat
borligiga sha’ma qilishdi. Men buni xohlamadim, qattiq g‘azablanganim
tufayli, mag‘rurlik bilan rad etdim. So‘ng o‘sha zahoti iste’foga chiqdim –
bor gap shu. Men polkni mag‘rurona, ammo ruhiy chilparchin bo‘lgan
xolda tashlab chiqdim. Irodam zaiflashib, aqlan tubanlikka sho‘ng‘idim.

Xuddi o‘chakishganday o‘sha paytda singlimning eri Moskvadagi
shinamgina mulkimizni, jumladan, undagi mening ozgina ulushimni ham
butkul sovurib yubordi: men bir chaqasiz, ko‘chada qoldim. Men xususiy
xizmatga yollanishim mumkin edi, xohlamadim, ofitserlar libosini yechib
qandaydir temir yo‘lga borishni o‘zimga or bildim. Uyat bo‘lsa – uyat,
sharmandalik bo‘lsa – sharmandalik, tushkunlik bo‘lsa – tushkunlik-da,
qancha battar bo‘lsa, shuncha yaxshi dedim. Mana shu battarini
tanlaganimdan keyingi uch yildan faqat qayg‘uli xotiralar qolgan, buning
ichida Vyazemskiyning uyi xam bor edi. Bir yarim yil muqaddam
Moskvada badavlat kampir – cho‘qintirgan onam vafot etishidan oldin,
sira kutilmaganda boshqa merosxo‘rlar qatorida menga ham uch ming
so‘m vasiyat qildi. Men tanamga o‘ylab ko‘rib, o‘shandayoq yozug‘imni
belgiladim. Odamlardan tilanchilik qilib yurmay, garov kassasi ochishga
ahd qildim. Pul bo‘lsa bor, rejam – bir burchakni ijaraga olib – eski
xotiralardan yiroqda yangi hayot boshlash edi. Qolaversa, qayg‘uli
o‘tmishim butunlay barbod bo‘lgan nomus-orim meni har daqiqa har soat
iskanjaga olib turardi. Shunday ahvolda uylandim. Bu tasodifmi, yo‘qmi
bilmayman. Ammo uni uyga boshlab kirayotganimda, do‘stni olib
kiryapman deb o‘ylovdim. Chunki chin do‘stga juda-juda zor edim. Biroq
men bu do‘stni hali ma’nan tayyorlash, shakllantirish, hali mag‘lub etish
lozimligini aniq-ravshan bilgan edim. O‘n olti yoshli qizga, noto‘g‘ri
fikrlarga ko‘milib yotgan go‘dakka bularning hammasini birdaniga
tushuntirish mumkinmidi? Yo‘q! Aytaylik, to‘pponcha bilan bog‘liq o‘sha
halokatli, tasodifiy voqea bo‘lmaganda o‘zimning qo‘rqoq emasligimga,
polkdoshlarim qo‘rqoq, deb nohaq ayblashganiga qanday ishontira
olardim. Baxtimga o‘sha halokat aynan vaqtida yuz berdi. To‘pponchaga
chakkamni xotirjam tutib, butkul zulmat o‘tmishimdan qasos oldim.
Bundan hech kim xabar topmasa-da, u bildi, menga shunisi kerak edi,
chunki u mening borlig‘im, orzuimdagi kelajagimning bor umidi edi.
Menga undan boshqaning keragi yo‘q, zero, u kelajagim uchun
tayyorlanayotgan yagona odam edi. Uning bor haqiqatdan xabar topishi,
hech bo‘lmaganda g‘animlar safiga barvaqt, nohaq o‘tganini bilishi men

uchun katta gap edi. Bu fikrdan faxrim toshardi. Endi uning ko‘ziga ablah
bo‘lib emas, balki g‘alati odam bo‘lib ko‘rinaman: endi yuz bergan
voqeadan keyin bu fikr meni avvalgiday g‘ashimga tegadi: har holda
g‘alatilik ayb emas, aksincha, vaqti kelsa, ayolning fe’liga o‘tiradi. Xullasi
kalom, yechimni atayin orqaga surdim. Bo‘lib o‘tgan voqea xotirjamligim
uchun yetib ortardi. Orzularim uchun ranglar to‘lib toshgandi.
Orzularimga rang yetarli dedim, u esa kutib turadi dedim: rasvolik ham
xuddi shunda – xayolparastligimda!
Butun qish nimanidir kutish bilan o‘tdi. O‘zining stolchasiga tirsaklarini
tirab o‘tirgan chog‘ida uni o‘g‘rincha kuzatishni xush ko‘rardim. U uydagi
mayda-chuyda ishlar bilan o‘zini ovutardi, kechalari javonimdagi
kitoblardan olib o‘qirdi. Javondagi kitoblarning saraligi ham, nazarimda
mening foydamga xizmat qilardi. U deyarli hech qayerga chiqmasdi. Har
kuni ovqatlanib olgach, qosh qoraymay turib uni sayrga boshlardim, toza
havoda yurardik, avvalgidek og‘zimizga talqon solib olmasdik. Men
o‘zimni jim emasday, bir-birimizga ma’qul ohangda gaplashayotganday
qilib ko‘rsatishga urinardim. Ammo aytganimday, zohiriy ko‘rinishimiz
bilangina «shirin suhbat» qurardik. Men o‘zimni atayin shunday tutardim,
unga vaqt berish kerak derdim, qiziq, men-ku unga zimdan qarashni xush
ko‘raman, nima uchun u menga qaramaydi, degan o‘y bir marta ham
xayolimga kelmabdi. Men buni hadiksirashdan deb bildim. Qolaversa,
kasallikdan keyin uning ko‘rinishida quvvatsizlik, jur’atsiz bir ma’sumalik
aniq zohir edi. Yo‘q, kutgin, dedim o‘zimga-o‘zim, «uning o‘zi daf’atan
oldingga keladi…»
Bu fikr mening ko‘nglimni g‘oyat chog‘ qildi. Ochig‘ini aytsam, ba’zan
o‘zimni-o‘zim atayin ruhan ezardim, qovurardim, go‘yo undan xafa
ekanimga o‘zimni-o‘zim ishontirmoqchi bo‘lardim. Bu ma’lum muddat
davom etdi. Mening nafratim qalbimga ildiz otib, mustahkamlanishi
mumkin emasdi. Buning shunchaki o‘yinligini sezib turardim. O‘shanda
karavot va parda-to‘siq olib kelib, nikohni o‘zimcha buzganim bilan, uni

hech qachon jinoyatchi sifatida tasavvur qilolmasdim. Uning aybi bo‘yicha
yengiltaklik bilan hukm chiqarganim bunga sabab bo‘lolmasdi. Yo‘q, men
shunchaki, o‘sha dastlabki kuniyoq, hali karavot olmayoq uning
gunohidan o‘tishni lozim deb topgan edim. Bir so‘z bilan aytilsa, bu
mening g‘ayrioddiyligim, to‘g‘ri, ammo xulqiy qoidalarga qattiq edim.
Ko‘zim oldida u shunchalar mag‘lub etilgan, yengiltak edi-ki, ba’zan
beixtiyor rahmim kelardi, ayni choqda xo‘rlash g‘oyasi dilimni yayratardi.
Oramizdagi tengsizlik yoqardi menga…
Shu qish mobaynida bir necha marta atayin yaxshilik qildim. Ikkita
qarzdan butkul kechdim, bir bechora ayolga garovsiz pul berib yubordim.
Bu ishlarni xotinim bilsin uchun qilmadim, bu haqda unga mutlaqo og‘iz
ochmadim: ammo ayolning o‘zi deyarli tiz cho‘kib minnatdorchilik
bildirgani kelib, mehribonligimni oshkor qildi. Nazarimda, ayolga yaxshilik
qilganimdan u mamnun bo‘ldi.
Aprel yarimlab, bahorning nafasi kelib qolgan edi. Qo‘shtabaqa
derazalarning ko‘cha tomonini olib tashlagach, sokin xonalarimiz
quyoshning yorqin shu’lalariga yo‘g‘rildi. Ammo qarshimda qalin bulut
qatlami turganidan, aqlimni qorong‘ilik pardasiga o‘rayotganidan bexabar
edi. Mudhish va mash’um qatlam edi bu! Qatlam qanday yo‘qoldi ko‘zim
qanday ochildi, aqlim qanday peshlanib, voqealarni qanday fahm eta
boshladim? Tasodif yuz berdimi, hal qiluvchi kunning kelishi birdan
tezlashdimi, quyosh nurlari o‘tmaslashib qolgan aqlimda fikr va idrokimni
uyg‘otdimi? Yo‘q, fikr ham, idrok ham mutlaqo aloqasiz bu yerda.
Yuragimda o‘la boshlagan tomirchalardan biri to‘satdan tirildi, bir titradi￾yu, hayotga qaytdi va qalbimdagi zim-ziyolikni, zim-ziyoda yashirinib
yotgan meni yo‘ldan urayotgan mag‘rurlik shaytonini yoritdi. Bu
kutilmaganda, to‘satdan, oqshom arafasida, ovqatdan keyin, soat
beshlarda sodir bo‘ldi… o‘rnimdan sapchib turdim…