October 8, 2020

Fyodor Dostoyevskiy Ma’suma (hikoya) 4-qism

QORA QATLAM TO‘SATDAN YO‘QOLDI
Maqsadga o‘tishdan avval e’tiboringizni boshqa narsaga tortaman. Bir oy
muqaddam unda g‘alati o‘ychanlik paydo bo‘lganini, ha, ha, sukut saqlash
emas, aynan o‘ychanlikni to‘satdan sezdim. U tikish bilan mashg‘ul bo‘lib,
boshini egib o‘tirar, tikilib turganimni bilmasdi. Ana shu damda uning
behad ozib, cho‘p bo‘lib qolgani, rangida rang qolmagani, lablaridan qon
qochgani – bularning bari o‘ychanligiga qo‘shilib meni favqulodda
sarosimaga soldi. Avval e’tibor bermaganim, ayniqsa, tunlari yengil
yo‘talib qo‘yishi endi ko‘nglimda g‘ulg‘ula uyg‘otdi. Unga hech nima
demay, doktor Shrederni chaqirgani ketdim.
Shreder ertasiga keldi. U doktorni ko‘rib, bir menga bir Shrederga hayron
bo‘lib qaradi.
- Men soppa-sog‘man, - dedi jilmayishga harakat qilib.
Shreder uni durustroq ham ko‘rmadi (umuman bu doktor zoti ba’zan
haddan tashqari bee’tibor bo‘ladi), qo‘shni xonaga chiqqanimizda
bularning hammasi kasallik oqibati ekani, bahorda imkon tug‘ilsa dengiz
tomonga borilsa, yo‘qsa, chorboqqa chiqilsa durust bo‘lajagini aytdi.
Xullas, hali bemadorlikdan qutulmaganini aytgani deyilmasa, dori-darmon
tugul tayinli maslahat bermadi. Shreder ketgach, u menga qattiq tikilib
turib, o‘sha gapini yana takrorladi:
-Men soppa-sog‘man.
Shunday dedi-yu, uyatdanmi, qizarib ketdi. O, buni endi fahm etyapman:
u hali ham eri ekanimdan, haqiqiy eri kabi parvona bo‘layotganimdan
uyalgan. Men galvars o‘shanda buni tushunmaganman, royishga
yo‘yganman. (Qora qatlam!)

Nihoyat, oradan oy o‘tgach, aprelning quyoshli kunlarida, soat beshlarda,
hisob-kitob bilan o‘tirgan chog‘imda, qo‘shni xonadan uning ovozi keldi…
U… shikasta ovozda xirgoyi qilardi. Bu yangilik meni larzaga soldi – hali￾hali o‘zimga kelolmayman. Shu paytgacha, uyga yangi boshlab kelgan
kunlarim, to‘pponcha otib sho‘xlik qilgan damlarimizni hisobga
olmaganda, uning ashula aytganini eshitmaganman. Unda ovozi asabiyroq
tuyulsa ham, juda yoqimli, sog‘lom, qattiq jarangdor edi. Endigi qo‘shiq
jonsiz edi, o, yo‘q, buni mungli qo‘shiq deb bo‘lmasdi qandaydir romans
edi u, ammo uning ovozi allanechuk darz ketgan, singan, go‘yo u emas,
balki ashulaning o‘zi xasta-yu, ovozi unga jon kiritishga ojiz edi. U xirgoyi
qilardi, birdan ovozi ko‘tarildi-yu, uzildi – xasta ovozi – achinarli tarzda
uzildi, yo‘talib olib, yana sekin-sekin, asta-asta xirgoyisini boshladi.
Hayajonimdan kuladilar, baribir hech qachon, hech kim hayajonlanishim
boisini tushuna olmaydi. Yo‘q, hali unga achinmas edim. Mendagi tuyg‘u
mutlaqo bo‘lakcha edi. Dastlab, aniqrog‘i, dastlabki daqiqalarda dahshatli
va g‘alati, og‘riqli va hatto qasosga moyil tuyg‘u, taajjub va hayratda
qotdim: Nima bu: «Mening borligimni unutdimi? Menga e’tiborsiz
kuylashi nimasi!».
Vujudimni iztirob iskanjasiga topshirib, joyimdan jilmay o‘tirdim, keyin
birdan o‘rnimdan turib, nima qilayotganimni o‘zim ham bilmagan holda,
shlyapamni olib tashqariga yo‘naldim. Qayoqqa, nima uchun otlanganim
o‘zimga ham noma’lum edi. Lukerya paltomni uzatdi.
- Ashula aytyaptimi? – so‘radim Lukeryadan beixtiyor. Lukerya
tushunmadi, ajablanib qaradi: shu tobda menga tushunish chindan ham
mushkul edi.
- Birinchi marta ashula aytyaptimi?
- Birinchi emas, siz yo‘qligingizda ba’zan aytardi, - deb javob berdi
Lukerya.

Hammasi aniq esimda. Zinadan pastga tushdim, ko‘chaga chiqdim, keyin
boshim oqqan tomonga yurdim. Muyulishgacha borib, to‘xtadim, atrofga
alangladim. Odamlar oqimi orasida qolgan edim, turtib o‘tsalar ham
sezmasdim. Izvoshchini chaqirib, Politsiya ko‘prigiga hayda, dedim. So‘ng,
birdan fikrimdan qaytib uning qo‘liga bir tanga tutqazdim.
- Seni bezovta qilganim uchun, - dedim izvoshchiga ma’nosiz kulib. Biroq
yuragimda to‘satdan qandaydir zavq uyg‘ondi.
Qadamimni tezlatib, uyga qaytdim. Qalbimdagi darz ketgan, uzilay-uzilay
deb turgan bechora torlar birdan sozlanib, jarangladi. Entikib, ketdim: ko‘z
oldimdagi qora qatlam yo‘qolardi, yo‘qolardi! Men borimda meni unutib
kuylabdimi – eng qo‘rqinchli va aniq-ravshan haqiqat shu edi. Buni
yuragim sezib turardi. Qalbimdagi shavq tobora o‘t olib, qo‘rqinchni siqib
chiqarardi.
O, taqdirning sho‘ri-g‘avg‘osi! Axir butun qish bo‘yi vujudimda shu
shavqdan o‘zga hech nima yo‘q edi, bo‘lishi ham mumkin emasdi-ku, men
qayerda edim? Mana shu qalbim bilan yashar edim-mi? Zinalardan
shoshilib, yugurib chiqdim, biroq ichkariga jur’at bilan kirdim-mi,
bilmayman. Oyoqlarim osti to‘lqin urgani, o‘zimni go‘yo daryo uzra yengil
suzib yurganimnigina eslayman. Xonaga kirdim: u o‘sha joyida bir nimani
tikib o‘tirardi, qo‘shiq aytmasdi. Men tomon qiziqishsiz yuguruk qarab
oldi, buni hatto qarash deb ham bo‘lmaydi, odatda xonaga biror kimsa
kirsa mana shunday odatiy, e’tiborsiz harakat qilinadi.
Men miyasi aynigan odamday to‘g‘ri kelib uning yoniga o‘tirdim. U qo‘rqib
ketganday menga tezgina qaradi: men esa uning qo‘lini olib nimadir
dedim, nimaligi esimda yo‘q, to‘g‘rirog‘i nimadir demoqchi edim, ammo
o‘sha ahvolda bir so‘zni eplab aytishga qurbim yetmasdi. Ovozim o‘zimga
bo‘ysunmay, so‘zlar chala yarim otilib chiqardi. Ha, nima deyishni bilmas
edim, nuqul entikardim.

- Gaplashib… olaylik… bilasanmi… nimadir degin… - to‘satdan otilib
chiqqan bu so‘zlar tentaknamo edi, tan olaman, biroq o‘sha topda aqlli
gap aytadigan ahvolda emasdim.
U yuzimga qaradi, seskandi, kuchli bir qo‘rqinch bilan o‘zini chetga oldi
ko‘zlarida qat’iy ajablanish zohir bo‘ldi. Ha, ajablanishida qat’iylik bor edi,
u menga katta-katta ko‘zlari bilan boqardi. Bu qat’iylik, bu qat’iy
ajablanish meni bir hamladayoq butkul majaqlab tashladi. U indamagan
bo‘lsa-da, bu ajablanishida «Hali sen muhabbat istayapsanmi? Muhabbat
kerakmi senga?» degan savol jaranglardi. Yo‘q, men bu so‘zlarni o‘qib
oldim, hammasini o‘qidim. A’zoyi badanimga titroq yugurdi, o‘zimni
tutolmay oyoqlari ostiga shilq etib tushdim. Ha, men oyoqlari ostiga
quladim. U o‘sha zahoti sapchib tushdi, ammo men bor kuchim bilan
qo‘llaridan ushlab qoldim.
Ruhiy tushkunligimni men yaxshi anglab turardim, juda yaxshi anglardim.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, yuragimdagi shavq shu qadar qaynardiki,
hatto o‘lib qolamanmi deb ham o‘ylardim. Men – baxtdan mast bo‘lgan,
lazzatdan hushini yo‘qotgan odam uning oyoqlarini o‘pdim. Ha, ha, bu
behisob: behudud baxt edi, ruhiy tushkunligimni anglagan holda baxtga
yo‘g‘rilgan edim. Men yig‘lardim, nimalardir derdim, ammo gapira
olmasdim. Undagi qo‘rquv va hayronlik o‘rnini birdan qandaydir tashvishli
fikr, favqulodda savol egalladi: endi menga g‘alati, hatto yovvoyi qarash
qildi, u nimanidir tezroq tushunib yetish istagida kulimsiradi. Oyoqlarini
o‘payotganimdan haddan tashqari uyalardi, oyoqlarini tortib olardi,
ammo men hozirgina oyog‘i turgan yerni o‘pardim. Ahvolimni ko‘rib
uyatdan kula boshladi. (Uyatdan qanday kulishlarini ko‘rganmisiz?)
Asabdan qo‘llari titradi. Buni ko‘rdim. Ammo mulohazaga chog‘im
kelmadi, dovdirab, nuqul sevishimni, o‘rnimdan turmay «bir umr tiz
cho‘kib uning haqiga ibodat qilishimni» aytardim… «kel, ko‘ylaklaringdan

bir o‘pay…» Bilmadim, esimda yo‘q… birdan u titrab ketdi, uvvos tortib
yig‘lay boshladi; men uni qo‘rqitib yuborgan edim, tutqanog‘i tutdi.
Uni ko‘tarib to‘shakka oldim. Xuruj qo‘yib yuborgach, qaddini ko‘tarib
ezgin bir ahvolda to‘shakka o‘tirdi-da, qo‘llarimni ushlab, tinchlanishimni
so‘radi: «O‘zingizni qiynamang, bas, yetar, tinchlaning» - menga
“tinchlaning” deb, o‘zi yig‘ini boshladi. Kechasi bilan yonidan jilmadim.
Ovozi xasta ekanini, buni yaqinginada o‘zim eshitganimni ikki haftadan
so‘ng Bulonga, dengiz sohiliga olib ketajagimni, kassani yopib,
Dobronravovga sotajagimni, hammasi yangitdan boshlanajagini, eng
muhimi Bulon, Bulonga ketajagimizni gapirib chiqdim. U indamay, ammo
hadik bilan eshitib yotdi. Gapirganim sari hadigi ostida yotish, oyoqlarini
o‘pish, oyoqlari turgan yerni o‘pish, uning qarshisida tiz cho‘kib, ibodat
qilish istagi butun qudrati bilan vujudimga hukm o‘tkazardi. «Sendan
boshqa hech nimani, hech nimani so‘ramayman, menga javob berma,
bor-yo‘qligimni bilmasang ham mayli, faqat burchakdan o‘g‘rincha
qarashimga izn ber, meni biron bir buyumingga, mayli, kuchukchangga
aylantirib ol»… bu gapni necha qayta takrorladim. U esa yig‘i bilan javob
qaytardi.
-Meni shu holda tashlab qo‘yasiz deb o‘ylabman, - bu gap uning
bo‘g‘zidan birdaniga va beixtiyor otilib chiqdi. Hatto qanday aytib
yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. O, uning bu so‘zlari – men uchun hal
qiluvchi, eng muhim, o‘sha tun aytilgan so‘zlar ichra eng tushunarlisi –
yuragimni pichoq yanglig‘ tilib yubordi. U hammasini tushuntirib berdi,
o‘shanda yonimda, ko‘z oldimda edi, bundan umidim ufqi yorishib turardi,
baxtim ham behad edi. O, o‘sha kech uni juda toliqtirdim, buni bilib
tursam-da, hammasini qayta qurishni beto‘xtov o‘ylardim. Tun oqqanda
butunlay holdan toydi, uxlashga ko‘ndirdim, u tezda, qattiq uyquga ketdi.
Alahsirarmikin deb kutdim, yengilgina alahsiradi. Tun bo‘yi dam-badam
turib, unga qarash uchun shippakda ovoz chiqarmay yurib kelardim.
O‘shanda uch so‘mga sotib olgan temir karavotga, undagi to‘shakka,
to‘shakdagi bu bechora, xasta zotga qarab yuzlarimni yulish darajasida afsus-nadomat chekardim. Tiz cho‘kardim, ammo (uning ruxsatisiz!) uxlab
yotgan chog‘ida oyoqlarini o‘pishga jur’at etolmasdim. Xudoga ibodat
qilgali tiz cho‘kardim, ammo tez orada turib ketardim. Lukerya
oshxonadan chiqib, mendan tez-tez xabar olardi, men unga kirib
yotaverishi mumkinligini, ertaga butunlay o‘zga hayot boshlanishini
aytdim.
Men shunday bo‘lishiga ko‘r-ko‘rona, telbalarcha, ashaddiy ishonar edim.
O, shavq, faqat shavq bodasidan lazzatlanardim men! Men faqat ertangi
kunni kutardim. Eng muhimi, ba’zi bir belgilarga qaramay, falokatga
ishonmas edim. Ko‘z oldimdagi qora qatlam yo‘qolgan bo‘lsa-da, idrokim
tiniqlashmagan. Idrokim uzoq vaqt, juda uzoq, to bugungi kungacha
tiniqlashmadi. Qanday tiniqlashsin, axir unda u tirik edi, u mening
ro‘paramda, men esam uning qarshisida edim. «Ertalab uyg‘onganda
hammasini aytaman, u hammasiga o‘zi shohid bo‘ladi». Mening o‘sha
topdagi fikr-o‘ylarim shu – oddiy va ravshan edi, shavqim ham shundan
o‘t olardi! Muhimi – Bulon, nimagadir, Bulon bor-yo‘g‘imizni hal qiladi,
Bulonda taqdirimiz o‘zgacha chiroy ochadi, deb o‘ylardim. «Bulonga,
Bulonga», yuragim shunday tepardi. Men tongni telbalarcha orziqib
kutardim.
HADDAN ZIYOD TUSHUNAMAN
Axir bu bir necha kun, besh kun, atigi besh kun avval, oldingi seshanbada
bo‘lgan edi! – Yana ozgina vaqt, yana zarracha chidaganda men
atrofimizdagi qorong‘ilikni tarqatib yuborardim! Nahotki tinchlana
olmasdi? Axir ertasigayoq, bir oz sarosimaga qaramay, gaplarimni kulib
eshitgan edi-ku… Muhimi, bu vaqt davomida, besh kun mobaynida
parokandalik yo uyatdan siqilardi. Qo‘rqardi ham, juda-juda qo‘rqardi.
Bahslashib o‘tirmayman, tentaklarga o‘xshab o‘z gapimga o‘zim qarshi
ham bormayman: qo‘rquv bor edi, axir shu vaziyatda qanday qilib

qo‘rqmasin? Axir juda uzoq vaqt badalida bir-birimizga begonalashib
qoluvdik-ku, bir-birimizdan bu qadar uzoqlashib, kutilmaganda… Ammo
men undagi qo‘rquvga qaramadim, chunki yangilik barq urib kelmoqda
edi!.. Xatoga yo‘l qo‘yganim to‘g‘ri, ming-ming marotaba to‘g‘ri. Balki bir
emas ko‘plab xatoga yo‘l qo‘ygandirman. Bundan ham bo‘yin
tovlamayman. Ertasiga (ya’ni chorshanba kuni) uyg‘onishimiz bilan xatoga
yo‘l quydim: uni birdaniga o‘zimga do‘st deb bildim. Men shoshildim,
behad shoshildim, biroq tavbam zarur edi, istig‘for keltirish har narsadan
zarurroq edi. Men hatto bir umr o‘zimdan yashirgan sirlarimni ham
oshkor etdim. Butun qish bo‘yi uning muhabbatiga umid bog‘laganim
ochildi. Garov kassasi riyozat chekish oqibatida irodam zaiflashuvi, ongim
tushkunligi tufayli tug‘ilgan xudbinlarcha shaxsiy g‘oyam ekanini
tushuntirdim. O‘shanda teatr yemakxonasida chindan qo‘rqqanimni,
ammo dueldan emas, o‘z fe’limdan, o‘z badgumonligimdan qo‘rqqanimni,
aniqrog‘i, yemakxonadan, vaziyatdan lol qolganimni, gusarni duelga
chaqirishim boshqalarga bema’ni bo‘lib tuyulmasmikin, degan xayolda
gumonsiraganimdan, dueldan emas, aynan shu gumondan
cho‘chiganimni, so‘ng bu qo‘rqoqligimni bo‘ynimga olmay hammani,
hatto uni azobga qo‘yganimni, uni azobga qo‘yish uchun ham
uylanganimni aytdim. Umuman gaplarimda tartib yo‘q edi, go‘yo isitma
aralash valaqlardim. Uning o‘zi qo‘llarimdan ushlab, bas qilishimni
so‘rardi: «Siz oshirib yuboryapsiz, siz o‘zingizni qiynayapsiz» - shunday
derdi, keyin ko‘z yoshi boshlanardi, tutqanog‘i tutishga oz qolardi! U
xotiralarimga nuqta qo‘yib, gapirmasligimni iltijo bilan so‘rardi.
Uning iltimoslariga qaramasdim, yoki kam e’tibor berardim. Axir oldinda –
bahor, quyoshli Bulon! U yerda bizni yangi quyoshimiz kutyapti – bularni
gapirmay bo‘ladimi! Kassani yopib, ishni Dobronravovga oshirdim.
Cho‘qintirgan onamdan qolgan uch mingdan tashqari bor budimizni
muhtojlarga ulashib, o‘sha uch mingga Bulonga borib kelgach, yangi hayot
boshlab, peshona teri bilan tirikchilik qilishni taklif etdim. Shunga
kelishdik, chunki u taklifimni javobsiz qoldirdi, faqat jilmayib qo‘ydi.
Nazarimda, meni xafa qilmaslik niyatida, ko‘ngil uchun jilmaydi. Unga

og‘irligim tushayotganini ko‘rdim. Meni buni ko‘rmaydigan darajada
tentak va xudbin deb o‘ylamang. Men hammasini, so‘nggi
chiziqchasigacha ko‘rdim, ko‘rganda ham boshqalardan aniqroq ko‘rdim:
mening barcha iztiroblarim shunday kaft ustida edi.
Men unga o‘zim haqimda, u haqda va Lukerya to‘g‘risidagi hamma gapni
aytdim. Yig‘laganimni aytdim… O, ba’zan gapni chalg‘itdim, ba’zi
narsalarni eslatmaslikka harakat qildim, hatto u bir-ikki jonlandi, esimda,
aniq esimda! Nima uchun qarab turib hech nimani ko‘rmagansan,
deyapsiz? Axir bu sodir bo‘lmaganda hammasi qayta tirilardi. Axir uchinchi
kuni suhbatimiz chog‘ida, qish bo‘yi o‘qigan kitoblari haqida gap ketganda
Jil-Blaz bilan arxiyepiskop Grenadskiy orasidagi mojaroni eslab, kula-kula
aytib bergan edi-ku! Kulgisi xuddi qalliqlik davridagidek (o, u onlar!)
naqadar munis, muloyim edi, bunda mening quvonchim chekini chamalab
bo‘lmasdi. Arxiyepiskop mojarosini eshitib, hayratga tushdim: qarang,
o‘sha qishda o‘tirgan chog‘ida durdona asardan lazzatlanishga, kulishga
ruhiy xotirjamlik va baxtli onlar topa bilibdi-da! Demak, u shu holda
tashlab qo‘yishimga ishonch hosil qilib, ovuna boshlagan ekan. «Meni shu
holda tashlab qo‘yasizmi, deb o‘ylabman» - o‘sha kuni, seshanbada
shunday dedi! O, axir bu o‘n yoshli qizaloqlarning o‘yi-ku! Demak, u
hamma narsa shu holda qolishiga ishongan, to‘la ishongan: ya’ni u o‘z
stolida, men o‘zimnikida o‘tiraman, shu zaylda oltmish yoshimizga qadar
ayrimiz… Birdaniga, hech kutilmaganda men tiz cho‘kaman, men – er,
muhabbatga muhtojman! O, bu mening xatoim, bu mening ojizligim edi!
Unga shavq bilan qarashim ham xato edi; o‘zimni tutishim lozim edi,
chunki shavqim uni qo‘rquvga solardi. Axir men o‘zimni tutib ham oldim,
oyoqlarini boshqa o‘pmadim. Hatto biror marta bo‘lsin unga.. er
ekanligimni shama qilmadim, bu hatto xayolimga ham kelmadi. Men faqat
ibodat qildim, ha, ibodatdan boshqasini o‘ylamasdim. Axir butunlay
gapirmaslik, sukut saqlash ham mumkin emasdi! Gaplaridan lazzat
olishimni, uning o‘zimga nisbatan cheksiz, ha, cheksiz bilimdon va yetuk

ekanini ham yashirmadim. U qizarib ketdi, noqulay ahvolga tushib,
«oshirib yuboryapsiz» dedi. Ana shunda, men ahmoq kalla, o‘zimni
tutolmay, eshik ortida pisib uning olishuvini, bokiralik bilan mahluq
orasidagi olishuvni tinglaganimni, bolalarcha oqko‘ngil bo‘lgan holda aqli,
zarofati shu’lasi, menga behad lazzat bag‘ishlaganini aytib yubordim. U
seskanib, butun vujudi titrab ketdi, yana oshirib yuboryapsiz demoqchi
bo‘ldi-yu, birdan chehrasiga qayg‘u yugurdi, yuzini qo‘llari bilan to‘sib
ho‘ngrab yubordi… Men yana o‘zimni tutolmadim, yana yiqilib oyoqlarini
o‘pa ketdim. O‘tgan seshanbadagi kabi tutqanoq bilan yakunlangan bu
voqea kecha kechqurun sodir bo‘ldi. Ertalab esa…
Ertalab!? Tentak, ertalab bugun edi, bugun ertaga edi, yaqinda, yaqinda
edi…
Yaxshilab tinglab, uqib oling: yaqinda (kechagi jazavadan keyin) choyga
o‘tirganimizda u o‘zining xotirjamligi bilan meni lol qoldirdi. Ha, shunday
bo‘ldi. Men esam tuni bo‘yi kechagi voqea tufayli qo‘rquvdan tipirchilab
chiqqan edim. Birdan u menga yaqinlashdi, tiz cho‘kdi, qo‘llarini
qovushtirib (yaqinda, yaqinda-ya!) o‘zining jinoyatchi ekanini, buni yaxshi
bilishini, jinoyati qish bo‘yi azob berganini, azob iskanjasidan hali ham
qutulmaganini… olijanobligimni cheksiz qadrlashini aytdi: «vafodor
xotiningiz bo‘laman, sizni e’zozlayman..» Shunda men sapchib turib uni
telbalarcha quchoqlab oldim! Uni o‘pa ketdim, yuzlaridan, lablaridan
o‘pdim, uzoq ayriliqdan keyin qaytgan er misol o‘pdim. Shundan keyin
nimaga ketdim-a, ikki soatgagina… xorijiy pasportlar orqasidan… E, xudo,
besh daqiqagina, besh daqiqa oldin qaytsam bo‘lmasmidi? Darvozamiz
oldidagi olomon, ularning nigohlari… E, xudo!
Lukeryaning aytishicha (o, men endi Lukeryani sira qo‘yib yubormayman.
U hammasini biladi, butun qish bo‘yi u bilan birga bo‘lgan, endi menga
hikoya qilib beradi!), men uydan chiqqach, qaytishimga bor-yo‘g‘i yigirma

daqiqa qolganda xonamizga kirgan, boyvuchchadan nimanidir
so‘ramoqchi bo‘lgan, nimaligi esimda yo‘q, kirib qarasa-ki, uning ikonasi
(hov o‘sha, garovga keltirgan, Bibi Maryam ikonasi) naqshindor
qoplamadan chiqarilgan, stol ustida turibdi, boyvuchcha xuddi hozirgina
sajda qilganday... “Sizga nima bo‘ldi, boyvuchcha?” – «Hech nima,
Lukerya boraver.. To‘xta Lukerya». Yaqinlashib o‘pibdi.
-Baxtlimisiz, boyvuchcha? – deb so‘rabdi. «Ha, Lukerya». – Allaqachonlar
sizdan uzr so‘rashlari kerak edi… Xudoga shukr, yarashib oldinglar. –
«Yaxshi, Lukerya, bor, boraver Lukerya» - shunday deb jilmayibdi, juda
g‘alati jilmayibdi. Shu darajada g‘alati jilmayibdiki, Lukerya o‘n daqiqadan
so‘ng xabar olish uchun yana iziga qaytibdi. «U shunday deraza oldida,
tirsagi bilan devorga suyanib, boshini qo‘liga qo‘yib, o‘ylanib turibdi. Juda
qattiq o‘yga tolganidan qo‘shni xonaga kirganimni, tikilib qolganimni
sezmadi. Qarasam, jilmayayotganga o‘xshadi, turgan holicha o‘ylab
jilmayganday bo‘ldi. Unga qarab turib-turib, orqamga o‘girilib, sekin
chiqdim. Endi o‘zimcha o‘yga tolgandim, deraza ochilgani eshitildi.
«Boyvuchcha, hali havoning zahri bor, shamollab qolmang» degani kirib,
qarasam – u derazada turibdi. Ochiq derazada butun bo‘yi-basti bilan
menga orqasini o‘girib turibdi. Qo‘lida Bibi Maryam. Yuragim uzilib tushdi.
Jon holatda «Boyvuchcha, boyvuchcha!» deb qichqirdim. U ovozimni
eshitdi, o‘girilmoqchi edi, o‘girilolmadi, tashqariga qarab qadam qo‘ydi,
Bibi Maryamni ko‘kragiga bosib, o‘zini derazadan tashladi».
Men faqat bir narsani yaxshi eslayman: darvozadan hatlab o‘tganimda u
hali sovub ulgurmagan edi. Muhimi – hammaning ko‘zi menda. Avvaliga
baqirayotgan edilar, keyin birdan jimib qoldilar. Olomon ikki tomonga
surilib yo‘l ochildi va… uni Bibi Maryamni quchoqlagan holda ko‘rdim.
G’ira-shira eslayman, unga jimgina yaqinlashdim, uzoq tikildim,
chekinayotgan olomon ichidan menga nimalardir deyishdi. Lukerya shu
yerda ekan. Men bilan gaplashganmish. Faqat meshchan yodimda, u

nuqul toshdagi qonni ko‘rsatib: «og‘zidan bir hovuch qon chiqdi, bir
hovuch! Bir hovuch!» deb baqirardi. Men, aftidan, qonga barmog‘imni
tekkizdim, qonga bulangan barmog‘imga qaradim (bu esimda), meshchan
esa nuqul «bir hovuch, bir hovuch!» deb baqirdi.
-Bir hovuching nimasi! – deb qaynab ketibman, bor kuchim bilan unga
tashlanibman.
O, vahshiylik, vahshiylik! Anglashilmovchilik bu! Nojoizlik, aqlga to‘g‘ri
kelmaydigan hol bu!
ATIGI BESH DAQIQAGINA KECHIKDIM
Noto‘g‘rimi? Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydimi? Joiz deyish mumkin emasmi?
Bu ayol nimani deb, nimaga o‘ldi?
O, ishoning. Tushunaman, ammo uning nima uchun o‘lgani muhim
muammo. U mening muhabbatimdan qo‘rqdi, qabul qilsammi,
qilmasammi, deb o‘zidan-o‘zi jiddiy so‘radi, oxir savoliga javob topolmay,
o‘limni ravo ko‘rdi. Bilaman, bilaman, bosh qotirishning hojati yo‘q
va’dalarni keragidan ortiqcha berib yubordi, va’daga vafo qilolmasligini
bilib qo‘rqdi – bu ravshan narsa. Bu yerda nihoyatda mudhish bo‘lgan bir
necha vaziyat bor. Harholda “u nima uchun o‘ldi?” - degan savolga o‘rin
bor. Bu savol betinim tiqillayapti, aynan mening miyamda tiqillayapti.
Agar u shu holda qolishni istaganda, men uni shu holda qoldirardim. U esa
bunga ishonmadi, mana gap qayerda! Yo‘q, yo‘q aldayapman, gap bu
yerda emas. Masala oddiyroq, men bilan halol munosabatda bo‘lishi kerak
edi; sevadigan bo‘lsa butun jonu tani bilan sevishi lozim, baqqolga in’om
etishi mumkin bo‘lgan sevgi menga mutlaqo kerak emasdi. U baqqolga
lozim bo‘lgani uchun ham meni aldab yurishni istamadi. U sevgi niqobi
ostida yarim sevgi yoki chorak sevgi bilan meni laqillatishni xohlamasdi.

Haddan tashqari bokira edi, mana gap qayerda! Qalb kengligini joriy
etmoqchi edi, esingizdami? G’alati fikr…
U meni hurmat qilarmidi? Buni o‘larday bilgim kelyapti. Mendan
nafratlanarmidi yoki yo‘qmi? O‘ylashimcha, nafratlanmasdi. G’oyat
taajjublanarlisi shundaki, mendan nafratlanarmidi, degan savol butun qish
bo‘yi kallamga kelmabdi. Men uning nafratidan xoli ekanimga so‘nggi
daqiqagacha, menga qat’iy ajablanish bilan, aynan qat’iy qaragunga qadar
oliy darajada ishonardim. Ana shunda men uning nafratlanishini
tushundim. Abadulabad, umrbod angladim! Oh, mayli edi, bir umr
nafratlansa ham mayli edi, men uchun tirik bo‘lsa, tirik yursa bas edi!
Yaqindagina yuruvdi, gapiryatuvdi. Qanday qilib derazadan tashladi, sira
aqlim bovar qilmayapti. Hatto besh daqiqa oldin ham buni tasavvur eta
olmasdim. Lukeryani chaqirdim. Endi uni sira qo‘yib yubormayman, sira!
O, biz hali til topishishimiz mumkin edi. Biz faqat qish bo‘yi dahshatli
ravishda begonalashib qoldik, axir yana yaqinlashuvimiz mumkin edi-ku?
Yana mehr nuqtasida uchrashib, yangi hayot boshlashimiz nahot, nahot
mumkin emasdi? Men olijanobman, u ham – uchrashuv nuqtamiz
shundan iborat! Yana ikki kungina, ko‘p emas, chidasa, yana bir necha so‘z
bilan hammasiga tushunib yetardi.
Muhimi, bu hodisa – oddiy, yovvoyi, johil hodisa ana shunisi alam qiladi.
Shundan dilim og‘riydi! Besh daqiqa, bor yo‘g‘i, bor yo‘g‘i, besh daqiqa
kechikdim! Besh daqiqa oldin kelganimda hammasi bulut kabi suzib o‘tib
ketardi, bu ish keyin xayolidan ko‘tarilardi. Hammasi uning tushunib
yetishi bilan yakunlanardi. Endi esa yana bo‘sh xonalar, yana yolg‘izligim…
Ana soat kapgiri tiqillayapti, unga nima, rahm, shafqat degan narsani
bilmaydi. Endi hech kim yo‘q – ranju alamim ham shu!
U xonadan bu xonaga sarsari kezaman. Bilaman, bilaman, aytmay
qo‘yaqoling, tasodifdan, besh daqiqa kechikkanimdan zorlanishim sizga
kulgili tuyulyapti. Ammo ayon haqiqatni tan olgingiz kelmayapti. O‘zingiz
o‘ylab ko‘ring: u boshqalar kabi hatto «o‘limimda hech kimni ayblamang»,
degan ikki enlik xatcha ham qoldirmabdi. «U bilan sen yolg‘iz qolgan

eding, derazadan itarib yuborgansan», deb hatto Lukeryani sarson
qilishlarini nahot o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa! Agar hovlidagi to‘rt kishi uning
derazada Bibi Maryamni quchoqlab turganini, so‘ng o‘zini tashlaganini
ko‘rishmaganda, aybsiz bo‘lishimizga qaramay, toza sargardon qilishardi.
Axir odamlarning turishi, hodisaga guvoh bo‘lgani ham tasodif-ku! Yo‘q,
bularning barchasi – lahza, g‘ayrishuuriy lahza. Nogahoniylik va bejilov
xayol! Xo‘sh, ikona qarshisida ibodat qilgan bo‘lsa nima? Bu o‘lim oldida
tavba qildi, degan gap emas-ku! Hammasi bir lahzagina davom etgan.
Balki qandaydir o‘n daqiqa ichida – devorga suyanib, boshini qo‘liga
qo‘yganicha jilmaygan paytida bir qarorga kelgandir. Kallasiga shu xayol
urilganu boshi aylanib, bu qaror qarshisida o‘zini tuta olmaganmi?
Xoh istang, xoh istamang, bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor. Men
bilan yashashi mumkin edi. Kamqonlik bo‘lsa nima qipti? Kamqonlikdan,
sillasi qurib hayotiy quvvatning tugaganidan deysizmi? Yo‘q, u qishi bilan
charchadi, mana gap qayerda…
Kechikdim!!!
Tobutda yotganda bunchalar xipcha, burni bunchalar so‘ppayib qolmasa!
Kipriklari kamon o‘qlari kabi yotibdi. Yiqilishi ham beozorgina bo‘lgan –
hech yeri sinmagan, yorilmagan. Faqat shu «bir hovuch qon». Ya’ni bir
qoshiq degani. Ich-ichidan qalqqan. Ajib fikr: ko‘mmaslik mumkin
bo‘lganda edi? Uni olib ketishgach, unda… o, yo‘q, olib ketish mumkin
emas! O, axir men olib ketishlari lozimligini bilaman, men telba emasman,
alahsirayotganim ham yo‘q, aksincha, aqlim hech mahal hozirgiday
oydinlashmagan. Men bir narsani hazm qila olmayapman: yana uyda hech
kim qolmaydimi, yana hayhotday bu xonalarda garovga qo‘yilgan
buyumlar bilan yolg‘iz yashaymanmi? Alahsirash, alahsirash, mana
alahsirash qayerda! Men uning sillasini quritdim mana gap qayerda!
Endi qonunlaringizni boshimga uramanmi? Endi odatlaringiz, taomilingiz,
hayotingiz, davlatingiz, diningizni sariq chaqaga olmayman. Mayli, meni
sizning hakamingiz so‘roq qilsin, mayli meni o‘sha sudga, ochiq sudingizga
boshlab boring, hech nimani tan olmasligimni o‘sha yerda ham aytaman.

Hakamingiz «Jim bo‘ling, ofitser!» deb qichqiradi. Men esam unga: «Meni
quloq osishga majbur etuvchi qudrating qani? Nima uchun bu zim-ziyo
jaholat men uchun hamma narsadan qadrli bo‘lgan narsani majaqladi?
Qonunlaringiz menga nimaga kerak? Menga endi begona bular!» deb
baqiraman. O, endi menga bari bir!
Ojiz, ojiz! Jonsiz u, eshitmaydi! Senga qanday jannat yaratib berardim,
bilmayman. Jannat qalbimda edi, chor atrofingni jannat bilan o‘rardim.
Sen meni bari bir sevmas eding, xo‘sh, nima qipti? Hammasi o‘sha holda
bo‘lardi, o‘sha holda qolardi. Do‘stga gapirib berganday gapirarding
menga – bir-birimizning ko‘zimizga tikilib quvonardik, kulardik. Shunday
yashardik. Boshqani sevib qolsangmi? Mayli, rozi edim! Sen u bilan yurib
kularding, men bo‘lsam ko‘chaning bu betida turib kuzatardim… O, faqat
bir martagina ko‘zini ochsa, hammasiga rozi edim! Bir lahza, faqat bir
lahza (!) menga qarasa edi, xuddi yaqinginada oldimga kelib vafodor xotin
bo‘laman, deb qasam ichayotganday bir qarasa edi! O, bir qarashdayoq
hammasini anglar edi!
Jaholat! O, tabiat! Yer yuzidagi odamlar yolg‘izlar – alam qiladigani shu!
«Maydonda tirik jon bormi?»- deb qichqiradi, rus pahlavoni. Pahlavon
bo‘lmasam-da, men ham qichqiraman – hech kim javob bermaydi.
Quyosh odamga jon beradi, deydilar. Quyosh chiqqanda unga bir
qaranglar – axir u o‘lik emasmi? Hamma narsa o‘lik, hamma yerda jonsiz
murdalar. Faqat odamlar, atroflarini sukut o‘rab olgan – Yer shundan
iborat. «Odamlar, bir-biringizni seving!» Buni kim aytgan!? Kimning o‘giti?
Soat kapgiri unsiz, nafratni qo‘zg‘atadigan darajada tiqillaydi. Tun og‘di –
soat ikki. Botinkachalari karavoti oldida turibdi, go‘yo bekasini kutyapti.
Yo‘q, jiddiy aytyapman, ertaga uni olib ketishgach, men nima qilaman?

1876

Izohlar:
*«Yozuvchi kundaligi» nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak.
F.M.Dostoyevskiy 1873-74 yillarda «Grajdanin» jurnaliga muharrirlik qilib,
har oyda «kundalik»larini e’lon qila boshlagan. 1876-77 yillarda davom
ettirgan. «Ma’suma»ning yozilish vaqti xuddi shu davrga to‘g‘ri keladi.
(Tarj.)
*Ham oqlashim, ham qoralashim ma’nosida (lotincha)
*Inglizchasiga (frans.)
*XIX asr ingliz faylasufi, utilitarizm tarafdori nazarda tutilgan bo‘lsa kerak.
(Tarj.)
*Ishqiy uchrashuvga (frans.)
Tohir Malik tarjimasi