October 7, 2020

Fyodor Dostoyevskiy Ma’suma (hikoya) 1-qism


O, bu yorug‘ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli! Bu malak, bu ma’suma,
bu osmon – mustabid edi, qalbimning chidab bo‘lmas darajadagi
shafqatsiz mustabidi, sitamgiri edi! Agar bularni aytmasam, o‘zimga-o‘zim
tuhmat qilgan bo‘laman! Siz mening sevgimga ishonmayapsizmi? Shunday
deb kim ayta oladi? O, bu sho‘ri-g‘avg‘o, taqdir va tabiatning istehzoga
to‘la sho‘ri-g‘avg‘osi edi! Bizga qarg‘ish tekkan, odamzotning hayoti
(jumladan meniki ham) qarg‘ish ostida qolgan.
Yozuvchidan:
Odatdagi «Kundalik»* o‘rniga bu safar qissa havola etayotganim uchun
o‘quvchilardan uzr so‘rayman. O’tgan oy chindan ham asosan shu qissa
bilan band bo‘lganim sababli o‘quvchilar aybsitmay iltifot qilarlar degan
umiddaman.
Endi hikoya haqida. Xayoliy deb ataganim bilan o‘zim uni oliy darajadagi
hayotiy hikoya deb hisoblamayman. Ammo shu o‘rinda, ayniqsa, hikoya
shaklida mavhumlik borki, buni avvaldan izohlashni lozim deb topdim.

Gap shundaki, bu hikoya ham, kundalik ham emas. Bundan bir necha soat
ilgari o‘zini derazadan tashlab, joniga qasd qilgan juvonning eri qanday
xolatdaligini tasavvur qilib ko‘ring: stol ustida xotinining jasadi.
Esankiragan er hali xayolini yig‘ib ololmagan. U «xayolini bir nuqtaga
jamlash», sodir bo‘lgan voqeaning ma’nosiga yetish uchun u xonadan bu
xonaga sarsari yuradi. Qolaversa, vahima kasali, o‘zi bilan o‘zi gaplashish
xastaligi hukm o‘tkaza boshlagan. O‘zi bilan o‘zi gaplashib, go‘yo sodir
bo‘lgan hodisani bayon qilyapti, aslida esa voqeani o‘zi uchun
oydinlashtiryapti. Gaplari, dastlab izchilday tuyulsa-da, bir necha yerda
ham mantiq, ham tuyg‘u jihatdan qarama-qarshi fikrlarni aytadi. O‘zini
oqlab, uni ayblaydi, aloqasiz bahonalarni ro‘kach qilib, tushuntirishga
kirishib ketganda yurak va fikr to‘mtoqligi, ayni choqda, bunga zid o‘laroq
tuyg‘u chuqurligi ayon bo‘ladi. Asta-sekin voqeani o‘zi uchun
«oydinlashtiradi» va «xayolini bir nuqtaga to‘playdi. Uyg‘ongan bir qator
xotiralari uni oxir-oqibatda haqiqatga olib keladi: bu haqiqat uning ongi va
qalbini shubhasiz yuksaklikka ko‘taradi. Hatto oxiriga borib hikoya ohangi
boshlanishidagi betartiblikka nisbatan ancha o‘zgaradi. Haqiqat, hech
bo‘lmaganda shu bezorining o‘zi uchun yetarli darajada ravshan va aniq
yuz ochadi.
Mavzu mana shu. Albatta, bir necha soat davom etadigan hikoya
jarayonida uzuq-yuluqlik ham, oralatish ham, poyma-poylik ham uchraydi:
dam u o‘ziga-o‘zi gapiradi, dam go‘yo ko‘rinmas tinglovchiga, qandaydir
hakamga murojaat qiladi. Umuman hayotda hamisha shunday bo‘ladi.
Agar uning gaplarini stenograf yashirincha eshitib, yozib olganda edi, men
tavsiya etayotgan hikoyaga nisbatan to‘mtoqroq, g‘adir-budurroq bayon
yuzaga kelib, ruhiy tartib esa o‘sha-o‘sha qolishi mumkin edi. Stenograf
yozib olgan (men esam qayta sayqal bergan) degan farazim hikoyaning
mavhumligini, hayotiyligini tashkil etadi. Zero, bu hol san’atda ilgari ham
uchragan: masalan Viktor Gyugo «O‘limga mahkum etilganning so‘nggi
kuni» degan durdonasida qariyb shu usulni qo‘llagan, garchi stenografni nazarda tutmagan bo‘lsa-da, undan ham battarroq taxminga - o‘limga
mahkum etilgan odam faqat so‘nggi kunida emas, hatto so‘nggi soati,
daqiqasida ham kundalik yoza oladi (va bunga vaqti yetarli) degan aql
bovar qilmas farazga asoslangan. Agar bu mavhumlikka yo‘l bermaganda
edi, bu asar ham, u yozib qoldirgan asarlar ichidagi eng hayotiy, eng
haqgo‘y asarning o‘zi ham dunyoga kelmagan bo‘lardi.
MEN KIMU U KIM EDI
…Hozircha u shu yerda, menga birmuncha osonroq, dam-badam kelib
termulaman: ertaga olib ketishadi - yolg‘iz qolaman – unda holim nima
kechadi? U hozir katta xonada: ustiga movut qoplangan qarta o‘ynaluvchi
ikki stol birlashtirilib qo‘yilgan – u shu stol ustida yotibdi, ertaga tobut
keladi, oppoq yog‘ochdan ishlangan, oppoq tobut: darvoqe gap bu haqda
emas… Men u xonadan – bu xonaga yura-yura voqeani
oydinlashtirmoqchiman. Olti soatdan beri oydinlashtiraman deyman-u,
xayolimni bir nuqtaga to‘play olmayman. Faqat yuraman, yuraman,
yuraman… Voqea bunday bo‘lgan. Men bir boshdan, tartib bilan (tartib!)
aytib beray. Janoblar, men adabiyotchi emasman, buni o‘zingiz sezib
turgandirsiz, shunday bo‘lsa ham, fahmim yetganini aytib beraman. Meni
iskanjaga olib turgan dahshat ham shunda – hamma narsaga fahmim
yetadi!
Agar bilishni istasangiz, aniqrog‘i, boshidan boshlaydigan bo‘lsak, bu
shunday gapki: ya’nikim, u “murabbiya uyga qatnab ham, boshqa yerga
ko‘chib borib ham dars bera oladi...” hokazo, hokazo mazmundagi xabarni
«Golos»da e’lon qilish uchun yetarli mablag‘ga muhtoj bo‘lib, buyumlarini
garovga qo‘ygani kelgan edi. Bu – voqeaning muqaddimasi: men uni
avvaliga boshqalardan farqlamadim ham: boshqalar qatori keladi, ketadi.
Keyinroq, farqlaydigan bo‘ldim. U o‘rtadan xiyol tikroq, oq-malla sochli, xipchagina edi: mening oldimda o‘ng‘aysizlanganidanmi, sal beo‘xshov
harakat qilardi (nazarimda u begonaga ro‘para kelganda hamisha shu
holga tushardi: chunki agar garovchi emas, oddiy odam sifatida qaralsa u
uchun, mening boshqalardan farqim yo‘q edi). Pulni olardi-yu, shu
zahotiyoq orqasiga o‘girilib, jo‘nab qolardi. Churq etib og‘iz ochmasdi.
Boshqalar ko‘proq berishni talab qilib, talashadi, tortishadi, yalinadi… bu
esa… yo‘q, ovoz chiqarmaydi. Berganni oladi… Men chalg‘ib ketyapman
shekilli… Ha, meni eng avvalo uning buyumlari hayratga soldi: tilla suvi
yugurtirilgan kumush zirak, taqib yurishga nomus qiladigan, almisoqdan
qolgan medalon, xullas, bir chaqaga qimmat buyumlar. Garovga
qo‘yayotgan narsalarini yarim tangadan oshiqqa baholamasligimni o‘zi
ham biladi, ammo men ko‘zlariga qarab, buyumlar u uchun bebaho
ekanini sezardim. Zirak, medalonlar ota-onasidan qolgan yodgorligini
keyinroq bildim. Bir marta uni masxaralaganday bo‘ldim. Buni o‘zim ham
kutmagan edim. Chunki, odatim bo‘yicha, men mijozlarim oldida o‘zimni
sipo tutaman: muloyimlik bilan, kam gapiraman, ammo jiddiylikni,
qat’iyatni yo‘qotmayman: «Qat’iyat, qat’iyat, qat’iyat!» - mening ish
uslubim shunga asoslangan. Bir kuni to‘satdan u quyon terisining yulib￾yulqilgan eski qoldig‘ini (ha, ha, aynan qoldig‘ini) keltirishga jur’at
qilganda o‘zimni tutolmay qandaydir achchiq gap aytvordim. Voh,
otaginam! O‘sha zahoti lov etib yonib ketdi. Ko‘zlaridan – katta-katta
o‘ychan, ko‘m-ko‘k ko‘zlaridan uchqunlar sachraganday bo‘ldi. Shunda
ham bir og‘iz so‘z aytmadi, «qoldig‘i»ni oldi-yu, chiqdi-ketdi. Ana shunda
men ilk bor boshqa mijozlarimdan farqlab, alohida kashf etdim va u haqda
boshqacharoq, ha, aynan boshqacharoq fikrga keldim. Hatto ma’lum
taassurot ham uyg‘ondi menda – uning yoshligi, juda ham yoshligi, xuddi
o‘n to‘rt yoshli qizaloqday ekani (holbuki, o‘sha damda u uch oyi kam o‘n
oltida edi), taassurotim yaxlitligini tashkil etdi. Darvoqe, men bu haqda
gapirmoqchi emasdim, taassurotim butunligi ham bundan emasdi. U
ertasiga yana keldi. Keyin bilishimcha, u mana shu bir parcha teri bilan
Dobronravovga ham, Mozerga ham yo‘liqqan ekan: ular tilladan boshqa
narsani garovga olishmaydi, shuning uchun bu qiz bilan gaplashib ham o‘tirishmabdi. Men esa undan hatto naqshin chig‘anoq ham olib qolgan
edim. Olishga olib qolib, keyin o‘zim hayratga tushgan edim: men – tilla va
kumushdan bo‘lak hech narsani garovga qabul qilmaydigan odam, uning
almisoqdan qolgan naqshin chig‘anog‘iga pul beribman-a! Qiz haqidagi
ikkinchi fikrim o‘shanda uyg‘ongan, aniq esimda.
Bu safar u Mozernikida ishini bitirolmay, yana menga bosh egib kelgan
edi. Havasga ishlangan mundshtugining ko‘rinishi chakki bo‘lmasa-da, tilla
bilan muomala qiladigan bizday odamlarning o‘lchovida hech narsaga
arzimasdi. Kechagi isyondan keyin yana kelgani uchun uni jiddiy qiyofada
qarshiladim. Jiddiyligim – quruq niqob. Unga ikki so‘m uzatayotib, bir oz
hayajon bilan gapirishdan o‘zimni tutolmadim: «Men faqat siz uchun
shunday qilyapman. Mozer bunaqa narsani sira olmaydi». “Siz uchun”
degan so‘z ma’lum ma’no anglatsin degan maqsadda alohida urg‘u
berdim. Shu gapdan keyin bir chimdim kulga aylandim. U esa… «siz
uchun»ni men istagan ma’noda tushunib, yana lov etib yondi, lekin
indamadi, kambag‘allik nimalarga majbur qilmaydi - pulni qaytarib
tashlamadi, oldi. Uning lov-lov yonishi!.. Men bir so‘z bilan igna sanchib
olganimni sezdim. U chiqqach, to‘satdan o‘zimni o‘zim savolga tutdim:
nahot uning ustidan g‘olib chiqishning bahosi ikki so‘mgina tursa? He-he￾he! Aniq eslayman: bu savolni ikki qayta takrorladim: «Ikki so‘mmi? Ikki
so‘mmi?» keyin kulimsirab savolga o‘zim istagan, ko‘nglimni iyitadigan
javob topdim. Juda yayrab ketgan edim o‘shanda. Ammo qabih niyatim
yo‘q edi: o‘ylab bir maqsad bilan qarmoq tashlagandim: uni
sinamoqchiydim, chunki xayolimda shu qizga tegishli ayrim fikrlar bexos
o‘ralashib yurardi. Bu u haqdagi uchinchi alohida fikrim edi.
…Xullas, hammasi o‘shandan boshlandi. Tabiiyki, men har tomonlama
o‘ylab, so‘rab-surishtirib, uning kelishini juda betoqatlik bilan kuta
boshladim. Uning tez orada kelishini ko‘nglim sezgan edi. U kelgach,
beqiyos bir iltifot bilan baodob suhbatga berildim. Menga durustgina tarbiya berishgan, kerak mahalda muomalam bilan hamsuhbatimni rom
qila olaman. Hm… ana shunda men uning nihoyatda mehribon va mo‘’min
ekanini angladim. Mehribon va mo‘’min qizlar ko‘p qarshilik
ko‘rsatolmaydilar, mayllarini butkul berib qo‘ymasalar-da, suhbatga chap
berib ketolmaydilar: gapga xasis bo‘lganlari bilan savolingizga qisqa-qisqa
javob beradilar. Savol qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zingizning sho‘ringiz – javob
borgan sari qisqaraveradi. Shubhasizki, u o‘shanda menga bor gapni
tushuntirmadi. «Golos» haqida ham boshqa masalalar haqida ham men
keyinroq bildim. U so‘nggi umidda bor bud-shudini garovga qo‘yib,
gazetalarda qayta-qayta e’lon berardi, dastlab, tabiiyki, bir oz takabburlik
bilan boshlagan edi: ya’niki, «murabbiya, boshqa yerga ketishi ham
mumkin, shartlar xat orqali ma’lum qilinsin» keyin: «hamma narsaga
roziman: o‘qitishga ham, nadimalikka ham, uy-ro‘zg‘orga qarashga ham,
xastalarni boqishga ham ko‘naman, tikishni bilaman...» hokazo, hokazo.
Bu yog‘i ma’lum… Bu gaplar e’lonlarga birin-sirin qo‘shilib, oxiri, pichoq
suyakka taqalganda hatto «maoshsiz, faqat nom evaziga» ishlashga ham
ko‘ndi. Shunda ham joy topolmadi! Shunda men uni so‘nggi marta
sinamoqchi bo‘ldim: bugungi «Golos»ni olib e’lonni ko‘rsatdim: «Hech
kimi yo‘q juvon, yosh bolali oilada murabbiyalik qilishi mumkin, keksaroq
beva erkaknikida bo‘lsa yana yaxshi. Ro‘zg‘or ishlarini yengillatishi
mumkin».
- Mana ko‘rdingizmi, e’lon ertalab chiqdi, kechgacha joy topadi. E’lonni
shunaqa yozish kerak!
U yana lov etib yondi, ko‘zlarida uchqun chaqnadi, shart o‘girildi-da,
chiqib ketdi. Bu ishi menga juda-juda yoqdi. Qolaversa, men endi
qo‘rqmasdim, niyatimga yetishimga amin edim: mundshtugi qo‘ldan
ketgan. Uchinchi kuni rangi oqargan, sarosimaga tushgan holda keldi –
uyida bir gap bo‘lganini tushundim, darhaqiqat, bo‘lgan ekan. Nima
gapligini hozir aytaman, avval bashangligim bilan ko‘zi oldida qanday qad
rostlaganimni eslatay. Ha, birdan menda shunaqa niyat paydo bo‘ldi. Gap
shundaki, u ikona olib keldi (jur’atni qarang!). Ha, eshiting! Eshiting! O‘shanda boshlandi hammasi, men esa boyatdan beri chalg‘iyapman.
Garangsishimning boisi, men har bir mayda-chuydani, har bir chiziqchani
eslamoqchiman. Xayolimni bir nuqtaga to‘plamoqchiman –
eplolmayapman, bu chiziqchalar, chiziqchalar…
Bibi Maryam ikonasi. Go‘dak ko‘targan Bibi Maryam – uy to‘riga
qo‘yiladigan, qadimiy, naqshlari tilla suvi yugurtirilgan kumushdan
ishlangan ikona – narxini olti so‘m atrofida baholash mumkin. Ikonaning
qadrli ekanini bilib turibman, u Bibi Maryam tasvirini zarhal naqshidan
chiqarmay uzatdi. «Naqshinkor qoplamani chiqarib, Bibi Maryam tasvirini
olib ketavering, har holda ikona ikona-da…» - dedim.
- Ikonani olish mumkin emasmi?
- Gap mumkin yo mumkin emasligidamas, balki u o‘zingizga…
- Mayli, chiqaraqoling.
- Bilasizmi, men chiqarmayman. Hov anavi yerga, sanam qutisi yoniga
qo‘yib qo‘yaman, - dedim bir oz o‘ylagach, - boshqa ikonalar bilan
jinchiroq yonida (do‘konni ochishim bilan jinchiroqni yoqib qo‘yish odatim
bor) turadi. Ikonaning shu turishiga o‘n so‘m olasiz.
- O‘n so‘m kerak emas. Besh so‘m yetadi. Men pulingizni to‘lab, albatta
qaytarib olaman uni.
- O‘n so‘m kerakmasmi? Ikona shunchaga arziydi, - dedim.
Bu gapdan keyin qizning yonganini sezdim. U gapirmadi. Men ichkariga
kirib besh so‘m olib chiqdim.
- Siz hech kimdan nafratlanmang, men ham bu iskanjani tatib ko‘rganman,
ahvolim battarroq edi. Garovchi bo‘lib qolishim… o‘sha azoblardan keyin…
- O‘chingizni jamiyatdan olyapsizmi? A? – degan achchiq kesatiq bilan
gapimni bo‘ldi. Istehzosida ham ma’sumalik bor edi (u meni boshqalardan
farqlay olmas edi, shu sababli aytgan gapi zarracha aybli emasdi). «Ha! –deb o‘yladim, - yangicha yo‘nalishdagi fe’ling bor ekan-ku, oxiri fosh
qilding-ku!».
- Bilasizmi, - dedim o‘sha zahoti unga javoban yarim xazil, yarim sirli
ohangda, - «Men yovuzlik maqsadida urug‘ sochib, yaxshilik mevalarini
yetishtiruvchilar bo‘lagining bir zarrasiman».
U zo‘r qiziqish bilan, hatto bolalarcha qiziqish bilan yalt etib menga qaradi.
- To‘xtang… bu kimning fikri! Qayerdadir eshitganman.
- Boshingizni qotirmang. Mana shu gaplar bilan Mefistofel Faustga o‘zini
tanishtiradi. Faustni o‘qiganmisiz?
- O‘qi… o‘qiganmanu, sal bee’tiborroq….
- Aniqrog‘i, umuman o‘qimagansiz. Albatta o‘qish kerak. Lablaringizda
yana istehzo ko‘ryapman. Sizdan iltimos, meni juda didsiz deb o‘ylamang,
garovchiligimni yashirish uchun o‘zimni Mefistofelday ko‘rsatmoqchi
emasman. Garovchi garovchiligicha qoladi. Bilamiz…
- Qiziq ekansiz… Bu gap xayolimga ham kelgani yo‘q.
U “bilimdon ekaningizni kutmagan edim”, demoqchi edi, lekin aytmadi,
aytmasa ham xayolidagini o‘qidim: men uning ko‘nglini topgan edim.
- Har sohada ham, - ta’kidladim men, - yaxshilik qilish mumkin. Men
o‘zimni nazarda tutayotganim yo‘q, mening qo‘limdan ahmoqlikdan
bo‘lak ish kelmaydi, lekin…
- Albatta, hamma yerda yaxshilik qilish mumkin, - dedi u menga yashin
tezligida nigohini tashlab. – Aynan hamma yerda, - deb yana ta’kidlab
qo‘ydi.
O, esimda, har bir daqiqa esimda! Yana bir narsani qistirib ketishim kerak:
bu yoshlar, bu dilbar yoshlar qanaqadir aqlli, g‘alati fikr bilan sug‘orilgan gapni aytmoqchi bo‘lishsa birdaniga chehralari haddan tashqari samimiyat
va soddalik nuriga to‘ladi: «mana, men sizga aqlli va nodir fikrga to‘la gap
aytdim» - yo‘q, boshqalar kabi manmanlikdan paydo bo‘lmaydi bu nur
(aslo!), u aytganlarini behad qadrlaydi va unga ishonadi, avaylaydi, siz
ham xuddi shunday avaylaysiz deb o‘ylaydi. O, samimiylik! Mana shu bilan
g‘olib chiqishadi-da! Qizdagi samimiylik esa g‘oyat yoqimli edi.
Yodimda, hech nimani unutganim yo‘q! U chiqib ketgach, uzil-kesil hal
qildim. O‘sha kuniyoq u haqdagi qolgan ma’lumotlarni miridan-sirigacha
bilishga kirishdim. Bilib oldim ham. Avvalgi ma’lumotlarni ularnikida
xizmat qilgan, bir necha kun burun arzimas pulga sotib olganim
Lukeryadan eshitgan edim. Yangi ma’lum bo‘lgan sirlar shu qadar
dahshatli ediki, bu ahvolda qanday qilib kulish mumkinligiga, o‘zi dahshatli
bir ahvolda bo‘laturib qanday qilib Mefistofel so‘zlariga qiziqishi
mumkinligiga hali-hali aqlim bovar qilmaydi. Yoshlikning qudratimi bu!
Men u haqda aynan shularni ham g‘urur, ham shodlik bilan o‘yladim,
chunki bu yerda yana olijanoblik ham bor-da: o‘zi halokat chohida turgani
holda, Gyotening buyuk so‘zlaridan ko‘zlarida nur porlayapti. Yoshlikda bir
tomchi bo‘lsa-da, bizdan teskari tomonga og‘ib tursa-da, olijanoblik bor.
Men uni, faqat uni nazarda tutyapman. Eng muhimi o‘shanda qudratimga
mutlaqo ishonib, unga o‘zimniki, sifatida qaradim. Mutlaqo ishongan
onlaringizda bu fikr shahvoniy ma’no kasb etarkan.
Menga nima bo‘lyapti? Shunaqa ezmalik qilsam, fikrimni qachon bir
nuqtaga to‘playman? Tezroq, tezroq, e, xudoyim, axir gap boshqa yerda￾ku!
SOVCHILIK
Uning sir-asrorini bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam: ota-onasi uch yil avval
o‘lib ketib, betayin xolalari qo‘lida qolgan ekan. To‘g‘rirog‘i, ularni betayin
deyish ozlik qiladi. Bir xolasi beva, biri-biridan kichik olti bolasi bilan qolgan, yana bir xolasi - qariqiz, qurumsoq, rasvo xotin. Ikkala xolasi ham
rasvo. Qizning otasi chinovnik o‘tgan, mirzalardan bo‘lgan, dvoryanlikka
o‘zi erishgan odam ekan. Xullas, hammasi mening foydamga. Har holda
men - yuqori tabaqa vakiliman, ajoyib polkning iste’fodagi shtabs￾kapitaniman. Nasl-nasabim toza dvoryanlardan, birovga muhtojlik yerim
yo‘q, hokazo, hokazo... qilayotgan ishimga xolalari faqat e’tibor bilan
qarashlari turgan gap. Xolalariga uch yil cho‘rilik qilgan. Shunda ham
imtihondan o‘ta olgan, kundalik mehnat azobidan yulqinib chiqib,
imtihondan o‘ta olish - uning olijanoblikka, yuksaklikka intilishidan dalolat
edi. Axir men nima uchun uylanmoqchi edim? E, o‘zim haqimdagi
gaplarga tupuraman, bu haqda keyin.. gap bu yerda emas! Xolalarining
bolalarini o‘qitgan, tikadiganlarini tikkan, oxir-oqibatda kirgina emas, shu
nimjongina gavdasi bilan egilib, pol ham yuvgan. Shu azobi evaziga...
xolalarining kaltagidan boshi chiqmagan. Kaltak bilan qanoatlanmagan
marazlar uni sotishgacha borib yetishgan. Tfu! Iflos tafsilotlarni tushirib
qoldiraman. Bularning hammasini keyinroq o‘zi menga aytib bergan.
Uning ahvolini yil davomida qo‘shni semiz baqqol, oddiy emas, ikki
do‘koni bor baqqol obdan kuzatgan. U avvalgi ikki xotinini ura-ura o‘ldirib,
endi uchinchisining ilinjida edi. Iflos ko‘ngli shu qizni tusabdi:
“mo‘mingina, kambag‘allikda o‘sdi, yetimlarimning g‘amini yeb
uylanaman”... Chindan ham yetimchalari bor edi. Ellikni urib qo‘ygan bu
baqqol qizga sovchi qo‘yib, xolalari bilan til biriktira boshlagan. Qiz -
dahshatda! Xuddi shu vaqtda “Golos”ga e’lon berish maqsadida menga
yo‘liqqan. Xolalariga yalinib-yolvorib, o‘ylab ko‘rish uchun jichcha vaqt
berishni so‘radi. Jichcha vaqt berishdi, boshqa bir daqiqa ham
qo‘shishmadi. Quloq-miyasini yeb yuborishdi: “O‘zimizga yegulik narsa
yo‘q, tekintamoqlardan bezormiz...” Men bularni bilardim. O‘sha kuni
ertalab qiz kelib-ketgandan keyin bir qarorda to‘xtadim. Kechqurun
baqqol yarim so‘mlik shirinlik olib ularnikiga kirdi: qiz u bilan birga
o‘tirardi. Oshxonadan Lukeryani chaqirtirib, qizning qulog‘iga shipshit,
zarur gapim bor, darvoza oldida kutaman, dedim. Qilgan ishimdan ko‘nglim to‘ldi. Umuman o‘sha kuni o‘zimdan -o‘zim behad mamnun
edim.
Darvoza yonidayoq unga, Lukerya orqali chaqirtirganimdan hayratga
tushgan qizga maqsadimni tushuntirdim: uning rizoligi men uchun baxt
ekanini aytdim. Ikkinchidan: bu harakatimdan, darvoza yonida turgan
“hamma gapdan boxabar” odamning dangal taklif qilishidan hayron
bo‘lmasligini so‘radim. Aldamayotgan edim chindan ham dangalchi edim.
He, tupurdim! Men faqat tarbiya ko‘rgan odamning sipoligi bilan emas,
eng muhimi - yangicha ohangda gapirdim. Nima, buni tan olish gunohmi?
Men o‘zimni-o‘zim ayblamoqchiman, ayblayapman ham. Men barchasiga
pro va contra* aytishim kerak, aytaman ham. Men bu damni, keyinchalik
ham rohat bilan eslar edim, garchi tentaklik bo‘lsa ham, birinchidan,
aytarli iqtidorga ega emasligimni, hatto, xushfe’llikdan uzoqligimni, bir
chaqaga qimmat xudbin (Bu ibora aniq esimda: kela-kelguncha o‘ylab
topib, ko‘nglim xotirjam bo‘lgan edi), ekanimni va boshqa masalalarda
anchagina ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishim mumkinligini hech qanday
hijolatsiz, taraddudsiz, dangaliga aytdim. Bularning bari o‘zingizga ma’lum
alfozda – alohida bir mag‘rurlik bilan aytildi. Albatta, kamchiliklarimni
olijanoblik ila ma’lum qilgach, «bularning o‘rniga mana bu, mana bu
yaxshiliklar ham bor», deb fazilatlarimni bayon qilishga tushmadim –
bunga farosatim yetardi. U damda men uning nihoyatda qo‘rqayotganini
ko‘rib turardim. Ko‘rib-bilib turib, hech nimani yumshatmadim, aksincha,
battar kuchaytirdim: qorni to‘q bo‘lishini, xilma-xil liboslar, teatr
ziyofatlarga esa yo‘l yo‘qligi, oradan vaqt o‘tib maqsadimga erishgach,
balki bular ham amalga oshishi mumkinligini ochiq aytdim. Gaplarimdagi
qat’iy ohang meni o‘ziga maftun etardi. Shu ishga qo‘l urgan ekanman,
ya’ni garovchilikni bo‘ynimga olgan ekanman, bir maqsadim borligini, bir
sharoit majbur qilayotganini so‘z orasida qistirib o‘tdim. Shunday
deyishga haqqim bor edi: chindanam bir maqsad, ma’lum bir sharoit
tufayli edi bu yumushim. To‘xtang, janoblar, men umrim bo‘yi bu
yumushdan nafratlanganman, nafsilamrini aytganda, o‘z-o‘ziga sirli
iboralar bilan bayon qilish kulgili tuyulsa-da, «jamiyatdan o‘ch olishim» chin edi, chin edi, chin edi! Shu bois uning ertalabki «o‘ch olish»im
haqidagi qochirimi o‘rinsiz edi. Ya’ni, bilasizmi, agar men unga to‘g‘ridan￾to‘g‘ri «Ha, jamiyatdan o‘ch olyapman» desam, xaxolab yuborardi,
umuman bu javobim kulgili chiqardi. Boshqa yoqqa ishora qilib, sirli ibora
bilan tasavvurni o‘g‘irlash mumkin ekan. Undan tashqari, bu paytda men
hech nimadan qo‘rqmas edim: semiz baqqolga nisbatan o‘lsam o‘ligim
ortiqligini, darvoza oldiga xaloskor sifatida kelganimni yaxshi bilardim.
Buni tushunardim. O, qabihlikni odam a’lo darajada tushunadi! Bu
qabihlik edimi? Qanday hukm chiqarish kerak? Axir o‘sha paytdayoq uni
sevmas edimmi?
To‘xtang: himmat haqida shubhasiz yarim og‘iz ham gap aytmovdim:
aksincha, o, aksincha: «Marhamat nuriga siz emas, men yo‘g‘rilaman» -
o‘zimni tutolmay, bularni so‘z bilan ifodalagan edim, yuzining bir uchib
tushganiga qaraganda, gapim telbanamo chiqqan edi. Xullas kalom, uzil￾kesil g‘alaba qozondim. To‘xtang, bu iflosliklarni eslayotgan ekanman,
so‘nggi to‘ng‘izligimni ham yodga olay: men uning ro‘parasida turardim,
boshimda esa xayollar g‘uvillaydi: bo‘ying baland, kelishgan erkaksan,
odoblisan va nihoyat, maqtanishdan tashqari, bib-binoyisan. Kallam shu
gaplar bilan band edi. Lekin… lekin xo‘p deyishdan oldin, shu yerda,
darvoza yonida uzoq o‘yga tolganini unutmasligim kerak. Shu qadar ko‘p,
shu qadar ko‘p o‘yladiki, toqatim toq bo‘lib «Xo‘sh?» deb yuborishdan
o‘zimni tutolmadim. Shunchaki, «xo‘sh!» emas, kiborlarcha «Xo-osh, nima
deysiz?» deb so‘radim.
- Shoshirmang, o‘ylab olay...
Chehrasi shu qadar jiddiy edi-ki, o‘ylarini o‘qib olishim hech gap emasdi!
Ammo men unday qilmadim – ko‘nglim ranjidi: «Nahotki men bilan
baqqolni solishtirib, tanlasa», deb o‘yladim. O, men unda tushunmas
edim! Hech narsani, hech narsani tushunmasdim! Yodimda,
ketayotganimda Lukerya meni yo‘lda to‘xtatdi. «Oyimtillaga
uylanayotganingiz uchun xudo sizdan marhamatini ayamaydi, janob, faqat unga himmat qilayotganingizni ayta ko‘rmang, u judayam mag‘rur qiz»
dedi shosha-pisha.
Mag‘rur emish! O‘zim ham mag‘rurlarni yoqtiraman. Mag‘rurlik qachon
yarashadi?.. boshqalarga nisbatan qudratliroq ekaningni bilib turganing￾da to‘g‘rimi? O, pastkash, beso‘naqay odam! O, men qanday mamnun
edim. O‘sha darvoza yonida meni hayron qoldirib, uzoq o‘yga botib
turganda, xayoliga mana bu fikr kelishi mumkinmidi: «Hamonki baxtsizlik
u yerda ham, bu yerda ham bor ekan, eng yomonini tanlaganim ma’qul
emasmi? Semiz baqqolni tanlasam, mast holda tezroq urib o‘ldirib, meni
bu azoblardan birato‘la qutqargani durust emasmi!» Xo‘sh? Nima deb
o‘ylaysiz, shu fikr xayoliga kelishi mumkinmidi?
Ha, hozir ham tushunmayman, hech nimani tushunmayman. Hozirgina
ikki baxtsizlikdan eng yomonini, ya’ni baqqolni tanlashi haqidagi xayolga
borishi mumkinligini aytdim. O‘sha paytda u uchun yomonrog‘i kim edi –
menmi yo baqqol? Savdogarlarmi yo Gyotedan misol keltirib gapiradigan
garovchimi? Shu ham savolmish! Savolga balo bormi? Nimaga
tushunmaysan: javob stol ustida yotibdi-ku! Savoling nimasi? Tupurish
kerak menga! Hozirgi gap mutlaqo menda emas. Darvoqe, gap mendami,
mendamasmi, nima ahamiyati bor endi. Mana shuni fahmlab
ololmayapman. Undan ko‘ra uxlaganim ma’qul. Boshim og‘riyapti.