October 6, 2020

3-mavzu. Islom va yozuv (Arab yozuvi va musulmon kitobatchiligi an’analari, yil hisoblari, abjad)

Reja:

1. Islom va arab yozuvining turkiy xalqlar madaniyatidagi o‘rni.
2. Hijriy va qamariy yil hisoblari.
3. Abjad, ta’rix, muhr.

Yozuv-insoniyat tafakkuri yaratgan ma’naviy boyliklarni asrlardan asrlarga, avlodlardan avlodlarga yetkazuvchi bebaho vosita. U insonning eng oliy kashfiyotlaridan biri. Jahon tarixidan ma’lumki, yuksak ma’naviyat, boy madaniyatga ega har bir xalqning o‘z yozuvi bo‘lgan. Dunyo xalqlarining tillari kabi yozuvlari ham o‘ziga xos.
Afsuski, ijtimoiy-siyosiy sharoit,moddiy va ma’naviy vaziyat taqozosiga ko‘ra, ayrim xalqlarning yozuvi, hatto tili ham unutilib ketgan. Bunga urush va nizolar, keskin sur’atda olib borilgan siyosiy tazyiq va ta’qiblar ham sabab bo‘lgan. Iste’molda yo‘q til ham, yozuv ham shubhasizki, tanazzulga yuz tutadi. O‘rta Osiyoda qo‘llanilgan qadimiy bitiklar-ayrim xronika va tarixiy manbalardagina saqlanib qolgan xorazm, so‘g‘d(oromiy), o‘rxun- yenisey va uyg‘ur yozuvlarining tarixiy qismati ham shunday bo‘ldi. Ma’lumki, VII asrdan boshlab arab bosqinchilari O‘rta Osiyo va Kavkaz bo‘ylab katta harbiy yurish qildilar. Qonli muhorabalar natijasida bu ulkan hududning asosiy qismini bosib oldilar. Tez fursat ichida arablar o‘z tili, yozuvi va madaniyatini, urf- odatini mahalliy xalqlarga zo‘rlik bilan singdirishga kirishdilar. Shu tariqa bu o‘lkalarda arab alifbosi hukmron yozuv bo‘lib qoldi. Barcha rasm- rusmlar, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar arab yozuvi asosida rasmiylashtiriladigan bo‘ldi. Fan va madaniyat, adabiyot va san’at, o‘qish va o‘qitish ishlari ham arab yozuvi va tili negizida amalga oshirila boshladi.
Xo‘sh, arab yozuvi qaday yozuv? Uning qanday turlari bor?
Arab xatlarining turi ko‘p. Shulardan qadim zamonlardan beri ishlatilib kelinadiganlari, asosan, quyidagilardir: nasx, ko‘fiy, riqo’, shikasta, ta’liq, ma’qaliy, tavqe’, nasta’liq, suls va hokazo.
Bu yozuv turlarining har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ko‘fiy va suls xatlari boshqalariga qaraganda o‘qilishi va yozilishi jihatidan birmuncha murakkab. Bu xatlar ko‘pincha imoratlar, me’morchilik yodgorliklari peshtoqiga, qabr toshlariga yozilgan. Nasta’liq yozuvi bu turlar ichida oson o‘qilishi va chiroyli yozilishi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo va Kavkazda u rasmiy yozuv sifatida qabul qilingan. Yozma yodgorliklar shu yozuvda yaratilgan.
Nasta’liq- “nasx” hamda “ta’liq” xatlarining o‘zaro birikuvidan vujudga kelgan yozuv turidir. O‘rta Osiyo va Kavkaz xalqlari singari o‘zbek xalqining ham ming yillik ma’naviy merosi ana shu yozuvda bitilgan.
Mashhur shoir-u nosirlar, muarrix-u mutarjimlarimizdan: Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Bobur va Ogahiylardan tortib,
Hamza, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lponlarning eng yaxshi badiiyat durdonalarigacha, Beruniy, Juvayniy, Muhammad Narshahiy, Rashididdin Votvot, Nasaviy, Bayhaqiy singari muarrixlar yaratgan o‘lkamiz tarixiga oid mumtoz asarlarning barchasi arab yozuvida bitilgan. Bulardan tashqari, tibbiyot, riyoziyot,
handasa, kimyo, ilmi nujum, jug‘rofiya kabi fanlar tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar beruvchi manbalar ham ana shu yozuvda saqlanib qolgan.


Hijriy va qamariy yil hisoblari. Oy er atrofida aylanadi. Shuning uchun ham uning fazalari (bizga ko‘rinadigan pallalari) sathi goho kichik, goho katta bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Xalqimizda “uch kunlik oydek”, “to‘lin oydek” degan iboralar shundan. Har safar yangi oy ko‘ringanda “oy boshi bo‘libdi”, “yangi oy tug‘ibdi” deb qo‘yiladi. O‘tgan oy boshi bilan yangi oy boshi o‘rtasidagi muddat 29 sutka, 12 soat, 44 daqiqa, 3,8 soniyadan iborat. Demak, Oy hisobi bilan bir yil 354 kundir. Musulmon davlatlarining asosiy qismida ana shu oy hisobi vaqt o‘lchovi sifatida qabul qilingan va hijriy qamariy (ya’ni oy) yil hisobi deyiladi. Hijriy deyilishiga sabab, bu islom dini tarixi bilan bog‘liq. Muhammad payg‘ambarimiz Makkadan Madinaga hijrat qilgan 622-yil 16 iyul kunidan boshlab musulmon yil hisobi joriy etilgan. Musulmon yil hisobi xalifa Umar ibn al-Xattob tomonidan milodiy 638-yil, ya’ni tarixiy hijrat kunidan 16 yil o‘tib joriy etgan. Xristianlar esa milodiy yil hisobi bilan ish ko‘radilar. Bu ham din tarixi bilan bog‘liq. Xristian dinida yil hisobi sifatida Iso payg‘ambarning tug‘ilgan kuni , to‘g‘rirog‘i, tug‘ilganidan keyin 7 kun o‘tib, huqna qilingan kuni asos qilib olingan. Xristianlar erning quyosh atrofida aylanish sikli bo‘yicha o‘z yil hisoblarini yaratishgan. Er quyosh atrofini 365 kunu 6 soat ichida bir marta aylanib chiqadi. Shu bilan bog‘liq ravishda milodiy bir yil 365 kun, Kabisa yili esa 366 kunni tashkil etadi. Demak, hijriy qamariyning bir yili milodiy bir yildan 11 kun kam. Shu tufayli hijriy qamariy yil hisobi bilan bog‘liq bo‘lgan diniy marosimlar - ramazon,mavlud, haj safari, hayitlar ko‘chib yuradi. Ular har safar o‘tgan yildagiga ko‘ra 11 kun oldin keladi. Shu tariqa, har yili 11 kundan kamayib, milodiy yil hisobidan ortda qola boshlaydi. 32 yil mobaynida 363 kun ortda qoladi. Bu esa milodiy yil hisobi bilan deyarli bir yilga teng. Nari-berisi bilan milodiy 32 yil davomida hijriy qamariy yil 33 yil ortda qolishi ilmda qabul qilingan. Hijriy qamariy yil hisobidan boshqa hijriy shamsiy yil hisobi ham bor. Bu islom davlatlari bo‘lgan Eron va Afg‘onistonda amal qiladi. Turkiyada ham ilgari shu yil hisobi bilan ish ko‘rilgan. U milodiy yildan faqat yil boshi bilan farq qiladi. Hijriy shamsiyni milodiy yilga aylantirish juda oson. Istalgan hijriy shamsiyga 621 raqamini qo‘shsangiz, milodiy yil hosil bo‘ladi. Yoki, aksincha, milodiyni hijriy shamsiyga o‘tkazish uchun istalgan milodiy yildan 621 raqamini olsangiz kifoya. Hijriy shamsiy 21 martdan boshlanadi.

Hijriydan milodiyni topish usuli. Buning uchun hijriy yilni 33ga bo‘lish kerak. Hosil bo‘lgan sonni hijriy yildan chiqarib, qolgan songa 621 ni qo‘shish lozim. Buning formulasi quyidagicha:
H - (H:33)+621=M
876:33=26
876-26=850
850+621=1471.
Milodiyni hijriyga aylantirish usuli:

(M-621):33+ (M-621)
Yilni aniq belgilashda hijriy yil oylarini bilish juda muhim. Ma’lumki hijriy yil oylari bahorda boshlangani uchun milodiy yilga aylantirganda chalkashliklar chiqarishi mumkin. Masalan, yuqoridagi ta’rix moddasiga ko‘ra 1471 yil chiqib turgan bo‘lsa-da, qit’ada aytilgan sha’bon oyi milodiy yilning qaysi pallasiga to‘g‘ri kelishini aniqlash kerak. Buning uchun hijriy oylari tartibini bilish kerak bo‘ladi.
Hijriy yil oylari tartibi. Hijriy yil hisobiga ko‘ra bir oy taxminan 29,5 sutkaga teng. Lekin qulay bo‘lishi uchun bir oy 30 kun deb, ikkinchi oy 29 kun deb qabul qilingan.Shu tartibda islomda 6 oy 30 kundan, keyingi oy 29 kundan qilib taqsimlangan. Bu quyidagilardir:
Muharram
Safar
Rabi ul-avval
Rabi us-soni
Jumod ul-avval
Jumod ul-oxir
Rajab
Sha’bon
Ramazon
Shavvol
Zulqa’da
Zulhijja

Sharq badiiyatida harflarga chuqur ma’no bag‘ishlash, ular vositasida badiiy tasvirni kuchaytirish poetik san’atlardan hisoblanadi