“NAJOT TA’LIMDA, NAJOT TARBIYADA, NAJOT ILMDA”
2025 yilning 29 aprel kuni Nemis filologiyasi kafedrasida “NAJOT TA’LIMDA, NAJOT TARBIYADA, NAJOT ILMDA”mavzusida “Ma’rifat soati” tashkil etildi.
“Ma’rifat soati” dastlab Nemis filologiyasi kafedrasi mudiri Y.B.Ro’ziyevning kirish so’zi bilan boshlandi va mazkur mavzu bo’yicha kafedra o’qituvchisi D.P. Abdulxayrovning ma’ruzasi tinglandi: “Inson qalbi, ong-u tafakkuriga nisbatan xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda navqiron avlodimiz, jondek aziz farzandlarimiz hayotiga, ularning ta’lim-tarbiyasiga bir lahza ham loqayd qarashga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad yo‘lida dadil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimi oldidagi mislsiz vazifalar ham bu bordagi maqsadlarimizni yanada teranlashtiradi.
Chunki biz intilayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun, avvalo, yuksak professional kadrlar – o‘z ishining chinakam ustalari, har qanday sharoitda ham el-yurtimizga sadoqatli va jonkuyar insonlar kerak. Bugun ushbu masala mamlakatimiz taqdiri va kelajagini, barchamizning hayot-mamotimizni belgilaydigan eng mas’uliyatli va sharafli ishga aylanmoqda. «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy lafzida yangragan bu purma’no so‘zning mohiyati keyingi yillarda yurtimizda «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan katta ishlar ko‘lami qadar keng quloch yoymoqda. Borliqqa ko‘zlarida hayrat va har bir nuqtaga savol nigohi bilan boqqan farzandlarimiz ilk saboqni maktabda oladi. Ularning alifbodan har harfni o‘zlashtirgani sayin ong-u tafakkuri o‘sib, ilm ummoni sari yo‘li oydinlashib boradi. Bunda o‘quvchining ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, ota-ona va o‘qituvchining o‘zaro hammaslakligi, jonkuyarligi hamda mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu jarayonlarni o‘qituvchining salohiyati, ta’lim muassasasidagi shart-sharoit, talablar ham bevosita to‘ldiradi. Shu o‘rinda so‘nggi yillarda yurtimizda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etilgani, 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklangani, ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Is’hoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilishi ham har jihatdan sifatli ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar beradi, albatta.
Zamon bilan hamnafas ta’lim va uning huquqiy asoslari
Keyingi yillarda mamlakatimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim huquqiy asoslar yaratildi. Xususan, Prezidentimizning «2022–2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni va «Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslarini mustahkamlash barobarida, amalga oshirilayotgan yangilanishlarga dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Ushbu rivojlantirish dasturida zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish, bola ta’lim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning rolini oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning xalq ta’limi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallashtirish, sohada elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy modellar bo‘yicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash singari yurtimizda maktab ta’limini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan. Ayniqsa, yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining yaratilishi ta’lim tizimida yangicha ruh, mazmun va muhit paydo qilayotgani hech birimizga sir emas. So‘nggi yillarda oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirishga e’tibor qaratildi, oliy ta’lim muassasalarimizning xalqaro reytinglarda nufuzini oshirishga erishildi, nodavlat OTMlar soni ko‘paytirildi, talabalar uchun turarjoy muammosini hal qilishda ham maqsadli vazifalarni bajarishga e’tibor berilmoqda. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar va ularning ota-onasiga ta’lim kreditini to‘lashda imtiyoz berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mana shu o‘zgarishlar qatorida imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ishsiz yoshlarimizni kasb-hunarga o‘qitish ham e’tibordan chetda qolmayapti. Bu bejiz emas. Boisi, biz ma’rifat yo‘lini tanladik, faqat ma’rifat va ilm-fangina jamiyatni taraqqiyotga yetaklovchi kuch ekanini yaxshi anglab yetdik. Zero, inson ongli yashay boshlaganidan buyon ta’lim va tarbiya masalasi dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.
«Ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir»
Yurtboshimiz tomonidan aytilgan ushbu ta’kidning amaliy ifodasi so‘nggi yillarda ta’lim sohasini yanada isloh qilish, ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlash borasidagi aniq raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Xususan, hozirda O‘zbekistonda 3 mln nafarga yaqin 3–7 yoshli bola bor. Ularni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizni tashkil qilmoqda. Mamlakatda bu ko‘rsatkichni 2026-yilgacha 80 foizga, 2030-yilga borib, 100 foizga yetkazish reja qilingan. Yana bir hayotiy misol. Bundan besh yil muqaddam oliy ta’lim muassasalari soni 78 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 213 tani tashkil etmoqda. Iqtisodiy o‘sish foni sekinlashayotgan va g‘oyat murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramasdan, 2023-yil uchun ishlab chiqilgan davlat byudjeti jami xarajatlarining 22,6 foizi, ya’ni, 58,4 trln so‘m mablag‘ ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgani rivojlanishimizning asosi, tayanchi, poydevori ta’lim va ilmda ekani yanada ayonlashadi. Zotan, bugun mana shunday e’tiborga munosib oltin avlod ulg‘aymoqda.
E’tiborga yarashgan natijalar...
Yurtimizning iste’dodli yoshlari nufuzli xalqaro fan olimpiadalari, tanlov va musobaqalarda mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilishmoqda. Bu joriy yilda Buyuk Britaniyada dunyoning 110 ta mamlakatidan 600 dan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etgan 65-Xalqaro matematika olimpiadasida Elbek Zohidjonov (kumush), To‘lqin Jaylovov (kumush), shuningdek, 87 ta davlatdan 340 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar safida 56-Xalqaro kimyo olimpiadasida Daler Rahimov (oltin), Ahror Bahodirov (kumush), Saida Abdullayeva (kumush) erishgan olamshumul muvaffaqiyatlarda, ayniqsa, Rayyona Ibrohimova Germaniyaning Gyottingen shahrida bo‘lib o‘tgan nemis tili bo‘yicha jahon olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgani misolida yaqqol ko‘rinadi.
Yosh bo‘lishiga qaramay, «aql gimnastikasi», ya’ni shaxmatda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarovlarning dunyoning kuchli shatranj qirollari bilan munosib tarzda dona surayotgani, To‘marisga xos shijoati bilan Olimpia cho‘qqisini zabt etib, xorij matbuotiga fikrini o‘zga tilda xuddi ona tilidek sodda va ravon ifodalab berayotgan mahoratli dzyudochimiz «Parij–2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova timsolida ham yurtimizda nafaqat ilm-ma’rifatga, balki sportga qaratilayotgan e’tiborning yorqin natijalarini ko‘ramiz, albatta.
Har bir ota-onaning qalbidagi eng oliy maqsadi aziz farzandining ta’lim-tarbiyasi hamda uning nurli istiqbolidir. Quvonarlisi, yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz, farzandlarimizning taqdiri va kelajagi uchun barcha imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Bunga «labbay», deya javob qaytara oladigan iste’dodli avlod shaxdam qadam tashlamoqda. Ularning yuragida yongan ilm-ma’rifat quyoshi, ezgu va oliy muddaolari zakiy bobolarning «Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot ilmda», deya bildirgan har harfi zar hikmati bilan yanada yorug‘, charog‘on.
Davra suhbati qizg’in munozarali tarzda olib borildi. Kafedra professor-o’qituvchilari mavzu bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi.