“ERTA TURMUSH QURISH VA UNING SALBIY OQIBATLARI ”
2025 yilning 22 aprel kuni Nemis filologiyasi kafedrasida “ERTA TURMUSH QURISH VA UNING SALBIY OQIBATLARI”mavzusida “Ma’rifat soati” tashkil etildi.
“Ma’rifat soati” dastlab Nemis filologiyasi kafedrasi mudiri Y.B.Ro’ziyevning kirish so’zi bilan boshlandi va mazkur mavzu bo’yicha kafedra o’qituvchisi D.A. Tangriyevaning ma’ruzasi tinglandi: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”. Bu esa oila hamda jamiyatning farovonligini belgilaydi. O‘z navbatida oila farovonligi davlat farovonligiga, oiladagi sog‘lom muhit sog‘lom jamiyat barpo bo‘lishiga olib keladi. Har bir oilaning taqdiri jamiyat taqdiriga bevosita dahldor ekan. Bir masala borki, bu haqda jiddiy o‘ylash, mulohaza qilish zarur. Bu oila tuzishdir. Voyaga yetgan qizlarni turmushga uzatib, o‘g‘illarni uylantirib, nevara-chevarali bo‘lish har bir ota-onaning ezgu maqsadidir.
Xalqimizning an’anaviy va hayotiy muhim tadbiri bo‘lmish nikoh bizda ko‘proq ota-onaning keksalarning aralashuvi bilan amalga oshiriladi. Shu sababmi hayotimizda qarindoshlar o‘rtasida quda-andachilik rishtalarini bog‘lash, qizlarni erta turmushga uzatish, yigitlarimizni erta uylantirish kabi achinarli holatlar hamon uchrab turibdi. Oila qurishdan asosiy maqsad farzand ko‘rish o‘zidan nasl qoldirish emasmi. Afsuski, buni anglab yetsalarda, begonani kelin qilishni xohlamaydigan, qizini o‘z urug‘iga berishni afzal ko‘radigan ota-onalar ham uchrab turibdi. Nahotki, mayib, majruh farzandini shifokorma-shifokor, shaharma-shahar olib borib, naf topolmay taqdirga tan berayotgan ota-onalarning qismati ularga o‘rnak bo‘lmasa. To‘g‘ri, hozirgi zamon tibbiyoti va uning imkoniyatlari katta. Lekin irsiy buzilishlar oqibatida nuqsonli tug‘ilgan bolalarga har qanday ilg‘or davolash usuli, eng samarali dori darmon, mashhur shifokor ham yordam bera olmaydi. Yaqin qarindoshlikdan dunyoga kelgan bolalarda yashirin nuqsonlar saqlanib qoladi. Bu esa yillar o‘tishi bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bular kasalliklarga beriluvchanlik, muhitga chidamsizlik, iqtidorning yaxshi rivojlanmasligi kabi salbiy omillar farzandning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishga to‘sqinlik qiladi.
Reproduktiv salomatlik deganda ayolning qachon va qanday sharoitlarda ona bo‘lishini nazorat qilish, onaning ham, tug‘ilajak bolaning ham salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish tushuniladi.
16-18 yoshlarda ayol organizmi sog‘lom farzand ko‘rish uchun hali to‘la shakllanmagan bo‘ladi. Homilador bo‘lish, farzand dunyoga keltirish bilan bog‘liq jarayonlarda ona organizmi o‘zidan ko‘p miqdorda quvvat sarflaydi. Ko‘zi yorigan ayol organizmi o‘zini tiklab olishi uchun unga kamida 3-4 yil vaqt zarur bo‘ladi. Bu bir tomondan bolaning ona sutiga to‘yib o‘sishini ta’minlasa, ikkinchi tomondan ona navbatdagi homiladorlikdan saqlanadi. Ayollar salomatligini faqatgina homiladorlik davrida saqlabgina qolmay, balki o‘smir qizlarni ham yoshlik davridan sog‘-salomat o‘sishiga ota-ona katta e’tibor qaratishi zarur. Ayollar uchun farzand ko‘rishning eng qulay davri 20-30 yosh oralig‘i hisoblanadi. Agar homilador 20 yoshdan kichik bo‘lsa, unda 30 foizgacha homilaning yaxshi rivojlanmasligi, chaqaloq vazni kichik bo‘lishi, tug‘ilgan farzand o‘limi holatlarining ikki baravarga oshishi, yosh onalar orasida onalarning o‘limi holati uch baravarga oshishi kuzatiladi. Ko‘rinib turibdiki, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari ko‘p. Bunda birinchi navbatda onaning salomatligi muhim rol o‘ynaydi. Sababi, sog‘lom ona sog‘lom farzandni dunyoga keltiradi.
Qizlarimizni erta turmushga uzatib, yigitlarimizni erta uylantirish oqibatida yoshlarni hayotning so‘qmoqlarida qiynalib qolishlari, yosh yigitlarning oilani boshqara olmasliklari, qizlarimizning bolaliklariga borib, o‘zga xonadon sir-asrorlarini anglashga qiynalib qolishi, bir-birlarini tushunmasliklari natijasida oilalarning barbod bo‘lishiga, nuqsonli farzandlar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.
Erta ona bo‘lish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Chunki 15-16 yosh hali o‘smirlik davri sanalib, bu vaqtda qizlar ruhan hamda jismonan to‘liq rivojlanmagan, shaxs sifatida to‘liq shakllanmaganligi tufayli organizm homiladorlik, tug‘ruq va sog‘lom farzandni dunyoga keltirishiga to‘laligicha yetilmagan bo‘ladi. Natijada erta farzand ko‘rish yosh ona va undan tug‘ilajak bola salomatligiga ham ma’lum darajada havf tug‘diradi. Homila tushish havfi, homiladorlikning og‘ir kechishi, tug‘ruq faoliyatini sustlashishi, homilaning nimjon rivojlanishi, turli tizim va a’zolar shakllanishida kamchilik va nuqsonlarning uchrab turishi, erta va nisbatan kam vaznda tug‘ilish ko‘proq ularda uchraydi .Ona va bola o‘limi ko‘rsatkichi ham boshqa yoshdagilarga nisbatan erta turmush qurgan ayollarda ko‘proq kuzatiladi. Oila mustahkamligi yoshlarning bilim va madaniyatiga ham bog‘liq. Shuning uchun oilada tibbiy madaniyatni oshirish, erta hamda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni oldini olish bo‘yicha tashkiliy, ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirmoq lozim. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz bot-bot ta’kidlaydigan bir naql bor: “Imorat mustahkam bo‘lishini istasang, poydevorini pishiq sol!”. Darhaqiqat, bizning asosiy maqsadimiz-mustahkam oilalar barpo etish va yetuk farzandlar tarbiyalash. Shunday ekan, oila deb atalmish qo‘rg‘onning bo‘lajak bunyodkorlari – yigit-qizlarimizning unga har jihatdan tayyor bo‘lishlari lozimligini unutmaylik. O‘z farzandining ertasini mustahkam oilada ko‘rishni istagan, uning baxtu-saodati uchun ma’suliyatni chuqur his qilgan ota-ona bulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib ish yuritishlari kerak.
Yurtimizda mustaqillik yillarida onalar va bolalar salomatligiga berilayotgan e’tibor aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda. Chunki, sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga kelishi ayni haqiqat. Zero, ayol jamiyat ko‘rkidir.
Davra suhbati qizg’in munozarali tarzda olib borildi. Kafedra professor-o’qituvchilari mavzu bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi.