Nemis filologiyasi bo`limi talabalari ishtirokida "Odam savdosi-asr vabosi" mavzusida Davra suhbati tashkil qilindi
Joriy yilning 14-aprel sanasida BuxDU Xorijiy tillar fakulteti Nemis filologiyasi bo`limi 11-1Nem-21 guruhi ishtirokida guruh rahbari D.A.Tangriyeva ishtirokida tashkillashtirilgan navbatdagi Davra suhbati "Odam savdosi" mavzusiga bag`ishlandi.
Bugungi kunda asr muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajadagi inson huquq va erkinlarini ta’minlashdagi asosiy masalalardan biridir. Achinarlisi, ushbu illatni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Mazkur jinoyatning rivojlanishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri fuqarolarning xorijga borish va mehnat qilishning tartib-qoidalari xususida yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘lmasligi hamda firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolishidadir.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda ham odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish borasida ulkan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi hamda 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonunga ko‘ra, odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishni anglatadi.