Nemis filologiyasi kafedrasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida “Ma’rifat soati” tashkil etildi
2025 yilning 26 avgust kuni Nemis filologiyasi kafedrasida O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida “Ma’rifat soati” tashkil etildi.
Mazkur masala yuzasidan kafedra mudiri Y.B.Ro’ziyevning ma’ruzasi tinglandi: Jonajon O‘zbekistonimizning o‘z milliy mustaqilligiga erishganiga ham 34 yil to‘lmoqda. Bu – tarixan juda qisqa davr. Ammo erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar nuqtai nazaridan qaralsa, bu davrni, so‘zsiz ming yillarga tatigulik tarixiy bosqich, deyishga haqqimiz bor.
Haqiqatdan ham, ko‘hna tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zbek xalqi haqli ravishda faxrlanishi, iftixor qilishga arziydigan yaratuvchilik ishlarini bajargan, jahon hamjamiyati, ilg‘or fikrli olimu mutafakkirlar, ma’rifatli dunyo allomalari tomonidan har doim e’tirof etib kelingan. Uch ming yillik boy tariximizda o‘zbek xalqi har doim yaratuvchanligi, bunyodkorligi, ilm-fanga asoslangan faoliyati bilan barchani hayratga solib kelgan. Shuningdek, jahon ayvonida ikki marta Renessans, buyuk Uyg‘onish davriga asos solganlar ham bizning bobokalonlarimiz bo‘ladi.
Ayni paytda yurtimizning yer osti va yer usti boyliklarini o‘zlashtirish, mehnatkash, yaratuvchanlik salohiyatiga ega bo‘lgan xalqimizni qul qilib, uning mehnatidan foydalanish har doim ham uzoq va yaqin bosqinchilarning asl maqsadi bo‘lgan. Uch ming yillik ko‘hna tarix davomida 860 yil xalqimiz turli davlatlar mustamlakachiligi ostida yashaganini ham shu ma’noda tushunish mumkin.
Biroq, xalqimiz eng og‘ir davrlarda ham o‘z milliy o‘zligini, g‘ururini yo‘qotmadi, yaratuvchanlik, yirik kashfiyotlar qilish, jahon tamadduniga o‘zining munosib hissasini qo‘shishdan iborat jahoniy missiyasidan to‘xtamadi. Ana shu yuksak maqsadlar bugun, Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessansni barpo etishga ahd qilgan xalqimizni yangi marralar sari ilhomlantirmoqda.
Bugun jahonda jiddiy globallashuv jaryonlari yuz berayotgan, turli g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlar avj olayotgan, qator davlatlarning o‘z milliy manfaatlarini amalga oshirish maqsadida barcha vositalardan foydalanishga avj berishi sharoitda xalqimizda yuksak Vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, milliy birlikni mustahkamlashdan ham muhimroq vazifa yo‘q.
Bu masalalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 10 iyul kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida ham alohida e’tibor berilgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”, degan bosh g‘oya asosida amalga oshiriladi. Xalqimiz asriy orzusi ushalgan Mustaqillik sanasi eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida keng nishonlanishi bejiz emas. Darhaqiqat, tarixan qisqa davr ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti tez sur’atlar bilan rivojlanib, kuch-qudrati va salohiyati har tomonlama yuksalib borayotir. Bu avvalo, yurtimizda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar natijasidir.