March 18

Nemis filologiyasi kafedrasida "Xush kelding, Navro`z" mavzusida ma`rifat soati tashkil qilindi

Joriy yilning 18-mart sanasida Nemis filologiyasi kafedrasida "Xush kelding, Navro`z" mavzusida ma`rifat soati tashkil qilindi. Ma`rifat soatida kafedra mudiri Y.B. Ro`ziyev nutq so`zlab, kafedra a`zolarini bayram bilan tabrikladi:

"Shukuhli kunlarda yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Serquyosh diyorimizning barcha joylarida bo‘lganidek oliygohimiz- BuxDUda ham Navro‘z bayrami katta tantanalar bilan kutib olinmoqda. Atrofda ajib manzaralar barq urib, tabiat uyg‘onmoqda. Bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik yugurmoqda. Yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Tun bilan kun tenglashadigan kunda nishonlanadigan, xalqimiz uchun sharqona yangi yil — Navro‘z ayyomi munosabati bilan xodimlarini samimiy muborakbod etaman.
Shu kunlarda mahalla-ko‘y doshqozonlar atrofida jamuljam bo‘lib, ayollarimiz, momolarimiz ezgu niyat, zavq va xursandchilik bilan insonga kuch-quvvat beradigan sumalak va halim, ko‘k somsa va go‘ja kabi tansiq taomlarni tayyorlashib, ularni oilasi va do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishayapti.
Bayram munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida obodonchilik hamda bunyodkorlik ishlari keng quloch yozib, shaharu qishloqlarimiz yanada chiroy ochmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlarda Navro‘zning betakror fazilatlari e’tirof etilayotir.
Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan qutlayman. Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘ri kenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otadigan haqiqiy sharqona bayram bo‘lib qolaveradi. Barchalaringizga sihat-salomatlik, xotirjamlik, oilaviy baxt-saodat tilayman".

Bundan tashqari, azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan bu kabi bayramlarning mamlakatimizda keng nishonlanishi elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik va millatlaro ahillik hukm surishiga xizmat qilishi haqida kafedra dotsenti D.H.Karimova alohida ta`kidladi.