March 25

Nemis filologiyasi kafedrasida "Bola- aziz, tarbiyasi undan aziz" mavzusida ma`rifat soati tashkil qilindi

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda farzandlarimizni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mantiqan bir-birini to‘ldiruvchi “Oila yili”, “Sog‘lom avlod yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili” va “Sog‘lom bola yili”da amalga oshirilgan barcha ishlar hamda yoshlar tarbiyasi va ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil davlat siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Shu ma’noda muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”, deb aytgan so‘zlari farzandlarimiz jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini ekanligini isbotlaydi.

Yana, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Bugungi kunda oddiy haqiqat barchamiz uchun ayon bo‘lishi kerak: Oldimizda turgan eng ulug‘ maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatida qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan bolalarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir”. Haqiqatan ham bola tarbiyasi hayotiy zarur masaladir. Har bir oiladagi tarbiya bolaning go‘dakligidanoq boshlanadi, bola hayotining ko‘p qismini oilada o‘tkazadi.
Umuman, har qanday oilaning mustahkamligi, oilaviy tarbiyaning ta’sirchanligi va samaradorligi ko‘p jihatdan oilada qaror topgan o‘zaro munosabatlarga, ularning ma’naviy-axloqiy iqlimiga bog‘liq.

Sharq mutafakkirlari ham bolaning oiladagi tarbiyasi xususida o‘z asarlarida juda ko‘p to‘xtalib o‘tganlar. Jumladan, buyuk alloma va mutafakkir Abu Ali ibn Sino o‘zining “Donishnoma” asarida bola tarbiyasi uchun avvalo ota-ona mas’ulligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga alloma o‘z asarida ota-onaning ilmli, fozil va dunyoqarashlari keng bo‘lishliklarini alohida uqtirib, farzand tarbiyasidan mas’uliyatliroq ish yo‘qligini ochib beradi.

Abu Ali ibn Sino yosh bolani yaxshi ahloqli, jismonan sog‘lom qilib kamol toptirishda shaxsiy namuna bo‘lish usulini ko‘p uqtiradi: “Bola tarbiyasida eng avvalo oila hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, xatto, eng oddiy bo‘lib ko‘rinadigan oilaviy munosabatlar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlik va shirin suhan bo‘lish bola kamolotidagi muhim hayotiy vositalardan biridir.”

Ulug‘ mutafakkir Kaykovus ham o‘zining “Qobusnoma” nomli asarida farzandni aql egasi bo‘lishni hamma narsadan ulug‘ deb bilib, shunday nasihat qilgan edi: “Agar molsizlikdan qashshoq bo‘lsang, aqldan boy bo‘lmoqqa xarakat qil, chunki mol ila boy bo‘lmoqdan, aql ila boy bo‘lmoq yaxshiroqdur. Aql ila mol jam etsa bo‘lur, ammo mol ila aql o‘rganib bo‘lmas. Bilki, aql bir qimmatbaho narsaki, uni o‘g‘ri ololmas, u o‘tda yonmas va suvda oqmas”.

Bola tarbiyasining eng muhim jihati, bu ota-onaning sabr-toqatli, xotirjamligi va hamjixatligidadir. Ammo oila notinch bo‘lsa, bola na bog‘chada, na maktabda va na tashqi hayotda o‘zini yurish-turishi-yu, idrokiga javob bera oladi. Bunday muhitda o‘sgan bolaning asabi toliqib, serjaxil bo‘lib qoladi va u voyaga yetgandan so‘ng o‘zboshimchalik bilan g‘ayritabiiy hamda g‘ariqonuniy ishlar qilishgacha borib yetadi.

Olimlarning fikriga ko‘ra ota-onalarning oiladagi mas’uliyatini quyidagicha belgilash mumkin:

– Bolaga sog‘lom turmush tarzi, ilk huquqiy, iqtisodiy bilimlarni berish, ahloq-odob meyorlariga va tibbiy-gigiyenik talablarga rioya qilishni uqtirib borish;

– Qiziqishlariga qarab bo‘sh vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatish;

– Sport bilan shug‘ullantirish, turli xarakatli o‘yinlar, mashqlar orqali bolani chiniqtirish, uni ekologik va estetik jihatdan tarbiyalash;

– Bolalarning jinsini, ya’ni o‘g‘il yoki qiz bolaligiga qarab tarbiyaga xos alohida xususiyatlariga e’tibor qaratish, suhbatlar tashkil etish;

– Dunyoviy va diniy bilimlarni egallashga jiddiy e’tibor berish hamda bolalardagi vatanparvarlik tuyg‘ularini o‘stirish maqsadga muvofiqdir.

Farzandni qanday bo‘lsa shundayligicha, ya’ni o‘zining alohida hususiyatlari, odatlari bilan qabul qilinishi bola shaxsining takrorlanmasligini, o‘ziga xosligini tushunish ota-onaga katta sabr va mas’uliyatni yuklaydi. Farzand ota-ona ongida ular istagandek mukammal shaxs bo‘lmasligi mumkin, lekin ularning dunyoqarashini rivojlantirish, kamchiliklarini, hissiyotlarini, har bir bolaning o‘ziga xosligini, tabiatan berilgan iqtidorini sezib tarbiyalash ota-onaga yuklanadigan vazifadir. Bunda oiladagi keksalarimiz, ya’ni buva va buvilarning ham farzand tarbiyasida katta hissasi bo‘ladi. Oiladagi bolaning rivojlanishida, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlanishida, atrofidagilarni hurmat qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish va birdamlikda harakat qilishga o‘rgatishda ularning o‘rni beqiyosdir. Ota-ona, buva-buvilar o‘z hayot faoliyatlarida uchratgan qiyinchiliklar, yo‘l qo‘ygan xatolarni to‘g‘ri talqin qilib farzandlarga tushuntirishlari va ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch, mehnatsevarlik hamda sabr toqat hissini shakllantiradilar. Ota-ona o‘z bolasini xato va kamchiliklarini yuziga solishdan, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatishdan qochishi kerak. Bu holat bolada kelajakka bo‘lgan ishonch va intilishlarni kuchayishini ta’minlaydi. Bolaga “Seni bugungi ishing yaxshi, ertaga bundan ham yaxshi bo‘ladi” – degan fikrni bildirib turish yaxshi natijalar beradi. Tarbiyaning bu yo‘li bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida ichki va tashqi kelishmovchiliklarni kamaytiradi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni ta’minlaydi.

Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquq-erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, eng asosiysi, barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgani samarali ijtimoiy himoya tizimini joriy etish hamda yoshlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq masala nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak beradi. Bu jarayonda ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari, umuman, keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi. Hammamizning oldimizda turgan muhim masala bu yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish. Chunki, yoshlar bizning kelajagimiz. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston yoshlar o‘rtasida turli xil illatlarni oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida salmoqli ishlarni amalga oshirilmoqda. Xususan, mustaqillik qo‘lga kiritilganidan 3 oy o‘tmasdan, ya’ni 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 2016 yilga kelib “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Bundan tashqari, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi, qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Shu bilan birga, yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni turli mafkuraviy tahdidlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, yoshlar bandligini ta’minlashga oid masalalar qamrab olingan. Masalan, internet klublar faoliyatini tartibga solish, ularning kechki soat 22.00 dan keyingi faoliyatini cheklash zarurati kabi masalalar shular jumlasidandir. Shu bois bu ishga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar faoliyati samaradorligi hamda mas’uliyatini yanada oshirish lozim.

Xulosa qilib aytganda yuqorida tilga olingan tarbiya shakllarini amalga oshirishning eng qulay yo‘li – avvalo ota-onalarning ma’naviy bilim saviyasini oshirish, ularda sog‘lom tafakkur va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu esa har bir ota-onaning o‘z farzandi oldidagi, el-yurt oldidagi burchini to‘g‘ri anglashni, insonning dunyoga kelishi va kamol topib rivojlanishiga oid qonuniyatlarni puxta bilishni, oilaviy munosabatlar doirasida milliy urf-odat va an’analarimizni eng nodirlarini turmushga singdirish orqali bolalarda milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni uyg‘otishni va ularni mustaqil fikrlaydigan kishilar qilib tarbiyalashni taqozo etadi. Shuningdek, joylarda yoshlarni sog‘lom va komil inson qilib o‘stirish va tarbiyalash, ularning sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishi uchun kutubxonalar tashkil etish borasida turli jamoat va davlat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari bilan hamkorlikda samarali ish olib borsak, har tomonlama bilimli, yuksak mana’viyatli yoshlarimiz yaqin va uzoq istiqbolda mamlakat va xalqimiz hayotining rivojlanishi uchun bor kuch-g‘ayrat va salohiyatini ayamaydi.