Konstitutsiya - huquq va erkinliklarimiz kafolati
Joriy yilning 10-dekabr sanasida Nemis filologiyasi kafedrasida ma`naviyat soati doirasidagi "Konstitutsiya- huquq va erkinliklarimiz kafolati" mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi.
Davra suhbatini kafedra dotsenti M.M.Maxmudova ochib berdi.
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi. Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi.
Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli nazarda tutildi.