Nemis filologiyasi bo`limida “Die Welt ist bunt” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi
2025-yil 18-aprel kuni Buxoro Davlat Universiteti Xorijiy tillar fakultetining 11-3nem-23 guruhida “Die Welt ist bunt” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi. Dars xorijiy til sifatida nemis tilini samarali o‘rgatishda didaktik o‘yinlardan foydalanish tajribasini namoyish etish maqsadida tashkil etildi. Nemis filologiyasi bo`limi 2-bosqich magistranti D.Narziyeva tomonidan tashkil qilingan ochiq darsga bo`lim professor-o‘qituvchilari va amaliyotchi talabalar taklif etildi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga til o‘rganishda o‘yin usullarining ahamiyati tushuntirildi. Interaktiv faoliyatlar orqali grammatik va leksik ko‘nikmalar mustahkamlandi. O‘yinlar asosida tuzilgan mashqlar orqali talabalar o‘zaro muloqotga kirishdilar, fikr almashdilar hamda guruhda ishlash malakalari rivojlantirildi. Xususan "Quiz", "Landkarte", "Projektarbeit" kabi didaktik o‘yinlardan foydalanildi. Har bir o‘yin oldindan tayyorlangan materiallar asosida olib borildi va aniq maqsadlar bilan bog‘landi. Darsning asosiy maqsadi – nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘yinlar orqali o‘rganish jarayonini samaraliroq qilish va talabalarni faol ishtirok etishga undashdan iborat edi. Ushbu maqsadga to‘liq erishildi. Talabalar darsda katta ishtiyoq bilan qatnashdilar va o‘z fikrlarini erkin ifoda etdilar. Darsdan so‘ng fikr-mulohazalar yig‘ildi va kuzatuvchilar tomonidan mashg‘ulot yuqori baholandi. Ko‘p hollarda o‘yinlar til o‘rganishga rag‘bat uyg‘otganini talabalar o‘zlari qayd etdilar. Shu tarzda, ochiq dars nafaqat talabalar, balki kuzatuvchi o‘qituvchilar uchun ham foydali tajriba sifatida qabul qilindi. Yangi metodik yondashuvlar amaliyotga tatbiq etildi va ijobiy natijalar ko‘zga tashlandi.