Tilga e`tibor- elga e`tibor
Odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘jizasidir. Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliydir. O‘zbek tilini shu Vatan tuprog‘ini bosayotgan, o‘zbekman deya faxr bilan yashayotgan har bir shaxs qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i lozim.
So‘nggi yillarda Prezidentimizning tashabbuslari bilan millat barhayotligining, davlat suverenitetining garovi bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish, uning imkoniyatlari va jozibadorligini xalqaro miqyosda ham targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Nemis filologiyasi bo`limi 4- bosqich talabalari ishtirokida “Tilga e’tibor – elga e’tibor” shiori ostida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan davra suhbati ham ayni shu masalalarga bag‘ishlandi.
Davra suhbatida 11-4Nem-21 guruh talabalari O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga o'ttiz besh yil to'lgani hamda shu qisqa vaqt ichida tilimizda juda katta o'zgarishlar, yuksalishlar ro'y berganligi haqida nutq so`zlashdi.
Hammamizga ma'lumki, dunyoda yetti mingga yaqin til bor, ammo shularning ikki yuztasigina davlat tili maqomiga ega. Ularning orasida o'zbek tilining borligi esa tilimizning naqadar buyukligi, jozibadorligi, jahon hamjamiyatida ham o'zining munosib o'rniga ega ekanligini anglatadi.
Ona tilini sevmagan, uning qadrini anglamagan inson yuragida el-u yurtga, Vataniga muhabbat ham bo'lmaydi. Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo'shsak, o'zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o'rnini va poydevorini shunchalik mustahkam qo'ygan bo'lamiz. Zero, “Har bir millatning dunyoda borlig'ini ko'rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotdir”, “Milliy tilni yo'qotmak, millatning ruhini yo'qotmakdur”.
Davra suhbatida Nemis filologiyasi bo`limi talabalari so`z mulki sultoni Alisher Navoiy qalamiga mansub "Qaro ko`zim" she`riy to`plamining nemis tiliga tarjimalaridan misralar aytdilar.