October 8

“Qatag’on qurbonlari – xalqimiz armonlari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi

2024 yilning 8 oktyabr kuni Nemis filologiyasi kafedrasida “Ma’naviyat kuni” tadbirlari doirasida “Qatag’on qurbonlari – xalqimiz armonlari” mavzuida davra suhbati tashkil etishdi.

Davra suhbatida kafedraning barcha professor-o’qituvchilari ishtirok etishdi va kafedra o’qituvchisi G.B.Haitovaning qatag’on qurbonlari haqidagi ma’ruzasi tinglandi: 1938-yilning 4-oktabrida jadid bobolarimiz – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonovlar qatl etildi. Eng achinarlisi, ularni o‘limga hukm qilish haqidagi hujjat qatldan bir kun o‘tib, 5-oktabrda rasmiylashtirib qo‘yilgan.Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida jami 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. O‘zbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha 10700 nafar kishi qamoqqa olingan. Shundan 3613 kishi qatl etilgan bo‘lsa, 7087 nafari sakkiz-o‘n yil muddatga qamoqqa tashlandi. 1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan. Ularning 13 000 nafari otib tashlangan, yana minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan. FITRAT (taxallusi; asl ism-sharifi Abdurauf Abdurahim o‘g‘li) (1886, Buxoro – 1938 yil 4 oktyabr, Toshkent) – mashhur yozuvchi, dramaturg, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos va san’atshunos olim, taniqli davlat va jamoat arbobi. Turkistondagi jadidchilik harakati va Yosh buxoroliklar partiyasining asoschilaridan biri. Birinchi o‘zbek professori (1926).

Buxoroda yirik savdogar oilasida tug‘ilgan. 1902-1909 yillarda haj safari munosabati bilan Turkiya, Hindiston, Arabiston mamlakatlarida, keyinchalik Markaziy Rossiyaning Moskva va Peterburg shaharlarida bo‘lgan. U Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil ko‘rgan, 1909-1913 yillarda Istanbulda yashagan va o‘qigan. U o‘sha paytda Usmonli turk sultonligida kuchaygan Yosh turklar harakati ta’sirida Turkiyadagi buxorolik yoshlar yordamida «Buxoro ta’limi maorif jamiyati»ni tuzadi. U o‘ziga «Fitrat» (bu so‘z arabcha bo‘lib, «yaratilish», «tabiat, tug‘ma tabiat» ma’nolarini anglatadi) taxallusini tanlaydi. Fitrat Buxoroga qaytgach, Yosh buxoroliklar firqasining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biriga aylanadi. 1915-17 yillarda u Yosh buxoroliklar harakatining so‘l qanotiga boshchilik qilgan. Buxoroda 1917 yil aprel voqealaridan keyin jadidlarning Buxoro amirligidagi ahvoli murakkablashgach, Fitrat Samarqandga ko‘chib borib, «Hurriyat» gazetasiga muharrirlik qilgan (1917-1918).

Davra suhbati qiziqarli munozara shaklida olib borildi va kafedra professor-o’qituvchilari mavzu bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi.