January 31, 2023

O’zbekistonda ta’limni isloh qilish muammolari va ularning iqtisodiy asoslari

Tengsizlik. Credits: open your eyes

O’zbekistonda 2020-yilda YIMning 20%i ta’lim sohasiga sarflangan. Umumiy tendensiyani kuzatadigan bo’lsak, ta’lim xarajatlarining YIMdagi ulushi qisqarib bormoqda[1].

O’zbekistonda ta’lim xarajatlarining YIMdagi ulushining o’zgarish dinamikasi (2011-2020-yillar)

O’zbekistondagi ta’lim muammolari sifatida quyidagilarni ko’rib chiqamiz va ularni hal etishining iqtisodiy yo’llarini topishga urinamiz.

Birinchi muammo. Iqtisodiy tengsizlikning ortishi ta’lim tizimida ochiq namoyon bo’lmoqda. Gap shundaki, butun dunyoda mulkiy tengsizlik jadal suratda kengaymoqda. Oqibatda, boyroq insonlarning farzandlari yaxshiroq ta’lim olish imkoniga ega bo’lgani holda, kam daromadli insonlar oddiy davlat maktablaridagi nisbatan sifatsiz ta’lim bilan kifoyalanmoqda. Inson kapitaliga sarmoya kiritish imkoniyatidagi tengsizliklar boy oilalarning kelgusida yanada boyishiga, kambag’alllarning esa yanada kambag’allashuviga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi fikrlarni aniq misollar bilan izohlashga harakat qilaman: Toshkent shahrida yashaydigan va oylik daromadi 30 mln so’m bo’lgan 3 kishilik oilaning (ota-ona va ikki farzand) farzandlarining yaxshiroq ta’lim olishi – xususiy maktabda ta’lim olishi yoki turli o’quv markazlari va pullik kurslarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlari kattaroq. Endi, xuddi shu shaharning boshqa tumanida oylik daromadi 4 mln so’m bo’lgan 3 kishilik oilani (bu holatda ham ota-ona va ikki farzand) tasavvur qiling. Ularning farzandlari bepul davlat maktablarida tahsil olishlari turgan gap.Undan tashqari,bu kabi oylik daromad bilan pullik kurslarga borish imkoniyati ham cheklangan bo’ladi. Shuningdek, inson kapitali faqatgina ta’lim bilan chegaralanmasdan, salomatlik, madaniy kapitalni ham o’z ichiga oladi. Bizning misolimizdagi birinchi oilaning farzandlari nisbatan sog’lomroq bo’lishlari ehtimoli katta. Negaki, ularning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yuqoriroq. Uzoq muddatli istiqbolda, bu farqlar ikki oila farzandlarining kelgusidagi daromadlariga sezilarli ta’sir qiladi. Boy oilalarning farzandlari kelgusida boyroq bo’lishining sabablaridan biri, ularning inson kapitaliga investitsiya kiritish imkoniyati yuqori bo’lganligi bilan izohlanadi. Bunday holatda , davlat har qanday o’quvchi uchun bir xil sifatda ta’lim berish imkoniyatini yarata olishi juda muhim. Nima uchun maktablarda xususiy ta’limdagi singari sifatli ta’lim berilmasligi sabablari haqida ikkinchi muammoda to’xtalamiz.

Ikkinchi muammo davlat ijtimoiy ne’mat sifatida “bepul” deb taklif etayotgan xalq ta’lim tizimi yetarli darajada (hech bo’lmaganda, xususiy o’yinchilar darajasida) sifatli etmasligida va siz bitta somsaga ikki marotaba pul to’layotganligingiz haqida. Avvalo , davlat xalq ta’limini barcha uchun bepul taqdim etadi va uni byudjet orqali moliyalashtiradi (ya’ni soliq to’lovchilar – ota-onalarning cho’ntaklaridagi pullar hisobiga). Bir qarashda, davlat maktablari hech qanaqasiga pullik emas. Biroq siz uni o’z soliqlaringiz hisobiga moliyalashtirasiz. Agarda sizning farzandingiz maktabda 11 yil ta’lim olib ingliz tilini o’rgana olmasa va siz qo’shimcha 10 mln so’m to’lab xususiy o’quv markazida farzandingizga ingliz tilidan ta’lim olishiga imkoniyat yaratib bersangiz siz farzandingizning ta’lim xarajatlari uchun (bu yerda faqat ingliz tilini o’rgnishi uchun) ikki marotaba pul to’layapsiz. Buni shunday tasvirlash mumkinki , siz shartli “Classic Watch” do’konidan $200ga soat sotib oldingiz va uni axlatga tashlab yuborib nargi do’kondan xuddi shu kabi soatni $300ga sotib olib qo’lingizga taqib oldingiz. Albatta, real hayotda bu kabi ahmoqlikni qilmaysiz. Lekin bizning ta’lim tizimimiz atrofidagi iqtisodiy muammolar xuddi shunday ko’rinishda. Bu muammoning ildizi, birinchidan biz xalq ta’limini bepul deb hisoblashimiz va repetitorlar, o’quv markazlariga pul to’lashga tayyorligimizda bo’lsa, ikkinchidan, maktablardagi ko’plab o’qituvchilarning sifatli dars o’tishlari uchun iqtisodiy rag’batlarning yaratilmaganligidadir. Agar siz maktabda matematikadan Garvard professoridek dars o’tsangiz ham yoki kimyodan Ergash Karimovdek[2] bilimga ega bo’lib dars o’tsangiz ham bu sizning cho’ntagingizga ta’sir qilmaydi. Albatta, malaka toifalari va boshqa bir qancha byurokratik usullar vositasida rag’batlantirish usullari mavjud biroq bularning barchasi real voqelikdan uzilgan va iqtisodiy rag’batlar yaratmaydi. Hech o’ylab ko’rganmisiz, nima uchun aksariyat xususiy ta’lim muassasalari o’qitvchilarining katta qismi nisbatan yaxshiroq malakaga ega. Bunday ta’lim muassasalar boshqaruvchilari faqat yaxshi kadrlarni ishga qabul qilishadimi yoki ular o’qituvchilar o’zlarining ustilarida ishlashlari uchun yaxshiroq sharoitlar yaratishganmi? Hamma gap shundaki, shartli “EduCentre” xususiy maktabi o’qituvchisining mehnati davlat maktabi o’qituvchidan farqli ravishda bozor tomonidan baholanadi. Agar, bu o’qituvchining xizmat sifati (dars berish imkoniyatlari) yomonlashsa uning mehnat narxi ham tushib ketadi, hatto ishsiz qolishi mumkin. Yoki aksincha, o’qituvchi yaxshiroq ta’lim berib, yuqori natjalarga erishsa bozorda bu o’qituvchiga talab ortib boradi. Talabning ortishi o’qituvchi mehnati narxining (to’g’ridan-to’g’ri daromadining) ortishiga olib keladi. Bu esa, “EduCentre” o’qituvchisiga hech qanday o’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosarining topshiriqlarisiz o’z ustida ishlashga rag’bat yaratadi. O’z navbatida bu o’qituvchiga (agar TOP o’qituvchi sifatida tanilsa) boshqa ta’lim maskanlaridan ish takliflari tusha boshlaydi. “EduCentre” esa tabiiyki yaxshi kadrni qo’ldan bermaslik uchun uning maoshini oshirishi, bonuslar berishi yoki mehnat sharoitlarini (darsxona va hkz) yaxshilab berishi mumkin. Buning ortidan nafaqat xodimlar balki ta’lim oluvchilar yutadi.

Yuqoridagi ikki muammoning yechimlari qanday bo’ladi? Bu mummolarning yechimi qanchalik noodatiy tuyilmasin, “bepul” ta’lim tizimi hech qachon bepul bo’lmasligini anglashimizda. Soliq to’lovchilar tomonidan xalq ta’limiga “tekin sovg’a” emas bozorda taklif etilayotgan xizmatdek munosabat shakllanishi zarur. “Davlat maktabida ta’lim sifati yomon, farzandimni qo’shimcha kursga beraman” deyish xató ekanligini anglashimiz zarur. Orzudagi O’zbekistonda abituriyentlarni imtihonlarga tayyorlaydigan o’quv markazlari bo’lmasligi kerak. Xususiy maktablar shunday tashkillashtirilshi kerakki , istalgan inson farzandini davlat maktabiga emas, xususiy maktabga berganligi uchun subsidiya olishi va xususiy maktab ota-onalar uchun davlat maktabi kabi “tekinga” tushishi kerak. Bu orqali xususiy maktablar va davlat maktablari raqobatiga erishish mumkin.Bu esa, biz yuqorida aytib o’tgan daromadlar tengsizligi inson kapitaligga investitsiyalarning tarqalishiga salbiy ta’sirini yumshatish imkoniyatini beradi. Soddaroq qilib aytganda , yuqoridagi 30 mln daromad qiladigan oila ham 4 mln daromad qiladigan oila ham bir xilda sifatli ta’lim olish imkoniga ega bo’ladi.


[1] https://www.macrotrends.net/countries/UZB/uzbekistan/education-spending

[2] “Suvni parchalash uchun grafinni otib yuborish kerak” iborasini eslang.